21:07 / 22.05.2019
4831
O‘zbekiston va Belarus harbiylari ekstremal sharoitlarda yashovchanlik imkoniyatlarini namoyish etdi

“G‘urumsaroy” dala-o‘quv maydonida “Jangovar hamdo‘stlik–2019” shiori ostida o‘tayotgan O‘zbekiston–Belarus maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilarining hamkorlikdagi maxsus taktik-o‘quv mashg‘ulotlariga tayyorgarlik davom etmoqda, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

21-22 may kunlari har ikki mamlakat harbiy xizmatchilari shartli dushman garovga olgan bir necha shaxslarni qutqarish hamda noqonuniy qurollangan to‘dalarning qurolli harakatlariga favqulodda barham berish maqsadida ularning qarorgohiga qo‘qqisdan hujum qilish operatsiyasini amalga oshirish bo‘yicha maxsus taktik-o‘quvlariga tayyorgarlik mashqlarini bajarishdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

“Maxsus taktik-o‘quv mashg‘ulotiga tayyorgarlik davomida shartli dushman o‘rnashgan hududga yorib kirish hamda ularni butkul tor-mor qilish uchun ikki mamlakat maxsus kuchlari bo‘linmalari harbiy xizmatchilariga qisqa muddat vaqt ajratiladi. Bunda ular, eng avvalo, hujum rejasi va o‘z pozitsiyalarini a'lo darajada ado etishlari lozim. Ayni damda kechayotgan tayyorgarlik mashg‘ulotlari har ikki mamlakat harbiylarining dastlabki ko‘nikmalarini shakllantirmoqda”, – deydi mayor Rasulxon Ahmedov.

Jangovar hamdo‘stlik harbiy xizmatchilari shartli dushman mudofaa chiziqlarini zirhli texnikalar orqali yorib kirish, guruhlarga bo‘lingan holda tezkor taktik harakatlar bilan qurolli to‘dalarning pistirmalarini bombardimon qilish, tepaliklardan arqon yordamida hujum guruhiga qanotlardan yordamga o‘tish mashg‘ulotlarida belgilangan vazifalarni o‘zlashtirishdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

“Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida o‘zbek–belarus harbiylari ekstremal sharoitlarda yashovchanlik mashg‘ulotlari bo‘yicha o‘zlarining amaliy ko‘nikmalarini namoyish etdi. Mehmon harbiylar Vatanimiz himoyachilari tomonidan yasalgan tuzoqlar, bir va bir necha kunlik boshpanalarni o‘zlashtirish barobarida, o‘z tajribalari bilan ham o‘rtoqlashishdi”, deyiladi xabarda.

Xabarda aytilishicha, ertaga, 23 may kuni mashg‘ulotlarning asosiy qismi bo‘lib o‘tadi. 

Top