16:22 / 22.05.2019
4229

Toshkentda Konteynerda tashuvlar ustidan nazorat Global dasturining oltinchi yillik mintaqalararo uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamda Jahon bojxona tashkilotining Konteynerda tashuvlar ustidan nazorat Global dasturining oltinchi yillik mintaqalararo uchrashuvi o‘z ishini boshladi.

Uchrashuvda Afg‘oniston, Gruziya, Ozarbayjon, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, Qirg‘iziston, Qozog‘istondan bojxona sohasining turli darajadagi rahbarlari va nufuzli ekspertlari ishtirok etmoqda.

Mazkur Global dasturi 2004 yildan ishga tushirilgan bo‘lib, unga a'zo davlatlarning tegishli dengiz va quruqlik portlarida huquqni himoya qilishning barqaror mexanizmlarini joriy etish orqali narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va noqonuniy faoliyatning boshqa shakllarini amalga oshirishda konteyner tashuvlaridan foydalanishning oldini olish hamda bir vaqtning o‘zida qonuniy savdoga ko‘maklashishni nazarda tutadi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Global dasturga ko‘ra, unga a'zo davlatlarda huquqni muhofaza qiluvchi turli idoralar vakillaridan iborat Port nazorati guruhlari tashkil etilgan. Ayni paytda dunyoning 56 ta mamlakati, shu jumladan Markaziy Osiyo davlatlari ushbu dastur ishtirokchilari hisoblanadi. Hozirda yana 6 ta mamlakat ushbu dasturga qo‘shilish yuzasidan o‘z qiziqishlarini bildirgan.

O‘zbekistonda mazkur loyiha “Markaziy Osiyo+Ozarbayjon” segmenti doirasida      2014 yildan beri amalga oshirilmoqda. Global dastur doirasida Davlat bojxona qo‘mitasining “Angren”, “Chuqursoy Texnik nazorat”, “Olot”, “Yallama” kabi bir qator bojxona postlarida Port nazorati guruhlari tashkil qilindi.

Mavzuga doir yana bir jihat shundaki, O‘zbekiston Respublikasida bojxona postlarini katta hajmdagi skaner qurilmalari bilan jihozlash ishlari uzluksiz ravishda va bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda.

Mazkur qurilmalar avtotransport vositalari yoki temir yo‘l vagonlarini ularning ichidagi yuklarni tushirmasdan turib, bir necha daqiqa ichida tekshirish va skanerlash imkonini beradi. 

Undan taraladigan rentgen nurlari ko‘magida 200 mm.gacha qalinlikdagi po‘lat ortidagi buyumlarni ham ko‘rish, natijada, konteyner ichidagi tovarlarning hujjatlarga mosligini tekshirish, kontrabanda predmetlari bor-yo‘qligini nazorat qilish mumkin.Bu esa o‘z navbatida bojxona ko‘rigi samaradorligini yanada oshirib, bojxona ko‘rigi uchun ketadigan vaqtning sezilarli darajada qisqarishiga xizmat qiladi.

Inspeksion-ko‘rik majmuasini samarali qo‘llash, konteynerlarni to‘laqonli bojxona ko‘rigidan o‘tkazish bojxona xodimlaridan zarur kasbiy malaka talab etadi. Shu maqsadda xalqaro dastur doirasida bojxona xodimlari ContainerCom axborot tarmog‘i orqali o‘quv kurslarida ishtirok etib, malaka oshirib kelmoqdalar.

Loyiha doirasida shu vaqtga qadar davlat bojxona xizmati organlari ishtirokida respublikamizda va xorijda 39 marotaba turli uchrashuvlar, shu jumladan, 13 marotaba treninglar tashkil qilindi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Nihoyat tadbirning kulminatsion nuqtasi. Tomonlar Mintaqalararo tarmoq tashkil qilish bo‘yicha o‘zaro anglashuv Memorandumini imzolashdi.

Mazkur memorandum konteynerda tashuvlar ustidan nazorat qilish sohasida milliy salohiyatni rivojlantirish uchun texnik yordam ko‘rsatishda, narkotik modalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda mintaqaviy va mintaqalararo hamkorlikni faol qo‘llab-quvvatlashda, mintaqaviy operatsiyalarni tashkil etish, o‘tkazish hamda yuqori xavfli tovarlar bo‘yicha o‘zaro axborot almashinuvida muhim rol o‘ynaydi.

Top