8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

17:36 / 23.05.2019 24883

«Gigantlar urushi»: Google Xitoydan o‘ch oldi (mi?)  

Foto: REUTERS / Dado Ruvic/Illustration

Amerika Qo‘shma Shtatlari Huawei va uning 70ta bo‘linmasini "milliy xavfsizlikka zid faoliyati" uchun “qora ro‘yxat”ga kiritib, Xitoy bilan savdo urushini yangi bosqichga olib chiqdi. Buning oqibatida, Amerikaning Broadcom Limited, Xilinx, Qualcomm va Intel kompaniyalari Xitoy korporatsiyasi bilan hamkorlikni to‘xtatdi.

Ammo eng shov-shuvli xabar sanksiyalarga Google ham qo‘shilganligi bo‘ldi. Huawei gadjetlarida Android yangilanmaydi, keyingi avlod smartfonlari esa Google xizmatlari Google Play, Google Chrome, Gmail, YouTube, xaritaga kira olmaydi.

Bu qadamning miqyosini anglash uchun joriy yil birinchi choragida jahon bo‘yicha sotilgan smartfonlar statistikasi bilan tanishish kifoya.

Dastlabki uch oyda Huawei bozorda ikkinchi o‘rinni saqlab qolish bilan birga, yetakchiga yaqinlashib ham oldi. Samsung — bozorning 23,1 foizini egallagan bo‘lsa, Xitoy korporatsiyasi o‘z ulushini 11,8dan 19 foizga yetkazdi. Apple ulushi ushbu davr ichida 15,7dan 11,7 foizga kamaydi.  

Ushbu vaziyatda Google bilan bog‘liq muammo Huawei uchun og‘ir zarba bo‘ladi. Yaqin kelajakda Xitoy smartfonlaridan ommaviy ravishda voz kechish va raqobatchi brendlarga o‘tib ketish kuzatilishi mumkin.

Bu yerda Huawei’ga zarba berish orqali nafaqat siyosiy vazifalarni hal qilayotgan, balki Amerika biznesini jiddiy qo‘llab-quvvatlayotgan Vashingtonning ixtirochiligiga tan berish kerak. Gap birinchi navbatda o‘z moliyaviy ko‘rsatkichlarini yaxshilashi, kelajakda esa jahon miqyosida ikkinchi o‘ringa qaytishi mumkin bo‘lgan Apple haqida bormoqda. 

Endi jahondagi eng ommalashgan operatsion tizimdan chetlatilgan Huawei qanday yo‘l tutishini kuzatish qoldi.  

Bu holat Google’ning Pekin bilan alohida munosabatlarini ham aks ettiradi, chunki Xitoyda ushbu internet-gigant deyarli ishlamaydi. Buning sababi esa Amerika korporatsiyasi Xitoy hukumati bilan kurashda mag‘lubiyatga uchraganidir.

Google Xitoy bozoriga 2000-yillar o‘rtalarida kirib kelgan. Bir necha yildan so‘ng kompaniya mahalliy qonunchilikka bo‘ysungan holda senzuralash orqali bo‘lsa ham mamlakat qidiruv bozorining uchdan bir qismini nazorat qila boshladi.  

2009 yilning ikkinchi yarmida Amerika kompaniyalariga, xususan, Yahoo, Morgan Stanley, Adobe Systems va boshqalarga qator kiberhujumlar uyushtirildi. Bu hujumlarda Xitoy hukumati va harbiylari bilan aloqador deyilgan xakerlar ayblandi.

Voqeadan jabr chekkan Google ham 2010 yilda Xitoy bozorida senzuralash siyosatini to‘xtatishini ma'lum qildi.

Pekin va Google orasida munosabatlarni oydinlashtirib olish davri boshlandi. Amerikaliklar hech xavfsiramasdan ochiq nizoga borishdi. Oxir-oqibat Xitoyda kompaniyaning asosiy mahsulot va servislari taqiqlandi, kompaniya bozorni namoyishkorona tark etdi.Chamasi, Google Pekin yalinib kelishiga qattiq ishongandi. Ammo aksi bo‘ldi. Buning ustiga, Huawei dunyoni zabt eta boshladi.  

Shu tarzda, Google’ning Huawei’ga qarshi harakatini nafaqat hukumat bosimi ostidagi majburiy chora, balki dunyodagi eng yirik internet bozorini tark etishga majbur qilgan Xitoy hukumatidan o‘ch olishga urinishi deb baholash mumkin.  

Teglar

Top