14:19 / 23.05.2019
12830

O‘zbekistondagi 4 744ta budjet tashkilotida moliyaviy xatoliklar aniqlandi

Foto: Pinterest

2019 yil 23 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan Mehnat va ijtimoiy masalalar hamda Fuqarolar sog‘ligini saqlash masalalari qo‘mitalari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan yig‘ilishda 2018 yil yakunlari hamda 2019 yil 1 chorak yakunlari bo‘yicha Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot qizg‘in muhokama qilindi.

2018 yil yakuniga ko‘ra, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 407,5 trln. so‘mni tashkil etgani holda 2017 yilga nisbatan 5,1 foizga o‘sgan. 

2018 yilda ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan 42,9 trillion so‘m yoki umumiy xarajatlarning 53,8 foizi miqdorida mablag‘ sarflangan bo‘lib, bu xarajatlar YaIMga nisbatan 10,5 foizni tashkil etgan. Ushbu xarajatlarning 91,5 foizi yoki 39 trillion 251,3 mlrd. so‘mi ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlari hissasiga to‘g‘ri kelgani deputatlar tomonidan e'tirof etildi.

Qo‘mitalar tomonidan sog‘liqni saqlash, ta'lim, ilm-fan, adabiyot, san'at va sport sohalarini rivojlantirish, aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, ijtimoiy himoyalash tizimini takomillashtirishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish budjet parametrlarida belgilangan yo‘nalishlar doirasida o‘z vaqtida amalga oshirilishiga erishilgani ta'kidlandi. Xususan, ijtimoiy xarajatlarning asosiy qismi (48,3 foizi) ta'lim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga yo‘naltirilgan bo‘lsa, madaniy meros obektlarini ta'mirlash-tiklash ishlariga 47,6 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. Natijada 73 ta madaniy meros obektlarida ta'mirlash-tiklash ishlari olib borilgan.

Davlat budjetidan ajratilgan 70 mlrd. so‘m, jumladan, futbolni rivojlantirishga 25 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani natijasida yoshlarni sport va ommaviy-jismoniy tarbiya tadbirlariga yanada kengroq jalb etishga, xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritishga, mamlakatimizda futbolning ommaviyligini ta'minlashga erishishda muhim omil bo‘lgani qayd etildi. Shuningdek, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xalqimizning turmush farovonligini oshirish xarajatlariga Davlat budjetidan 3 trillion 242,1 mlrd. so‘m miqdorda mablag‘lar sarflangan. Ayniqsa, yosh bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlash, kam daromadli oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, bolalikdan nogironligi bo‘lgan, pensiya tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan kariyalarga va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga ajratiladigan nafaqalarning o‘z vaqtida moliyalashtirilishi aholining turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Deputatlar tomonidan sog‘liqni saqlash sohasiga Davlat budjetidan ajratilgan 9 408,4 mlrd. so‘m mablag‘ning manzilli yo‘naltirilgani bois, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati kundan-kunga oshib borayotgani ta'kidlandi.

Budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarda budjet to‘g‘risida qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan davlat moliyaviy nazorat tadbirlari muntazam amalga oshirib kelinmoqda. O‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijalariga ko‘ra, 5 575 ta budjet tashkilotining 4 744 tasida 68 104,1 mln. so‘m miqdorida moliyaviy xatoliklar aniqlangan va budjet tashkilotlarining 201 nafar rahbar va mansabdor shaxslari 123,7 mln. so‘m miqdorida ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

Yig‘ilishda aniqlangan moliyaviy xatoliklar bilan aybdor shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rilishiga qaramay, hali-hanuz davom etayotgani va bunday holatlarga nisbatan qarshi keskin choralar ko‘rish lozimligi alohida ta'kidlandi.

Muhokamalar jarayonida davlat budjeti mablag‘larining sarflanishida yo‘l qo‘yilgan xato va noqonuniy o‘zlashtirish kabi nomaqbul ishlarga chek qo‘yish, davlat budjeti mablag‘larining to‘liq maqsadli sarflanishini ta'minlashga erishishga qaratilgan choralar ko‘rish lozimligi qayd etildi.

Mavzuga oid
Top