8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

17:55 / 23.05.2019 99661

«Xalqqa arzon go‘sht yetkazib beraman deb 1 milliarddan oshiq zarar ko‘rdim, ham jinoyatchi bo‘ldimmi?» Farg‘onalik fermer shikoyati

Kun.uz saytida aholiga arzon go‘sht sotish evaziga arzonlashtirilgan narxda yem-xashak olishga va'dalar berilgan fermerlar tushib qolgan holat haqida oldin ham tanqidiy maqola e'lon qilingandi. Bu safar aynan shu dardda yurgan boshqa bir fermer, qo‘qonlik Elmurod Ro‘ziqulovning hasratlariga quloq tutdik. Bu fermer ham viloyat hokimligining talabi bilan Farg‘ona bozorlarida aholiga arzon narxlarda go‘sht sotgan.

«Farg‘ona viloyatining Qo‘qon, Dang‘ara va Farg‘ona shaharlarida arzonlashtirilgan narxlarda jami 130 tonna go‘sht sotdik. Har bir kilogrammidan o‘rtacha 8 ming so‘mdan zarar ko‘rdik. Arzon narxlarda sotilgan har bir kilogramm go‘sht evaziga 10 kilogrammdan shrot va 10 kilogrammdan arzonlashtirilgan narxlarda sheluxa mahsulotlari berishni va'da qilishgandi. Hatto, bozorga mashinada yemlarni olib kelib to‘kib ham qo‘yishdi, “kim arzon narxda go‘sht sotsa, shu joyning o‘zida tortib beramiz” degandek go‘yo.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Biz aslida 51 gektar chorva yer sotib olganmiz. Keyin bizni yerni hokim olib qo‘yib, cho‘ldan yer berdi. Bizning yerlar esa paxta-g‘allaga o‘tkazildi. Keyin, maqbullashtirish chiqib, bu yerimizdan ham quruq qoldik. Paxta-g‘allaning rejalarini doim bajarib kelganmiz. Cho‘ldan berilgan yerda esa qanday qilib chorva ko‘paytiramiz, shunga hayronman. Arzon narxda yem va'da qilishgani uchun shu ishga kirishgan edik. Chorvaga yem yetishmagach, barcha qoramollarni sotib tugatdik. Bir kunda 2 tonna sut olardim. Germaniyadan olib kelingan naslli qoramollarim bor edi. Qassoblarga va ishchilarga oylik to‘lashning o‘zi bo‘lmagan. Har bir kilo go‘shtdan 8 ming so‘m, boshqa xarajatlar bilan 10 ming so‘mgacha zarar ko‘rdim. Jami 1 milliard 300 million so‘mgacha zararga kirdim. Farg‘ona viloyat hokimligining yig‘ilish bayoni tasdiqlangan. Har sotgan go‘shtim uchun dalolatnomalar mavjud. Va'da berganlar endi teskari qarashyapti.

Chorva mollarim qolmaganini aytsam, hokimlikdagilar «sheriklarimdan olib turib, ular bilan birgalashib ishlashim kerakligi»ni aytishmoqda. Sheriklarga, chorva oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchilarga iltimos qildim. «Kelinglar, xalq uchun ekan. Hozircha 26 ming so‘mdan olinadi. Yem chiqsa qolgani bo‘ladi», deb aytibman. Yem chiqmaganiga endi ular mening ustimdan yozishgan shekilli, prokuror, tergovchilar hozirda meni jinoyatchiga chiqarib qo‘yishgan. Lekin men hammasini dalillar bilan isbotlab bera olaman.

Men so‘raydiganim shuki, yoki o‘sha yemlarni berishsin yoki zararlarimni qoplashsin», deydi chorvador.

O‘z vaqtida yuzlab qoramollar boqilgan ushbu ferma hududi hozirda deyarli bo‘shab qolgan.

Fermerning ish boshqaruvchisi, Asliddin Kenjayev bilan gaplashdik.

«Xo‘jalik rahbari E.Ro‘ziqulov bu yerni 100 bosh qoramol va 51 gektar yeri  bilan sotib olgan edi. Yer qaramog‘iga o‘tgandan keyin bir yil o‘tar-o‘tmas paxta maydoni uchun hokimlikdan olib qo‘yildi. Shu sababli, qoramol boqishda qiyinchiliklar tug‘ildi. Qoramollar sonini 300taga yetkazgandik. Gollandiya, Belarus, Rossiya kabi davlatlardan keltirilgan qoramollar edi. 100tasi shoxli, 100tasi shoxsiz qoramollar edi. 30-40 nafarga yaqin ishchi ishlardi. Endi hammasi tarqab ketdi. Arzonlashtirilgan narxda go‘sht sotish oqibatida shu ahvolga keldik. Agar o‘sha yemlarni berib bizga imkoniyat berishsa edi, ishni yana qaytadan boshlardik», deydi ish boshqaruvchisi.

Holat yuzasidan izoh olish maqsadida Qo‘qon shahri hokimligida bo‘lib, hokimlik matbuot xizmati rahbaridan bu masala Farg‘ona viloyati hokimligidagi yig‘ilish bayonnomasiga asosan hal etilishini ma'lum qildi.

Shundan so‘ng, Farg‘ona viloyat hokimligida bo‘lib, viloyat hokimligining qishloq xo‘jaligi kotibiyati 1-toifali mutaxassisi Doston Zokirov bilan suhbatlashdik.

«Bizning bayonnomada fermerlar ro‘yxati tuzib chiqilgan. Ushbu tadbirkorning fermer xo‘jaliklari va xususiy korxonalari bu ro‘yxatda yo‘q. Gapning ochig‘i, bu odamni xavfsizlik organlari surishtirishyapti. U o‘zining chorvasini sotmagan. Boshqa chorvadorlarning mahsuloti evaziga yem olmoqchi bo‘lgan», deya javob berdi viloyat hokimligi vakili.

Qiziq holat. Chorvani qimmatga olib arzonga sotib, bir kun kelib hokimlik beradigan yemdan foyda olmoqchi bo‘lgan tadbirkor - «yong‘oqning shaqir-shuquriga ishqiboz» odamdek ko‘rinadi.

Masalani oydinlashtirish uchun yana tadbirkorga yuzlandik.

«Menga hokimiyat vakillari chiqib arzon narxda go‘sht sotishimni aytishgan. O‘zingda bo‘lmasa ham boshqalardan olib tur deyishgan. Hokimlik aytgan gapga ishonib, xalqqa xizmat qilsam, arzon go‘sht sotib zararga kirib ketsam-u endi jinoyatchiga ham chiqdimmi, adolat bormi o‘zi?», deydi u sotgan go‘shtlari bo‘yicha hujjatlarni taqdim etarkan.

Bu vaziyatga biryoqlama qarash niyatimiz yo‘q. Lekin mantiqan fikrlasak, bir fermer chorvani so‘yib, arzondan sotishni havasga qilmasa kerak? Fermerga berilgan dalolatnomalar-chi? Qonuniy kuchi yo‘q bo‘lsa, nega yozib berilgandi?

Shunday mavhumliklar bilan ortga qaytdik. Agar fermer jinoyatchi bo‘lsa, odatiy jinoyatchilar kabi foyda olish uchun emas, zararga kirish uchun jinoyat qiladigan «noyob» jinoyatchi bo‘lib chiqadi.

Bahodir Ahmedov – muxbir

Muhammadjon G‘aniyev – tasvirchi

Top