8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

10:10 / 24.05.2019 52225

«Bog‘cha yo‘q, guzar yo‘q, suv yo‘q, ish yo‘q». Popdagi 50 yildan beri «unutilgan qishloq»qa safar

Pop tumaniga Andijon tomondan yo‘lingiz tushsa, Oltinko‘l, Baliqchi, Ulug‘nor, so‘ng Namanganning Mingbuloq, Uychi, To‘raqo‘rg‘on va Chust tumanlarini bosib o‘tasiz. Tog‘ va adirliklar o‘rtasidagi G‘urumsaroydan so‘ng Pop shaharchasi ko‘rinadi.

Yuqorida sanab o‘tgan joy nomlarini bejiz keltirmadik. Chunki, ko‘p eshitilgan nomlar edi-da... Ko‘rib, tanishib o‘tdik. Gavjum, harqalay odamlar uchun haminqadar sharoitlar mavjud maskanlar.

Biroq Pop tumani markazidan bor-yo‘g‘i 10 kilometr masofadagi Yangiyer qishlog‘iga borganimizda, bizni kutib turgan yuzi asabiy kishilarni ko‘rdik. Bilsak, bu qishloq ahli yurtda olib borilayotgan barcha islohotlar-u loyihalardan bebahra qolibdi.

Bu qishloqqa oxirgi yigirma yil biror mutasaddi oyoq bosmagandek.

Yangiyerliklar juda to‘lib turishgan ekan. Ular biz shunchaki muxbir ekanligimizni unutishdi chog‘i, «Nega unday, nega bunday?», deya savolga tutib tashladilar.  

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

«O‘zing uchun...»

Shu yerlik fermer xo‘jaligi vakili bizni qishloqdagi bor kamchiliklarni ko‘rish uchun aylantirgani olib chiqdi. Uning ikki sherigi yo‘l-yo‘lakay qishloqda suv, elektr ta'minotidagi kamchiliklarni tushuntirishar edi. Yangiyerliklar ixtirochi bo‘lib ketishibdi. Ular ko‘chalarga elektr tarmog‘ini oddiy kaltak yoki kichik novdadan simyog‘och yasab o‘tkazsa bo‘lishini isbotlashgan. Namangan viloyat va Pop tuman elektr tarmoqlari hali bu manzilga kelishni o‘ylab ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Yo‘llarni-ku gapirishga hojat yo‘q.

Mahalla kishilari bizni aholi tomonidan ichimlik suvi qudug‘i qazish uchun harakat qilingan maydonga olib borishdi. Qishloqning har bir oilasi kishi boshiga 27 ming so‘mdan pul yig‘ib, qishloqning bir joyidan suv qudug‘i kavlashibdi. Hokimiyatga qilingan o‘nlab murojaatlar naf bermagach, aholi o‘zi urinmay, nima qilsin?!

Qo‘qondan ustalar yollanib, o‘n kun davomida 200 metr chuqurlikdan toza ichimlik suvi chiqqan. Hamma xursand. Ammo afsuski chuqurlikdagi suvni tortuvchi nasos elektr energiyasi quvvati kamligi uchun ishlamagan. Hammaning «paqiri qo‘lidan tushib» qaytib ketibdi.

«Men, Madaliyev Jumavoy, 51 yoshga kirdim. Esimni taniganimdan beri mahallamizda ichimlik suvi bo‘lmagan. Bir paytlar suv minoramiz bo‘lar edi. Uni ham «Suvoqova» tashkiloti qayergadir olib ketdi. Qishloqdagi oilalardan jon boshiga 27 ming so‘mdan pul yig‘ib, quduq kavlatsak tok yetmay bu ham chiqmay turibdi. Ko‘rib turganingizdek, elektr tarmoqlari xabar olmay qo‘yganiga ham uzoq vaqt bo‘lgani uchun, tarmog‘imiz ham chatoq. Lampochkalarimiz tok kuchi ozligidan limonga o‘xshab sarg‘ayib turadi. Viloyat va tuman hokimligiga murojaat qilaverib qiynalib ketdik. Bizning qishloqni ham o‘ylaydigan mutasaddi bormikin?», deydi aholi vakillaridan biri.

Ishlamay turgan «umid qudug‘i»dan ketib, mahalla tomon yurdik.

Bizni mahallaning asosiy muammolari kutib turar edi.

Aholi dardi: «Mahallada jigar sirrozi epidemiyasi tarqagan. Sababi aniq»

30 nafardan ziyod kishi mahallaning «uch ko‘chasi»da suv kelishiga yo‘l qarab turgan ekan (mahallada guzar ham yo‘q). Ularning dardi, hasratlari bir olam edi. O‘zimiz bilan Pop tumani hokimligi mutasaddilaridan birini taklif qilib olib kelmaganimizga afsuslandik.

Engashib, ariqdagi loyqa suvni ichayotgan bolakaylarni ko‘rib rahmingiz keladi.

«Muammolarimiz qalashib yotibdi. Ichimlik suvi masalasi birinchi o‘rinda. Maktabga qatnaydigan bolalarimizning har birining yonida «baklajka»si bor. Bu - suv idishi. Necha yillardan beri yozmagan joyimiz qolmadi. Yuvinish eng katta muammo. Ariqning iflos suvi tufayli mahalladan yuqumli kasalliklar arimay qolgan. Bolalar o‘rtasida suvchechakka chalinganlar judayam ko‘p, qizamiq, terlama va boshqa ichki yuqumli kasalliklar epidemiya darajasida. Eng yomoni, aholi o‘rtasida oqqon va jigar sirrozi kabi bedavo kasalliklar ko‘paygan. Bizning ohimizni ham kimdir eshitarmikan?», deydi Rohila opa Boyqo‘ziyeva.

To‘planganlar biri olib, biri qo‘yib, mahallada «chipqon»dek ko‘paygan «yara»larni aytib bera boshlashdi.

Jumavoy ota muammolar yuzasidan juda ko‘p joylarga murojaat qilib charchagan ekan.

«Men bola bo‘lgan vaqtlarda ham mahallamiz ahli suvni eshak aravada tashib ichardi. Qarangki, necha yillar o‘tsa ham o‘zgarish bo‘lmadi. Mahallada gepatit yuqumli kasalliklarining barcha turidan bor. O‘zimning o‘g‘lim ham jigar sirroziga chalindi. Uning uch-to‘rt tengquri mana shu kasallik bilan og‘rib vafot etib ketdi. Nahotki, kelajak avlod ham xuddi biz singari suvga zor bo‘lib, boshqa qulayliklarni ko‘rmay yashaydi?

Bosh urmagan tashkilotimiz qolmadi. Yuqoriga qilgan murojaatlarimiz aylanib yana tumanga kelib, qumga singgandek yo‘q bo‘lib ketyapti. Ichimlik suvini kavlab chiqarish mumkin bo‘lgan jannatmakon joyda mana shu holda yashayveramizmi?», deydi u.

Mahallada jami 3491 kishi istiqomat qiladi. Xonadonlar soni 785ta. 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 488 nafar ekan. Qishloqda bog‘cha yo‘q. O‘zbekistonda maktabgacha ta'lim sohasiga berilayotgan e'tibor bu joylarga hali yetib kelmabdi. Bolalar tarbiya oladigan maskan qurish hech kimning xayolida yo‘q. Tok kuchi pastligidan kechasi xira nur taratadigan lampochkalarda dars tayyorlab ham bo‘lmaydi.

Ko‘cha to‘la bolalarni ko‘rdik. Onalar qo‘shni qishloq bog‘chasiga bolalarni olib borishning iloji yo‘qligini aytishdi. Qo‘shni qishloq bog‘chasida oshiqcha joyning o‘zi yo‘q ekan.

Yangiyerda guzar, sartaroshxona, kosibxona, ustaxona, choyxona degan so‘zlarni eshitishgan. Faqat eshitishgan.

Bir payt signal chalinib suv tashiydigan mashina kelib qoldi. Hamma o‘sha tomonga yugurdi. Jajji bolachalarning ham bir qo‘lida chelak, bir qo‘lida pul...

Hokimlar maqolangizni ko‘radimi?

«Mahallada ish o‘rni, aholi uchun sharoit yaratish kerak. Men ham tinimsiz murojaat qilish bilan ovoraman. Samara yo‘q», deydi MFY raisi Tursunali Sunnatov.

Nahotki, viloyat, tuman hokimliklari, sektor rahbarlari yana ko‘pdan-ko‘p tuziladigan ishchi guruhlar Yangiyer qishlog‘iga odamlar dardini tinglash uchun kelmagan bo‘lsa?

Aholi vakillari ishchi guruhlar qadam ranjida qilganini aytishdi. Faqat ular kelib, «o‘z yondaftari va ruchkasini ovora qilib ketishgan».

«O‘zi hokimlar siz tayyorlagan maqola va ko‘rsatuvni ko‘radimi?», deydi biz bilan suhbatda onaxonlardan biri.

Hurmatli Namangan viloyati va Pop tumani mutasaddilari! Iltimos, Yangiyer qishlog‘iga borib, sharoitni o‘rganing. Aholi sizlarni kutyapti...

Elmurod Ermatov, Pop
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi: Ahrorbek Yoqubjonov

Top