8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

11:50 / 24.05.2019 44280

Nega yosh olimlarimiz vatanga qaytmayapti?

Minglab yuqori malakali vatandoshlarimiz chet elda o‘qib, chet elda ishlashyapti. Ularning orasida xorijda ilmiy tadqiqot o‘tkazayotganlar ham, nufuzli ilm dargohlarida o‘qituvchilik qilayotganlar ham bor. Shubha yo‘qki, bunday – xalqaro bilim va tajribaga ega yoshlarning O‘zbekistonga qaytishi ijtimoiy-iqtisodiy, demokratik islohotlar uchun kuchli suyanchiq vazifasini o‘tashi mumkin. Shu bilan birga, bu mamlakatimiz ilmiy salohiyati yuksalishiga xizmat qiladi.    

Nega ko‘plab yosh olim-vatandoshlarimiz o‘z yurtiga qaytmayapti?

Hammasi maoshga borib taqaladi, deyish adolatsizlik bo‘ladi. Ha, O‘zbekistonda oylik maoshlar rivojlangan davlatlardagiga nisbatan ancha past, ammo, bu qanchalik balandparvoz gap bo‘lib eshitilmasin, aksar yosh olimlar uchun birinchi o‘rinda moddiy manfaatdorlik emas, balki o‘z vatanida e'tirof topish, bilimlarini ro‘yobga chiqarish, ilm-fan rivojiga, xalq farovonligi ortishiga, yoshlar tarbiyasiga hissa qo‘shish turadi.

Mazkur maqola doirasida biz bu, tom ma'noda achinarli holatning sabablarini, xususan yosh olimlarning qaytib kelishi yo‘lida yotgan g‘ovlarning asosi bo‘lmish ma'muriy to‘siqlarni bayon qilishga urinamiz.

G‘ovlardan biri – nostrifikatsiya (ekvivalentligini qayd etish) 

Mazkur termin bilan tanish bo‘lmaganlar uchun: nostrifikatsiya – xorijda olingan diplom, ilmiy daraja, unvonning mahalliy davlat tomonidan tan olinishi. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, xorijda olingan diplom, ilmiy daraja, unvon davlat tomonidan tan olinmasa haqiqiy hisoblanmaydi. Boshqacha qilib aytganda, siz AQSh yoki Yevropadagi nufuzli universitetda doktorlik darajasini olgan bo‘lsangiz, O‘zbekistonga kelishga shoshilmang – nostrifikatsiyasiz bu yerda hech qanaqa doktor emassiz.

Nostrifikatsiya jarayoni yengil bo‘lganida ham mayli edi. Ammo, unday emas. Bu eskidan qolgan, murakkab, noaniq, byurokratlashgan jarayon bo‘lib, yosh olimlarning O‘zbekistonga qaytishi yo‘lida yotgan asosiy g‘ovlardan biridir.

Hozirgi kunda nostrifikatsiya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Oliy attestatsiya komissiyasining (OAK) vazifasiga kiradi. Agarda OAK ilmiy darajalarni tasdiqlashning xolis tizimi sifatida o‘zini ko‘rsatganda edi, hozir muammo haqida gapirib o‘tirmagan bo‘lardik. Ammo, amalda ilmiy unvon talabgorlari OAKning sababsiz vaqt cho‘zishiga, ilmiy ish himoyasi kunini noaniq muddatga ko‘chirishiga, keraksiz hujjatlarni talab qilishiga duch kelishmoqda. Rasmiyatchilik va odam ajratish (sub'yektivlik) – hozirda OAKning asosiy ish uslubi. Buning ustiga o‘tkazilgan so‘rov korrupsiya holatlariga ishora qildi.

Ilmiy darajalarni tasdiqlashda ishlar qanday?

O‘zbekistonda ikkita doktorlik darajasi bor: tayanch – falsafa doktori va oliy – fan doktori. OAK mazkur sohada oxirgi 7 yil ichida 2 bor islohot o‘tkazdi. Boshida, 2012 yilda biz bir bosqichli doktorlik tizimiga o‘tdik. Bunda bazaviy doktorantura «nomzodlik» deb atalardi.

Keyin, 2017 yilda, yana ikki bosqichli tizimga qaytdik. Go‘yoki xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish uchun qilingan bu tadbir aslida bir nom almashtirish – «fan nomzodi»ni «falsafa doktori»ga almashtirish bo‘ldi, xolos – nomdan boshqa hech narsa o‘zgarmadi. Aksincha, tushunmovchilik kelib chiqdi. Zero, xalqaro amaliyotda fan nomzodi darajasi va falsafa doktori darajasi – bir-biriga mos kelmaydigan tushunchalar. Buning ustiga bunday birin-ketin qilingan «islohot»lar mahalliy – mamlakat ichidagi ilmiy unvon talabgorlariga salbiy ta'sir ko‘rsatdi, ularda ilmiy ish qilishga bo‘lgan rag‘bat pasayib ketdi.

Boshqalarda-chi?

Xalqaro tajribada oliydan keyini ta'limda bir bosqichli doktorantura tizimi amal qiladi: bakalavr-magistr-fan doktori. Yuqori pog‘ona – falsafa doktori (PhD).

Shuni ta'kidlash kerakki, hozirda falsafa doktori darajasining falsafaga umuman aloqasi yo‘q (aloqasi faqat tarixiy) va bu unvon turli ilmiy sohalarda beriladi. Bu Yevropa o‘rta asr universitetlarida yuzaga kelgan an'ana bilan bog‘liq bo‘lib, ularda filosofiya, yurisprudensiya, teologiya va tibbiyot fakultetlari bo‘lishi nazarda tutilar edi. Shuning uchun ham chet davlatlarda falsafa doktori darajasidan tashqari boshqa, bir qator nufuzi teng bo‘lgan doktorlik darajalari bor. Masalan, shifokorlarga «tibbiyot doktori» (Doctor of Medicine), yuristlarga «huquq doktori», teologlarga «teologiya doktori» (Doctor of Theology), boshqalarga «falsafa doktori» (PhD) unvoni beriladi. Ba'zi davlatlarda tabiiy fanlar bilan shug‘ullanuvchi doktorlarga Doctor of Science (DSc) darajasi beriladi. AQSh va Kanadada yuqori ilmiy daraja «falsafa doktori». Ya'ni, doktorlik darajasi fan sohasi yoki mamlakatga qarab nomlanishida (PhD, DSc) farq qiladi, xolos.

Demak, O‘zbekistondan farqli o‘laroq, xalqaro ilmiy hamjamiyati «falsafa doktori» (PhD) va «fan doktori» (DSc) darajalarini farqlamaydi va hech bir sohada ikkita doktorlik ilmiy unvoni yo‘q. «Falsafa doktori» (PhD) unvoni ko‘plab davlatlarda fan doktorlariga beriladigan, ommalashgan unvon. Xulosa shuki, bunday – 2017 yilda O‘zbekistonda joriy qilingan ikki bosqichli doktorantura (falsafa doktori va fan doktori) tizimi xalqaro amaliyotda mavjud emas. Xohlagan xorijiy universitetga boring, ko‘rasiz – ko‘zga ko‘ringan professorlar u yerda PhD yoki DSc darajasiga ega.

Bizdagi oliydan keyingi ta'lim tizimi

Hozirda O‘zbekistonda eski, sovet davridan qolgan ikki bosqichli oliydan keyingi ta'lim tizimi xalqaro nomlar – «bakalavr-magistr-falsafa doktori (fan nomzodi)-fan doktori» – bilan amalda qo‘llab kelinyapti. Bir «armiya» nomzodlar bilan – falsafa doktorlaridan kamdan-kami fan doktorlikka o‘tadi, ko‘plari umr bo‘yi falsafa doktoriligicha qoladi.

Nomzodlik staji bir yil emas, ko‘plab yillarni tashkil etadi. Mansabdorlarning fikricha, olimlarni nomzodlikda uzoq muddat ushlab turish kerak, may kabi. Shuning uchun doktorlikka uringan yosh talabgorga, o‘z vaqtida o‘zlari ko‘p yillar davomida nomzod bo‘lib yurgan fan doktorlari ola qarashadi. Prezidentning 2019 yil 27 fevraldagi 5445-sonli qarorida kelgan ma'lumotga qaraydigan bo‘lsak, o‘z vaqtida himoya etilgan dissertatsiyalarning salmog‘i juda past bo‘lib, atigi 16,8 foizni tashkil qiladi.

Ikki bosqichli doktorantura tizimi tarafdorlari o‘z qarashlarini asoslash uchun ba'zi mamlakatlarni, xususan Germaniyani misol qilib keltirishadi – Germaniyada falsafa doktoridan keyin keladigan yuqori ilmiy daraja – «Doctor habilitatus» («habilitlashtirilgan doktor») ham bor bo‘lib uni olish uchun «habilitatsiya»dan o‘tish lozim. Ularning aytishicha, bizda, Germaniyadagi kabi, ikkita doktorlik darajasi bor emish. Ammo ular xato qilishadi – habilitatsiya bu bor-yo‘g‘i universitetda professor-o‘qituvchi kvalifikatsiyasini beruvchi maxsus jarayon, xolos. Shu sababdan, O‘zbekistondagi fan doktori darajasiga to‘g‘ri kelmaydi. Yana shuni ta'kidlab o‘tish joizki, Germaniyaning ilmiy jamiyatida habilitatsiya jarayoniga qarshi qizg‘in munozaralar mavjud bo‘lib, habilitatsiya jarayoni keraksiz va byurokratik tizim sifatida tanqid qilinadi.

Bu shuni yana bir bor isbot etadiki, bizning «Xorij davlatlarida berilgan ilmiy unvonlarni nostrifikatsiya qilish (ekvivalentini o‘rnatish) haqidagi» Yo‘riqnomamizda fan doktori (DSc) ilmiy darajasi mavjud emas. Unda «... chet elda qo‘lga kirilgan falsafa doktori yoki unga tenglashtirilgan ilmiy unvonlar Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tomonidan nostrifikatsiya qilinadi», deyilgan.

Shunday qilib, yo‘riqnomada fan doktori (DSc) ilmiy darajasi keltirilmagan, faqatgina falsafa doktori (PhD) keltirilgan, bu esa bizda falsafa doktori va fan doktori o‘zaro teng deganidir. Bu amalda nimaga olib kelmoqda? Bu chet elda qo‘lga kiritilgan falsafa doktori darajasi aslida O‘zbekistonda fan doktori darajasiga teng ilmiy daraja bo‘lsada, nostrifikatsiyadan so‘ng fan nomzodiga tenglashtiriladi, degani. Boshqacha qilib aytganda, nostrifikatsiyadan o‘tyotganingizda sizning doktorlik darajangizni OAK pasaytirib qo‘yadi.   

Yana bir muammo

Bizda fan doktori darajasi ilm tolibining istak cho‘qqisi bo‘lib qolgan. Fan doktorini oldimi, bo‘ldi, uning ilmiy faoliyati aksar holatda tugaydi, kishi ilm bilan shug‘ullanmay qo‘yadi. Zero, u o‘z maqsadiga – yuqori ilmiy maqomga erishdi va endi u faqat fan doktorlarigagina beriladigan imtiyoz va ustunliklarga da'vo qila oladi. Boshqa so‘z bilan aytganda, fan doktori unvoni ko‘plab talabgorlar uchun ustuvorliklarga ega bo‘lish vositasidir. Bu esa ilm-fanning mohiyatiga – ilm ahlidan doimiy rivojlanishni talab qiluvchiligiga mutlaqo ziddir.    

Tan olish kerak, ba'zi, keksa yoshdagi, sobiq sovet davrida bilim olgan fan doktorlarimiz hanuzgacha o‘sha eski bilimlarini «ushlab» olishgan. Shu bois, yangilik va o‘zgacha qarashlarni olqishlashmaydi, nufuzli chet jurnallarida chiqishlar qilishga urinishmaydi, ko‘plari chet tilini bilishmaydi, rivojlangan davlatlar olimlari bilan ilmiy bahslarga kirishishmaydi.

Eng achinarlisi, bu olimlar zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan yosh olimlarning doktorlik darajalari olishlariga to‘sqinlik qilishadi. Chamasi bu olimlarning fan doktorligi «bozori»da monopoliyani egallab turishdan boshqa tashvishlari yo‘q. Mamlakat fanini rivojlantirish kabi tashvishlar esa ularga yot.  

Ammo ularning aksi bo‘lmish – yoshlar uchun ochiq, yosh iste'dodlarni va ularning tashabbuslarini doim qo‘llab-quvvatlashga intiluvchi, insofli, hurmatga loyiq haqiqiy olim ustozlarimiz ham bor. Ko‘plab fan doktorlarini yetishtirib chiqarganlariga qaramasdan bu kishilar olimlikni monopoliya qilishga intilishmaydi. Afsuski, bunday olimlar kam.

Yaxshi tomonga o‘zgarish va kattagina «ammo»

O‘rta va oliy ta'lim diplomlarini nostrifikatsiya qilish muammosi bizda hal bo‘lgan. Joriy yilning yanvar oyida Prezidentning 2019 yil 1 martdan chet el davlatlarida berilgan ta'lim hujjatlarini tan olish haqidagi qarori chiqdi. Yangi tartibga asosan, xalqaro miqyosda tan olingan tashkilotlar reytingida (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education, Academic Ranking of World Universities) birinchi 1000 o‘rinni egallab turgan oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining diplomlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri, sinovlarsiz tan olinadi.

Ammo, afsuski, mazkur tartib doktorlik darajalarini tan olishga tatbiq qilinmaydi va olimlar hamon OAKga murojat etishlariga to‘g‘ri kelyapti. OAKning dastidan O‘zbekistonda «miyalar oqib ketishi» holati davom etyapti. Yosh tadqiqotchilarga fan doktori darajasini olish va sohalari bo‘yicha ishlash chet elda osonroq, O‘zbekistonda emas. Chet davlatlarida yosh olimlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan, byurokratiya yo‘q, nostrifikatsiya yo‘q va bundan ilm-fan oqsayotgani yo‘q, aksincha, gullayapti.

Va mazkur muammolarga faqatgina chet eldan qaytmoqchi bo‘lgan vatandosh olimlarimiz emas, balki mahalliy talabgorlar ham duch kelishyapti.  

Yuqoridagilarni hisobga olib, quyidagilarni taklif etmoqchimiz:

  • birinchidan, «bakalavr-magistr-fan doktori» xalqaro standartlarga mos bir bosqichli doktorantura tizimiga o‘tish lozim;
  • ikkinchidan, xalqaro miqyosda tan olingan tashkilotlar reytingida birinchi 500 o‘rinni egallab turgan oliy ta'lim muassasalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga berilgan doktorlik darajalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinishi, xorij doktorlik darajasining nomidan qat'i nazar uni fan doktoriga tenglashtirish lozim.   

 

Baxshillo Xodjayev

Adliya Vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti Direktori o‘rinbosari v.b., «Buyuk Kelajak» ekspert kengashi a'zosi.

Xusain Radjapov

Yaponiyaning Kobe universiteti huquq doktori.

 

Top