12:07 / 25.05.2019
2304
2025 yilga borib dunyoda semizlikdan aziyat chekayotgan bolalar soni 70 millionga yetishi mumkin

Joriy yilning 25 may, shanba kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab “Semiz bola – sog‘lom bolami?” aksiyasi doirasida faol yurish bo‘yicha ommaviy tadbirlar uyushtirildi. Xususan, ushbu tadbir poytaxtimizning Sergeli tumani (5A-dahasi)da ham bo‘lib o‘tdi. E'tiborli jihati, bunday ommaviy tadbirlarning muntazam ravishda o‘tkazilishi aholining sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirib, jismoniy faol bo‘lishga undamoqda.

XXI asrda jamiyat duch keladigan eng jiddiy muammolardan biri bolalar o‘rtasida semirishdir. Bunday bolalarda qandli diabet va yurak-qon tomir kasalliklari, tayanch-harakat kasalliklari, ayniqsa, osteoatrit kabi ayrim infeksiyali kasalliklar kichik yoshda paydo bo‘lishi mumkin. Eng yomoni, bolalarda semirish erta o‘lim va nogiron bo‘lish ehtimolining ortishiga sabab bo‘ladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, 2013 yilda 5 yoshgacha bo‘lgan 42 million nafar bola ortiqcha vaznga ega. Agar chora ko‘rilmasa, bu ko‘rsatkich 2025 yilga borib 70 millionga yetishi mumkin.

Ishtahasi yaxshi, qo‘l va oyoqchalari dumboqqina bola ota-onaning quvonchi. Ammo bu quvonch faqatgina bolaning go‘daklik vaqtida bo‘lishi kerak. 5-6 yoshdan keyin esa oz bo‘lsa-da semizligi ota-onalarni xavotirga sola boshlashi lozim. Bolaning vazniga ta'sir etuvchi birinchi omil – bu kam harakatli hayot tarzidir. Bolalar maktabda 6 soat, dars tayyorlash uchun 2 soat, televizorda qarshisida 2 soat, kompyuterga 2 soat ajratadi. Toza havoda sayr qilishga esa 1,5-2 soatgina vaqt qoladi Ko‘rinib turibdiki, bolaning ko‘p vaqti kamharakatlikda o‘tadi.

Ikkinchi omil – noto‘g‘ri ovqatlanishdir. Bugungi kunda do‘kon tokchalaridagi oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, tez tayyorlanuvchi yeguliklar, gazli ichimliklar va turli shirinliklarning aksariyati bolalar uchun zararli hisoblanadi. Bu bolalarning semirib ketishiga sabab bo‘lishi barobarida, turli kasalliklarga ham duchor etishi mumkin. Faol hayot tarzi esa mana shunday salbiy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Shu bois Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalarda semizlikning oldini olishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.

Darhaqiqat, bolalardagi semizlik asosan noto‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faoliyatning past darajasi bilan bog‘liq. Bolalarda semirish epidemiyasining oldini olishda profilaktika eng maqbul usul hisoblanadi. Jumladan, kaloriyali mahsulotlar iste'molini cheklash, yog‘lar va shakar miqdorini kamaytirish, meva va sabzavotlar, shuningdek, dukkakli mahsulotlar iste'mol qilishga esa e'tibor qaratish va, eng muhimi, har kuni kamida 60 daqiqa jismoniy faol bo‘lish lozim. Vaznni nazorat qilish jiddiy jismoniy faoliyatni talab qiladi.

Mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan faol yurish tadbirlarida Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari, yurtimizdagi barcha tibbiyot muassasalari shifokorlari, hududlardagi hamkor tashkilotlar vakillar hamda mahalla faollari ishtirok etdilar. Bunda faol yurish tadbirlaridan tashqari, bolalar uchun qiziqarli sport tadbirlari ham o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar muntazam amalga oshirib kelinmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Top