8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

20:45 / 26.05.2019 11144

Chempion hikoyalari. Mario Gyotse Klopp, Pep va o‘sha gol haqida

Men uchun do‘zax - futbol o‘ynash imkoniyatidan mahrum bo‘lishdir. Hammasi mana shunaqa oddiy.

Hayotimning aksariyat qismida men qiyinchiliklarga duch kelmaganman, hammasi juda silliq kechgan va men juda yoshligimdan boshlab, orzularim bilan yashay boshlaganman. 17 yoshimda «Sariq devor» (Dortmundning fanatlar tribunasi) qarshisiga chiqdim. Dunyoning eng buyuk ikki murabbiyi qo‘l ostida o‘ynadim. 22 yoshimda jahon chempionati finalida gol urdim. Rostini aytsam, yosh edim, erishgan narsalarimning qadri haqida unchalik o‘ylamasdim, tabiiyki. Kasal bo‘lib qolganimda esa... Hammasi ketdi. Yo‘q, keling bir boshdan. Avval yaxshi xotiralar haqida gaplashaylik. Masalan, mister Klopp haqida. 

Mening birinchi murabbiyim - u menga 17 yoshimda maydonga tushish imkonini bergandi. Uni hozir «Liverpul»da ko‘rish ham qiziq - u doim, OAV oldida ham juda samimiyligicha qolgan. Doim nimani o‘ylasa, rostini gapiradi. Odamlar maydon chetida Kloppning bir qismini ko‘radilar, xolos. Aslida, uning juda jiddiy tarafi ham bor. O‘n yetti yoki o‘n sakkiz yoshimda, agar mashg‘ulotlarda bor kuchimni bermayotganimni sezib qolsa, meni quvlab oldimga kelar, yelkalarimdan ushlab baqirardi. 

U men bilan qanday muomala qilishni juda yaxshi bilardi. U - ajoyib murabbiy, lekin undagi eng muhim jihat, shaxsiyat, insoniylik jihatidir. Ayniqsa, men kabi yosh futbolchi uchun. U kabi quvnoq insonni uchratmaganman. Hech esimdan chiqmaydi, yozda uni Dyusseldorfda ko‘rib qolgandim. Klopp u yerda soch ektirish bo‘yicha qandaydir mutaxassisning oldiga borgan ekan. Bu Germaniyada shov-shuv bo‘lib ketgandi, u esa, faqat kular, yangi sochlar bilan qanday ajoyib ko‘rinishi mumkinligini menga aytib berardi. Ketayotib esa, menga ko‘zini qisdi va dedi:

- Mario, xavotir olma, men telefon nomerini saqlab qo‘yaman.

- Nega bunaqa deyapsiz?

- Doktorning nomerini aytyapman. Sen uchun. Bir necha yillardan keyin u senga ham kerak bo‘ladi.

U kuldi va ketdi. Aksariyat odamlar bunday holatlardan biroz uyaladilar va indamay qo‘ya qoladilar. Unga esa, farqi yo‘q edi. Ajoyibligicha qolar va bu albatta, atrofdagilarga ham ta'sir qilardi. U menga Dortmundda imkoniyat berdi, buning uchun minnatdor bo‘lishim kerak. O‘n yoshimdan yigirma yoshgacha o‘zim yashaydigan shahar jamoasida yashadim, o‘ynadim, hech qanday muammo his qilmadim. Keyin esa, ketishga qaror qildim.

Ko‘pchilik o‘sha qarorimni tushunmaydi. Bu bir kechada qilinadigan qaror bo‘lmagan, bu qarorga men yil davomida kelganman. «Bavariya» taklifi aslida bir yil oldin tushgan, lekin men rozi bo‘lmagandim. Pep Gvardiola ularning bosh murabbiyiga aylanib, qaytadan taklif etishganda esa, nima qilishni bilmay qoldim.

20 yoshli yigitchaning qanday o‘ylashini tasavvur qilishingiz kerak. 20 yoshingizda qanday bo‘lgansiz, eslay olasizmi? Hayot haqida tushunchalar to‘liq shakllanmagan bo‘ladi. Men hech qachon o‘z holimcha yashamaganman, shuning uchun nimanidir o‘zgartirishga bel bog‘lagandim. Futbol nuqtai nazaridan esa, Pep Gvardiola qo‘l ostida o‘ynash - yanada o‘sish uchun ajoyib imkoniyat. Men ketishga qaror qildim va oqibat haqida o‘ylamadim. Bir necha hafta o‘tib esa, ota-onamning uyiga politsiya chaqirdik. Ularni himoya qilish uchun.

Kim aytib qo‘yganini bilmayman. Albatta, men emas, men buni istamagan bo‘lardim. «Real» bilan Chempionlar Ligasi yarim finalida maydonga tushish oldidan, yozda «Bavariya»ga o‘tayotganim haqida xabarlar tarqalib ketdi. Hozir nega bunday bo‘lganini, fanatlarning reaksiyasini tushunaman - ular uchun futbol shunchaki o‘yin emas.

Ammo o‘sha paytda bu men uchun shok edi. Men chiday olmaganman. 14 yoshli ukamni maktabda qiynashgan. Odamlar onamga juda yomon gaplar aytishgan. Internetda oilamga tahdidlar bo‘ldi. O‘z uyimizga, shahrimizga bu qadar begona bo‘lish mumkinligini his qilish qiyin edi. Yozda men ketdim, lekin oilamdagilar o‘shanday hayotni yashashda davom etishdi. Juda qiyin bo‘lgan, shunday bo‘lsa-da, o‘sha qarorimdan pushaymonman, deyishim qiyin.

Tushunaman, hayotda keyin nima bo‘lishini bilib bo‘lmaydi. O‘sha yomon kunlardan so‘ng, faoliyatimdagi eng yorqin voqealar ham bo‘ldi. Yoki teskarisi. Agar OAVda o‘qib borsangiz, bir kun sotqinga chiqarildim, keyin qahramon bo‘ldim, keyin esa, umuman futboldan yo‘qolib qoldim. Hammasi qandaydir to‘rt yil ichida ro‘y berdi.

«Bavariya»ga o‘tishim xato edi, deya olmayman - chunki, Pepdan futbol haqida juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. U taktika haqida soatlab gapirib o‘tirishi mumkin, men o‘yinni butunlay boshqa tarafdan ko‘rishni o‘rgandim. Mashg‘ulotlar saviyasi juda yuqori edi. Xuddi Klopp bilan bo‘lganidek, Pepni murabbiy va inson sifatida tanish o‘ziga xos tajriba bo‘lgan. Shuning uchun o‘sha davr haqida aniq aytolmayman, ha «Bavariya»da hammasi kutilganidek bo‘lmadi, Dortmundni tark etishim qiyin bo‘lgan, ammo agar o‘sha transfer bo‘lmaganda, jahon chempionatidagi voqea sodir bo‘larmidi? 

Hayot qiziq. Odamlar mening finaldagi golim haqida gapirishadi, lekin butun turnir davomida juda yomon o‘ynaganimni eslashmaydi. Jazoirga qarshi o‘yinning tanaffusida meni almashtirib yuborishganini eslashmaydi ham. Lekin men unutganim yo‘q. Fransiyaga qarshi chorak finalda asosiy tarkibdan chetda qoldim. Braziliya bilan yarim finalda umuman maydonga tushmadim. Kap-katta odam sifatida hammasini tushunib turardim, ammo o‘sha paytlarda dunyodagi eng g‘amgin insonga aylanib qolgan bo‘lsam kerak. Biror ijobiy jihat topa olmas, final oldidan nihoyatda tushkun edim. Meni nimalar kutib turganini taxmin qilish qiyin edi.

Bilasizmi, odamlar faqat gollar haqida gapirishadi. Men uchun golning ahamiyati unchalik emas. To‘pni tepish. Men buni ming martalab qilganman. O‘sha gol, aslida mening mehmonxonada yotib, o‘zim uchun qilgan qarorimning oqibati edi, xolos. Men o‘zimga o‘zim bu vaziyatdan tushkunlikka tushmaslik va faqat mashg‘ulotlarga diqqatimni qaratishga so‘z bergandim. Va tabiiyki, biroz omadim ham keldi o‘sha vaziyatda. 

Murabbiy meni tushirmasligi ham mumkin edi. Unda boshqa juda ko‘p variantlar bo‘lgan. Andre Shyurrle aynan o‘sha zonaga to‘pni yetkazib bera olmasligi mumkin edi. U meni zo‘rg‘a ko‘rib qolgandi. To‘p yerdan biroz boshqa tarafga ketib qolishi mumkin edi - o‘ngga yoki chapga. Darvozabon to‘pni qaytarishi ham mumkin edi. Bular haqida o‘ylaganimda meni salbiy hissiyotlar chulg‘ab oladi. «Marakana»dagi hal qiluvchi gol muallifi men bo‘lmasligim haqida millionlab boshqa ssenariylar ham bor.

Bu gol - orzudan ham yuqori. Men ko‘proq o‘yin oldidan, faoliyatimdagi eng yomon davrda o‘zimni qanday tutganimdan qoniqaman. Uch kunda men qahramonga aylandim, biz jahon chempioni bo‘ldik. Keyingi voqealar, menga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi ham, og‘ir damlarni yengib o‘tish jarayonini yanada qadrli qiladi, meni to‘lqinlantiradi.  

Men bunga ham tayyor emasdim, deb o‘ylayman. Yoaxim Levning o‘sha Messi haqidagi menga aytgan gaplari mashhur bo‘lib ketdi. Aslida esa, u meni yoniga chaqirib, «hammaga Messidan zo‘r ekaningni ko‘rsat» deganida, u qadar ta'sirlanmadim. Bu so‘zlar ko‘proq havoga uchdi, chunki men asosan taktik ko‘rsatmalar haqida o‘ylayotgandim. Bu gaplarni deyarli eshitmadim ham. Matbuot anjumanida Lyov u so‘zlarni takrorlagach, haqiqiy bomba bo‘lib ketdi. Shundog‘am, «Bavariya»da katta bosim ostida edim, bu esa, qo‘shimcha bo‘ldi. 22 yoshli bola uchun ko‘plik qiladi.

Hammamiz ham insonmiz. Ba'zida unutib qo‘yamiz, lekin yaxshi va yomon kunlar yonma-yon ekanini darrov eslashga majbur bo‘ldim. Mendan ko‘p narsa kutishar, men esa, bunga loyiq bo‘lish uchun haddan tashqari ko‘p shug‘ullanadim. Finaldan so‘ng, uch hafta ta'til va yana mashg‘ulotlarga qaytildi. «Bavariya»da talablar qattiq, yaqinda jahon chempioni bo‘lganimiz unutilgan, sovrinlar, gollar kerak... Natijada qattiq charchoq bo‘ldi, tanam buni ko‘tara olmadi. Jismoniy tarafdan pasaya boshladim. Keyingi oylarda qayta tiklanishim va nafasimni rostlab olishim lozim edi. Oxiri tanamdagi modda almashishida muammolar borligi haqida diagnoz qo‘yishdi. Hatto faoliyatim yakunlanishi ham mumkin ekan. 

Dortmundga qaytishga qaror qilganim to‘g‘ri bo‘ldi. 20 yoshimda, bu yerni tark etganimda, ancha yosh bo‘lganman, hayot haqida umuman fikrlamasdim, futbol men uchun shunchaki bir o‘yin edi. Chim ustida to‘p orqasidan yugurasan - bu sport xolos. Ammo ko‘tarilishlar, pasayishlar, so‘nggi voqealar vaziyatga boshqacha qarashni o‘rgatgandi. Futbol insonlar uchun nima ekanini tushundim - nafratni, muhabbatni, bosimni o‘z tanamda his qildim.

Nafrat. Men buni haligacha tushunmayman. Men hali ham «Bavariya»dagi jamoadoshlarim bilan yaqinman. Ularni yomon ko‘rishim kerak ekanini ham tushunmayman, ayniqsa, biz ular bilan birga yurtimizga Jahon kubogini olib keldik, bu hech qachon unutilmaydigan voqea. Dortmundga ham boshqacha qarayman endi. Bir paytlar, ketganimda, mendan achchig‘i chiqqan odamlar juda iliq kutib olishdi. Buni ham qadrlayman. 

2009 yilning 21 noyabri... Bu kunni hamma unutib ham yuborgan, bilaman, lekin men uchun unday emas. O‘sha kuni «Mayns» bilan 0:0 o‘ynaganmiz. O‘sha kuni 88-daqiqada Klopp meni oldiga chaqirib, maydonga tushishim kerakligini aytgandi. Bu mening debyutim bo‘lgan. Tasavvur qiling, 17 yoshdasiz. shu yerda ulg‘aygansiz - dahshat. 

Men zaxira o‘rindig‘idan turdim va mashq qila boshladim. Muxlislardan iborat o‘sha «sariq devor»ga qarab, shunchalik hayajonlandimki, maydonga tushguncha ishtonimni ho‘l qilib qo‘yishim ham turgan gap edi. Bilaman, o‘sha finaldagi golimni yuz yildan keyin ham odamlar tomosha qilishadi, bu juda katta voqea. Lekin shaxsan men uchun «Vestfalenshtadion»ga qo‘ygan ilk qadamim ham o‘sha goldan kam emas. Shuning uchun Yurgen Kloppga o‘sha kun uchun minnatdor bo‘lishim kerak. Bu mening hikoyamning boshlanishi edi.

Yana nima? Ha, xursandchilik bilan aytishim mumkinki, shuncha yil o‘tib, xozircha o‘sha soch ekuvchi vrachning telefoni menga kerak bo‘lmadi. Hozircha kerak emas. Qachondir kerak bo‘lar balki, lekin bunga hali ancha bor.

Va eng muhimi...

Butun mavsum davomida meni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun «Borussiya» muxlislariga rahmat aytmoqchiman. Biz birgalikda juda ko‘p holatlarni boshdan kechirdik, men osmonda ham bo‘ldim, yerning tagida ham. Bilmayman, bu sayohatim qayerda va qanday tugaydi, shunchaki, aytmoqchimanki, bu klub - hayotimning juda muhim bo‘lagi. Va men futbol o‘ynab zavqlanayotganimdan baxtliman.

Danke.

Mario

ThePlayersTribune dan olindi.

Top