19:25 / 27.05.2019
142632

«15 soatlik ish kuni, koreys oshxonasi va o‘zbek shovvozlari». Koreya orzusining ikkinchi tomoni

Kun.uz`ning Janubiy Koreyadagi muxbiri Eldor Vohidov «Koreya kundaligi» ruknidagi navbatdagi maqolasida ushbu mamlakatda yashab mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar turmushi haqida hikoya qiladi.

«Koreyadan pul jo‘natib turibdi». Bu gapni ko‘p yurtdoshlarimiz tilidan eshitganmiz. Biroq, o‘z tajribamizdan xulosa qilib ta'kidlashni istardikki, shunday deguvchilarning barchasi ham jo‘natilayotgan pullar qay tariqa ishlab topilayotgani haqida to‘g‘ri tasavvurga ega emas.

Janubiy Koreya 16 davlatdan qonuniy mehnat muhojirlarini qabul qiladi. Ro‘yxatda O‘zbekiston ham bor. Shu boisdan bu yurtga qonuniy ishlash uchun yo‘l olgan vatandoshlarimiz talaygina. Ular orasida xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan, shinamgina ofislarda o‘z joyini topganlari oz emas. Mazkur maqolada esa og‘ir mehnatda toblanayotgan, ro‘zg‘or tebrataman deb o‘zini o‘tga-cho‘g‘ga urib yurgan zahmatkash o‘zbek muhojirlari hayotiga e'tibor qaratdik.

Janubiy Koreyadagi hamyurtlarimiz orasida eng keng tarqalgan ish turlarini tanlab oldik va ular bilan yelkama-yelka mehnat qilishga bel bog‘ladik.

«Tekpe»dagi sarguzashtlar yoxud asrga tatigulik tun

Ishni aynan «tekpe» (pochta xizmati)dan boshlashimizga sabab bu o‘zbekistonlik talaba yoshlar orasida eng ommabop mehnat turidir. O‘qishga xalal qilmaydi. Ish asosan tunda, shu sababli darsdan keyin tonggacha ishlash mumkin. Kunbay mehnat sirasiga kiradi.

Kechki soat 5larda Koreyadagi eng katta logistika markazlaridan biri, «Lotte» pochta xizmati omboriga yetib keldik. «Sajangnim» (xo‘jayin) birin-ketin yigitlarga vazifasini bo‘lib berdi. Taxminan yarim soatlarda ish boshlandi.

Talab qilingan asosiy vazifa – yirik yuk mashinalarida olib kelingan yuklarni tushirish. Yuklarni aniq ta'riflash mushkul, turli-tuman vazn va shaklga ega. Bir yuk mashinasini bo‘shatish uchun 5 kishi taxminan 1 soat vaqt sarflaydi.

«Palli-palli»

Dastlab e'tiborimizni tortgan jihat har 3-4 kishiga mahalliy aholi vakili boshliq etib tayinlanishi va boshliq qo‘li ostidagilarga dag‘al muomala qilishi bo‘ldi.

Koreyslarning eng yoqtirgan so‘zi – bu «palli-palli» (tez-tez). Ovqatlanishda, kundalik turmushda va albatta, eng asosiysi ish mobaynida ham tez-tez harakat qilish kerakligi doim uqtirib turiladi.

Bajarish lozim bo‘lgan vazifani qisqacha tushuntiraman. Ikki kishi mashinalardan yukni tushiradi, boshqa ikki ishchi qutilarning ma'lumot yozilgan birkasini yuqori tomonga to‘g‘rilab qo‘yadi. Avtomat tarzda ishlaydigan maxsus eskalator yuklarni birma-bir skanerdan o‘tkazadi. Yoki buning aksi, ombordagi yuklarni mashinalarga ortish talab etiladi. «Kattalar»ning xohishiga binoan, vaqti-vaqti bilan pozitsiya o‘zgarib turadi.

Har 4 soatda beriladigan 20 daqiqalik tanaffusni aytmasa, nafas olishga ham ruxsat yo‘q: «Ishla va tez-tez ishla!»

«Burger-breyk» biroz nafas rostlash uchun ayni muddao bo‘ldi. Shukr, biz borgan joyda musulmon ishchilarga, odatdagidan farqli o‘laroq, maxsus tovuq go‘shtli burger tarqatishar ekan. Tungi nonushta payti esa ovqatlar asosan cho‘chqa mahsulotlari bilan to‘yintirilgan. «밥» (qaynatilgan guruch) - biz iste'mol qilishimiz mumkin bo‘lgan yagona taom edi.

Xullas, ishning endi yarmi ortda qolgan, biz esa holdan toyishga ulgurgandik. Peshonadan chiqqan ter daqiqa qadrini anglatayotgandek edi go‘yo. «Men Koreyaga buning uchun kelmaganman» - shunday nido kelib qochib qolgingiz keladiku-ya, lekin boshqalardan hayo qilasiz. Biroz tajribasi borlar taskin bergan bo‘ladi: «Chidang, evaziga 100 dollar to‘lashadi».

Ba'zida boshliqlarning munosabati sabr kosani to‘ldirgudek bo‘ladi. Ayni shu omil ko‘p janjallarga sabab bo‘lar ekan.

15 soatlik mehnatdan so‘ng, ertalab chamasi soat 9larda ishni tugatib, xizmatimiz evaziga 90 dollar olib qaytarkanmiz, o‘zimga o‘zim so‘z bergan bo‘ldim: «Boshqa bunday ishga qadam bosmayman!»

«집에 가, 일 없어» (Uyingga bor, ish yo‘q). «Arbayt samushil» orqali bir kunlik ishlar

Deyarli hamma hududlarda ishga taqsimlash bilan shug‘ullanuvchi firmalarni uchratish mumkin. Qo‘pol qilib aytganda, bu bizning mardikor bozorni yodga soladi, lekin tartibli, zamonaviy uslubda tashkil etilgan. Kimgadir ishchi kerak bo‘lsa, shu firmalar bilan bog‘lanadi va qancha ishchi kerakligi, bajarilishi zarur bo‘lgan yumushni tushuntirgan holda buyurtma beradi. Shu tariqa yetarlicha ish o‘rinlari yig‘iladi.

Bu kabi firmalarga zavod ishchilari shanba-yakshanba kunlari, talabalar esa darslardan bo‘sh vaqtlarda murojaat qiladi. Ba'zilar esa doimiy mehnat imkoniyati sifatida ham qabul qiladi. Lekin muammo shundaki, uzluksiz ish bilan ta'minlanishning imkoni yo‘q.

Ish topishning bu yo‘li bilan ham tanishish uchun ryukzakka oxori to‘kilgan kiyimlarni joylab, erta tong soat 5dan «Arbayt samushil» (Kunbay ish beruvchi ofis) tomon yo‘lga otlandik.

Metroga tusharkansiz, odam ko‘pligidan hayratlanasiz: tong sahar bo‘lishiga qaramay, tumonat odam jamoat transportlarida qayergadir shoshib ketmoqda.

Kunbay ish ofisida bizsiz ham «bazm-u jamshid» avjida. Turli millat vakillarini uchratish mumkin: koreyslar, vetnamliklar, xitoyliklar, bangladeshliklar, qozoqlar, tojiklar va o‘zbeklar...

«Sajangnim» (xo‘jayin) deganlari bir deganda ish beravermas ekan. Birinchi kun ish nasib qilmadi – yo‘lkiraga kuyib, uyga quruq qo‘l bilan qaytdik. Dastlab telefon raqamingiz, mashinangiz bor yoki yo‘qligini so‘rab olgach, o‘zimiz aloqaga chiqamiz, deb qutulishar ekan. Agar xabar berishlarini kutsangiz, ishsiz qolasiz.

Bir hafta davomida boshliqdan «Chibe ka, il opso - uyingga bor, ish yo‘q» so‘zlarini eshitishimizga to‘g‘ri keldi. Va nihoyat ish beruvchi bizga ham buyurtmalar ajrata boshladi. Quyida kunbay ishlarning turlari va vazifalari haqida to‘xtalamiz.

Konteynerlar yurti

Ishlab chiqarish va savdo-sotiq rivojlangan davlatda konteynerlarning uzviy almashinuvi odatiy hol.

Ba'zi logistik firmalar doimiy ishchilar bilan kifoyalansa, ayrimlari kunbay tizimni ma'qul ko‘radi. Xullas, nasiba qo‘shilib, konteynerlarda Vetnamdan keltirilgan 60 kilogrammlik kofe mahsulotlarini tushirish topshirildi.

Ikki kishi baholiqudrat tushlikka qadar shu ish bilan band bo‘ldik. Tushlikdan so‘ng esa Kolumbiya va Braziliyada yetishtirilgan kofe mahsulotlari joylangan 70 kilolik qoplarni yuk mashinalariga joyladik. Xizmat haqi –70 dollar.

Bog‘dorchilik

Navbatdagi yo‘nalish otlar poygasi o‘tkaziladigan ko‘ngilochar maskan tomon bo‘ldi.

Tevarak-atrofda ajoyib muhit hukmron. Tabiiy va sun'iy go‘zallik uyg‘unligini ko‘rish mumkin. Bezaklarida asosan otlar tasvirlaridan foydalanilgan yo‘laklar orqali bog‘ga kirdik. Vazifamiz oddiy – chiroyli daraxtlarni tunda yanada go‘zal tusga kiritishga xizmat qiluvchi musiqa chiroqlarini bo‘shatishdan iborat.

Foydalanishga hali yaroqli chiroqlarni ham kesib olib, chiqindiga tashladik. Katta ehtimol bilan yangi mavsumga o‘zgacha uslubda dekoratsiya ishlari olib borilsa kerak, buyog‘i bilan qiziqib ko‘rmadik. Xizmat haqi – 80 dollar.

Qurilish

Galdagi manzil – tog‘li hududlardan biridagi sayyohlik maskani. Qurilish davom etyapti, bizning ishimiz esa quruvchilarga xalal berayotgan qoldiqlarni tozalash va olib kelingan ayrim xomashyo materiallarni joylashdan iborat bo‘ldi.

Nonushta, choshgoh va tushlik o‘z vaqtida. Agar koreys milliy taomlari muxlisi bo‘lsangiz, muammo yo‘q. Lekin bizga qiyinchilik tug‘dirgani ovqat masalasi bo‘ldi. Xizmat haqi –70 dollar.

Xullas, «Arbayt» mehnati sizni universal ishchi qilib tarbiyalaydi. Har kuni turli hunarlar egasiga aylanasiz, yangidan yangi hamkasblar bilan ishlashga to‘g‘ri keladi.

Eng og‘ir ishlar top-uchligidan joy olgan mehnat turi – «Ko‘rpa»

Vatandoshlarimiz bilan suhbatlashib, ishlarning og‘irlik darajasiga qarab o‘rin tutishi, maoshi shunga yarasha bo‘lishini yanada yaxshiroq tushunib oldik. Mavsumiy ishlar norasmiy tarzda tabaqalab chiqilganiga guvoh bo‘ldik. Dala mehnati sanalgan tarvuz, piyoz kabi eng og‘ir ishlar ro‘yxatiga «ko‘rpa»ni ham kiritishar ekan.

Bejiz bunday nomlanmagan, «ko‘rpa» – barchamiz bilgan, to‘shaladigan ko‘rpa bilan bog‘liq. Kuzda Koreya bo‘ylab minglab issiqxonalarda qovun ekiladi va issiqxonada haroratni sun'iy ko‘tarish uchun ekin ustiga dastlab klyonka, so‘ng o‘rtacha qalinlikda 2 qavatdan 4 qavatgacha ko‘rpa to‘shaladi.

Bajarilishi lozim bo‘lgan vazifa esa shu ko‘rpalarni olib chiqish va o‘rab bog‘lashdan iborat.

Kunduzi issiqxona ichkarisida havo harorati 2-3 barobar oshib ketishi sababli ish tunda bajariladi. Ish vaqti – soat 17:00dan 08:00gacha etib belgilangan.

Sharoit havas qilgulik emas. Qorong‘ida javlon urishga to‘g‘ri keladi. Yomg‘ir va kunduzi issiqxona devorlari terlashi hisobiga ko‘rpalar suvni anchagina shimib olgan va vazni 10-20 baravar ortgan. Xavfsizlikka kafolat yo‘q: har xil zararli hasharotlardan himoyalanib, ishlash kerak.

Ko‘rpalar suvga to‘yinaverib juda og‘ir bo‘lib ketgan, ayrimlari belga ochiqchasiga «dushmanlik» qila boshladi.

Kechki soat 10larga yaqin «yetib keldik» – brigadamiz vakillarining oyog‘idan suv o‘tib ketdi, chanqoq bosishga ichimlik suvi yo‘qligi va tajribasizlik ishni kelishilgan vaqtdan ilgari to‘xtatishimizga sabab bo‘ldi. Tabiiyki, xizmatimiz evaziga bir tiyin ham to‘lashmadi. Holbuki, o‘z hisobimiz bo‘yicha har birimiz 30 dollarlik ish bajargandik.

Aytishlaricha, jamoasida baquvvat-baquvvat yigitlari bor brigada bunday ishga kirishadigan bo‘lsa, kishi boshiga 200 dollardan 400 dollargacha ishlab olishi mumkin ekan.

Doimiy ishlar. Zavod va fabrikalar

Buyoq ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodning kichikroq bo‘limi. Asosiy vazifa – bo‘yoq tayyorlanadigan katta-kichik qozonlarni bo‘yoq qoldiqlaridan tozalab yuvish.

Rostini aytsam, ish deyarli qiyin emas, kishi yarim kuchi bilan ishlaydi. Lekin bo‘yoq va kislotalarning zararli, ta'bir joiz bo‘lsa zaharli hidi boshni gangitib qo‘yadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, maxsus qo‘lqoplar va niqob beriladi.

«Duch kelgan kishi ishlab keta olmaydi. Bir kunda bo‘shab, qaytib ketganlar ko‘p bo‘ldi. Zaharli islar o‘pkaga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Kislota tanaga tegsa, zararli oqibatlarga olib kelishi mumkin», – deydi ishchilardan biri. Oylik maosh – 2300 dollar.

Temir quyish zavodi

Metallga ishlov berish, uni eritish va quyishga mo‘ljallangan ulkan pechlar orasida ishlash talab qilinadi. Qishda balki sezilmas, ammo yoz kunlarida bu zavod ichida bo‘lishning o‘zi – katta mashaqqat. Har tomondan lavadek qizib turgan temir bo‘laklar manzildan manzilga olib boriladi, kerakli shaklga keltiriladi.

«Jahannamning o‘zginasi», – deb ta'riflashar ekan. Oylik maosh: 3000-3700 dollar.

Ayrim zavodlarda ajoyib odatlar bor. Tushlik uchun ajratilgan 1 soatlik tanaffus paytida ishchilar ovqatlanishdan tashqari badminton bilan ham shug‘ullanib turishadi. Bu – chigalyozdi mashqi, mehnat unumdorligini oshirishga yordam beradi.

Anjona (안전화) - ishchilar uchun maxsus oyoq kiyim. Yuqori va pastki qismi metaldan ishlangan. Bunday poyabzalsiz ishga qabul qilinmaysiz. Xavfsizlik qoidalariga e'tibor kuchli – deyarli hamma qurilish, dala va ko‘cha ishlari qo‘lqop, niqob va maxsus oyoq kiyimlari bilan bajariladi.

O‘zbek oshxonasi

Janubiy Koreyada O‘zbekistonni his etishning eng yaxshi yo‘li – milliy taomlar restoranida ishlash bo‘lsa ajab emas. Mijozlarning ko‘pchiligi vatandoshlar. O‘sha biz o‘rgangan ta'mdagi oziq-ovqatlar.

Bu yerda o‘zbek oshxonasi va halol oshxona o‘rtasida farq borligini oson sezish mumkin. «Xalqlar do‘stligi» oshxonasida oshpaz-shashlikchi bo‘lib ishlab ko‘rdik. Spirtli ichimliklar taqiqlangan.

Lavozimingiz oshpaz bo‘lsa ham, kichik oshxona bo‘lgani bois barcha vazifalar zimmangizda bo‘ladi. Oylik maosh - 1000-1500 dollar.

«O‘zbekcha» tovlamachilik

Ming afsuslar bo‘lsinki, musofirchilikda halol mehnat qilib oila boqaman deb yurgan vatandoshlarimizning haqlariga ko‘z olaytirgan g‘alamislar oz emas ekan. Ijtimoiy tarmoqlarda ogohlantiruv postlari berib borilishiga qaramay, ba'zida ularning ham ketmoni uchib turadi.

Kim aldaydi? Qanday qilib? Begona emas, tilni yaxshi o‘zlashtirgan, Koreyada yurib tajriba orttirgan o‘zimizning «shovvozlar». Yurtdoshlarimizni ishga joylashtirish evaziga 200-300 dollar miqdorida xizmat haqi talab qilishadi.

O‘ylashingiz mumkin: bu kabi rekrutinglik zamonaviy kasblardan sanaladi. Lekin masala boshqa yerda. Bir ish o‘rniga 3-4 kishidan xizmat haqi olinar ekan. Ba'zida esa o‘ta xatarli, yana ba'zan umuman mavjud bo‘lmagan ishlarga joylashtirib, oldindan pul talab etiladi. 

Sanoqli kunlarga ishga taklif etishadi, xizmat haqini kelasi haftada plastik kartochkaga tashlab berish va'dasi bilan mehnatingizdan foydalanishga urinishadi. Ishsiz yurganlar, pulga zaruriyati bor talabalarni chuv tushirishadi.

Bu kabi tovlamachilik bir martalik zarar keltirsa, yana bir turi bor ekanki, undan ishga joylashganingizdan keyin ham qutulishning iloji yo‘q. Bu jarayonda kishiga pand beruvchi omil – tilni bilmaslik. Tovlamachilar ishga joylashtiradi, oylikni ish beruvchi emas, shaxsan o‘zi ta'minlashini aytadi, lekin har oy birovning haqidan ma'lum bir miqdorda o‘z nafsi yo‘lida urib qoladi.

Zahmatkash mehnatkashlar kimlar?

Yuqorida sanab o‘tilgan mehnat turlarida ishlayotgan o‘zbekistonlik ishchilar qaysi qatlam vakillari ekaniga qiziqdik. Shunisi hayratlanarliki, kuzatuvlarimizga ko‘ra, oliy ma'lumotlilar, talabalar, yaxshi hunarni egallagan vatandoshlar ularning aksariyatini tashkil etadi. Kimdir uy bitirish, boshqasi oila tashvishi bilan, yoshlar esa biznes boshlash payida mana shunday qora mehnatga rozi bo‘lib ishlab kelmoqda.

Quyida o‘z shaxsi oshkor bo‘lishini istamagan yurtdoshlarimizning fikrlari bilan o‘rtoqlashamiz.

«O‘zbekistonda buxgalteriya sohasida faoliyat yuritar edim. Turmush o‘rtog‘im magistraturaga qabul qilingach, birga Koreyaga keldik. Tirikchilik, uy-joy va tadbirkorlik boshlash maqsadida... »

Oliy ma'lumotli buxgalter

«Maqsadim koreys tilini o‘rganish bo‘lmagan. Vatanda muqobil ish topa olmadim, o‘qish o‘xshamadi. Hozir ham ishlab, ham o‘qiyapman. Topgan pulim asosan kontrakt to‘lashga ketadi»

Til kursi orqali kelgan o‘quvchi

«Bakalavrni bitirib, Koreyada magistratura bosqichida o‘qishni davom ettiryapman. Haftasiga ikki kun o‘qish, qolgan paytlarda ishlab moliyaviy ahvolni yaxshilab olish imkoniyati bor. Kontraktni to‘lash ham, uyga yordam puli chiqarish ham nasib etyapti, Allohga shukr»

Magistratura talabasi

 «Zavodda ishlayapmiz. Asosiy mashg‘ulotimiz – mehnat qilish, pul topish va uyga jo‘natish. Oilani olib kelishga ruxsat yo‘q, farzandlarimni sog‘inaman. Biz kabi ishlash maqsadida kelganlarning asosiy muammosi shu»

E-9 viza vakili

Xulosa: Bu – xobbi emas!

So‘nggi so‘z o‘rnida aytish mumkinki, hech bir inson bu kabi mehnat va munosabatga xobbi sifatida rozi bo‘lmaydi. Faqat majburlikdan, ertangi kuni bugunidan yaxshiroq bo‘lishiga umid bog‘lab bajarayotganini tushunamiz.

Hurmatli o‘quvchi, yuqoridagi voqelik bilan tanishib, yuzaki tahlil qilgan holda, xulosa chiqarishga shoshilmaslikni so‘ragan bo‘lar edik.

Ko‘ngildagidek faoliyat yuritayotgan vatandoshlar qatori, og‘ir va xavfli mehnat sharoitlarida bir qo‘lidan ayrilgan, tanasiga shikast yetgan, immunitetini yo‘qotib, turli kasalliklar orttirib olgan hamyurtlarimizni ham uchratdik. O‘z yaqinini vatanga jonsiz jo‘natgan yurtdoshlar faryodiga guvoh bo‘ldik. 

Koreyada ishlashning havas qilib bo‘lmaydigan ikkinchi tomoni ham mavjudligi – achchiq bo‘lsa-da, ayni haqiqat.

Bu kabi og‘riqli mavzularni «Koreya kundaligi»ning navbatdagi maqolalarida baholiqudrat yoritishga harakat qilamiz.

Eldor Vohidov,
Kun.uz`ning Janubiy Koreyadagi muxbiri.

Mavzuga oid
Top