8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

01:56 / 27.05.2019 7611

O‘zbekiston armiyasida ilk bor “TECHNO DISCOVERY-2019” festivali o‘tkazildi

25—26 may kunlari Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” poligonida «Hech bir ijobiy g‘oya e'tibordan chetda qolmaydi» shiori ostida “TECHNO DISCOVERY—2019” festivali bo‘lib o‘tdi. 

Mudofaa qo‘shinlari faoliyatiga zamonaviy ilmiy-texnik va ratsionalizatorlik ishlanmalarini kiritish maqsadida O‘zbekiston armiyasida birinchi bor o‘tkazilgan festivalda uch yuzdan ortiq harbiy xizmatchi o‘zining yangicha yondashuvlari asosida yaratgan ixtirolari, mavjud texnikalarga kiritgan o‘zgartirish va qo‘shimchalari bilan ishtirok etdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Festivalda jumladan, boshqaruvni tashkillashtirish maqsadida qo‘mondonlik va tezkor shtab ishini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan o‘zgaruvchan hajmga ega mobil qo‘mondonlik-shtab punkti ko‘pchilikning e'tiborini tortdi. Ushbu shtab punkti maxsus tadbirlar o‘tkaziluvchi joylarda vujudga kelayotgan vaziyatlar haqida ma'lumotlar yig‘ish va ularni qayta ishlash vazifasini bajaradi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

“KamAZ” yuk mashinasining bazasiga o‘rnatilgan mazkur punktni yaratishga 400 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflangan bo‘lib, bir yoki ikki kishi uni to‘liq ish jarayoniga tayyorlashiga 10 daqiqa sarflaydi. 

Festivalning yana bir e'tiborli loyihalaridan biri — desantchining o‘quv-mashg‘ulot kompleksi. Mazkur kompleks shaxsiy tarkibni parashyutdan sakrashga mukammal va ortiqcha xarajatlarsiz tayyorlashga mo‘ljllangan. Uning yordamida desantchining uchish apparatidan sakrashidan boshlab bajaradigan barcha amaliy harakatlarini yerning o‘zida to‘liq sinab ko‘rish mumkin. 

Festival doirasida namoyish etilgan avtomatni masofadan turib boshqarish qurilmasi jangovar vaziyatlar yuzaga kelganda dushmanni aniqlash va uni masofadan turib, harbiy xizmatchilar hayotini xavf ostiga qo‘ymay yo‘q qilish imkonini beradi. 

«Festival ko‘rgazmasi uchun faqat namuna sifatida tayyorlangan masofadan turib boshqarish qurilmasi ustida hali ishlanmoqda. Kelgusida uning yanada takomillashgan turini yaratish reja qilinmoqda», deydi innovatorlardan biri.

“TECHNO DISCOVERY—2019” tadbiri doirasida xarbiy xizmatchilar tomonidan bir qancha ko‘rgazmali mashq jarayonlari bajarildi. Xususan, murakkab yo‘llardan qisqa vaqt ichida to‘siqlarni bartaraf etish orqali xarbiy texnika vositalariga yo‘l ochish, ko‘prik qurish, tanklarga dushman tomonidan olovli xujum bo‘lganda uni o‘chirish, to‘siqli yo‘llarda xarbiy avtomashinalarni qismlarga bo‘lgan holda olib o‘tish kabi ko‘rgazmali mashq jarayonlari mehmonlarda katta taassurot uyg‘otdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Festival yakunida O‘zbekiston Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi faollariga «Namunali xizmati uchun» ko‘krak nishonlari, ratsionalizatorlik ishlari yuqori o‘rinlarni egallagan xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvon va esdalik sovg‘alarini topshirdi. 

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, festival doirasida bir guruh harbiy okrug hamda harbiy qism qo‘mondonliklari yangi avtobuslar bilan ham taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Bundan tashqari poligonda tashkil etilgan kitob yarmarkasi, sovrinli viktorina o‘yinlari hamda madaniy tadbirlar festivalga kelgan aholining maroqli dam olishini ta'minladi.

Top