8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

16:32 / 27.05.2019 6457

«Yuksalish»: O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot bosqichida qo‘shfuqarolik dolzarb masala emas 

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda ikki fuqarolik joriy etish taklif qilingan maqola internet tarmog‘ida keng tarqaldi. Undagi fikrlarga asosan ancha yillar xorijda mehnat qilib, pensiya oluvchi vatandoshlarning pensiya mablag‘lari hisobidan yurtimizga ehtimoliy kiritishi mumkin bo‘lgan investitsiyalar haqida so‘z yuritilgan. Mazkur taklif ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi.

Bu borada “Yuksalish” umummilliy harakati o‘z munosabatini quyidagicha bildirdi:

Bugungi global davrda insonning erkin harakatlanishi, faoliyat yuritishi tabiiy holat sifatida qabul qilinmoqda. Butun dunyoda malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj kundan kunga ortib borayotganligi esa ularning harakat maydoni chegaralarini yanada kengaytirmoqda. Bunday hollarda, tabiiyki, odamlar o‘zi uchun eng optimal yo‘lni – ya'ni, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan yaxshiroq variantni tanlaydilar. Shunday bo‘lsa-da, ularning aksariyati tug‘ilib o‘sgan vatanini butunlay tashlab ketishni istamaydilar.

Bunday vaziyatlarda, dunyo amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, “ikki fuqarolik” tizimi qaysidir ma'noda yechim bo‘lishi mumkin. Lekin, bu qanchalik to‘g‘ri yo‘l va barcha rivojlangan mamlakatlar ham shu amaliyotni joriy etganmi?

“Yuksalish” umummilliy harakati ekspertlarining fikricha, ushbu masala yuzasidan taklif berishdan avval masalani har tomonlama muhokama qilish, qo‘shfuqarolik joriy etilgan davlatlarning salbiy va ijobiy tajribasi, bu aslida kim uchun foyda va kim uchun noqulaylik, qanday oqibatlar yuzaga kelishi mumkinligini tahlil qilish lozim.

Tushunchaning mazmuni. Avvalo, “qo‘shfuqarolik” va “ikkinchi fuqarolik” tushunchalariga oydinlik kiritish lozim. Qo‘shfuqarolik — bu ikki davlat o‘rtasida fuqarolarning bir vaqtning o‘zida ikkinchi davlat fuqarosi bo‘lishi mumkinligi haqidagi rasmiy kelishuvga ega bo‘lganda amalga oshiriladi. Misol uchun, Rossiya Federatsiyasi va Tojikiston Respublikasi, Ispaniya va Argentina, Argentina va Italiya kabi davlatlar o‘rtasida ana shunday kelishuvlar imzolangan. Ushbu davlatlarni geografik, tarixiy yoki til omili kabi jihatlar birlashtirib turadi.

Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Norvegiya, Qozog‘iston, Belorus, Estoniya, Polsha va boshqa ko‘plab davlatlarda (ruxsat berilmaydi), shu jumladan, O‘zbekistonda ham qo‘shfuqarolik tan olinmaydi.

Ikkinchi fuqarolik tizimi esa — ikki davlat o‘rtasida bunday kelishuv bo‘lmaganda yoki yanada aniqroq aytganda — fuqaroning ikkinchi davlat tomonidan berilgan fuqaroligini tan olmagan holda, shu bilan birga boshqa davlat fuqaroligini olishga qarshilik ko‘rsatmaydigan holat hisoblanadi.

Bunday tartibni AQSh, Fransiya, Shvetsiya, Avstraliya kabi davlatlarda uchratish mumkin. Jumladan, AQShda shaxs ikki fuqarolik bo‘yicha tekshirilmaydi. Lekin, agarda AQSh fuqarosi ikkinchi yoki qo‘shfuqarolikni istasa, unda AQSh fuqaroligidan voz kechishi va o‘sha davlatga butunlay ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, bugungi kunda dunyoda o‘z fuqaroligidan voz kechmagan holda qo‘shfuqarolik yoki ikkinchi fuqarolikka ruxsat bergan davlatlar soni 83tani tashkil etadi.

Majburiyatlar. Qo‘shfuqarolik tizimida fuqaro ikki davlatdan birida o‘z majburiyatlaridan ozod qilinadi. Jumladan, fuqaro ayni paytda istiqomat qilayotgan davlatda harbiy xizmatni o‘tashi (agar shaxs bir davlatda harbiy xizmatni o‘tagan bo‘lsa, qayta chaqirilmaydi), belgilangan barcha soliqlarni to‘lashi va hokazo.

Shuningdek, fuqaroning ta'lim olish, ijtimoiy ta'minot, tibbiy yordam kabi huquqlari ayni paytda istiqomat qilayotgan davlatga nisbatan amalga oshiriladi. Agar fuqaro ikkinchi davlatga ko‘chib o‘tsa, barcha qulaylik va imtiyozlar saqlanib qoladi.

Ikkinchi fuqarolik tizimida esa fuqaro bir vaqtning o‘zida har ikkala davlatda o‘z fuqarolik majburiyatlarini bajarishi lozim bo‘ladi.   

Shu o‘rinda, o‘rinli savol tug‘iladi. Qo‘shfuqarolik tizimini yurtimizda joriy etish bugungi kunda qanchalik dolzarb va O‘zbekiston uchun nima beradi?

Qo‘shfuqarolikka ega shaxsning o‘zi, oilasi, biznesi to‘laqonli himoyada bo‘ladi. O‘zi uchun eng qulay sharoitni (yashash, ta'lim olish, ijtimoiy ta'minot va tibbiy xizmat, oylik maosh) tanlash imkonini beradi. Shuningdek, shaxsning ikki davlat o‘rtasida erkin harakatlanishi, faoliyat yuritishida ortiqcha ovoragarchiliklar kuzatilmaydi.

Shu bilan birga, qo‘shfuqarolik tizimini uncha xushlamaydigan Germaniya, Hindiston kabi davlatlarga kirishdagi qiyinchiliklar yoki qo‘shfuqarolikka ega shaxslarni ikkinchi davlatdan diplomatik himoya istashi oqibatida ikki davlat munosabatlarida taranglikni yuzaga keltirishi yoki ikki davlat o‘rtasida ziddiyatli holatlar sodir bo‘lganda ba'zi noqulayliklar kuzatilishi mumkin.

Aytish mumkinki, aksariyat davlatlar mana shunday – ko‘proq fuqaroning shaxsiy foydasi ko‘zlangan qo‘shfuqarolik tizimi rivojlanishini yuqoridagi sabablar uchun ham istamaydilar. Bundan tashqari, yana bir muhim jihat, davlat xizmatchilari, prokuratura, kuch tuzilmalari, harbiylar uchun qo‘shfuqarolik qat'iy taqiqlangan.

Mamlakatda qo‘shfuqarolikning joriy etilishi shaxsning o‘ziga ko‘proq qulaylik yaratish va qaysidir ma'noda turli kutilmagan noxushliklardan sug‘urtalanish barobarida davlatlar o‘rtasida “yo‘q joydan” taranglik va munosabatlarning yomonlashishiga ham olib keladi.

Holbuki, bugungi kunda O‘zbekistonda xorijda istiqomat qilayotgan yurtdoshlar qo‘llab-quvvatlanayotgan, ularning Vatanga oson qaytish yoki kelib-ketishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 25 oktyabrdagi qarori bilan Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati Konsepsiyasi qabul qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Belgilangan vazifalarning ijrosi sifatida hukumat qarori (326-son, 17.04.2019 y.) bilan “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila a'zolarini O‘zbekiston Respublikasiga taklif qilishni rasmiylashtirish, ko‘p martalik kirish vizalarini berish hamda ularni ichki ishlar organlari tomonidan vaqtincha propiska qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi. Uning qator bandlarida vatandoshlar uchun tartiblarni soddalashtirish yo‘li bilan qulayliklar yaratish nazarda tutildi.

Jumladan, VTD (Vatandosh) turdagi kirish vizasi joriy etildi. Endilikda, O‘zbekiston Respublikasida doimiy istiqomat qiluvchi va uning fuqarolari bo‘lgan qarindoshlari tomonidan berilgan taklifnoma asosida keladigan, amal qilishi mobaynida O‘zbekiston Respublikasi hududiga cheklanmagan marta tashrif buyuradigan vatandoshlar va ularning oila a'zolari uchun 2 yil muddatga viza beriladi.

Xalqaro huquq normalariga ko‘ra, davlatlar ko‘pfuqarolik tizimini taqiqlash siyosatini olib borishlari yoki aksincha, bunga ruxsat berishlari mumkin. Bu, avvalo, davlatlarning geografik joylashuvi, tarixiy-madaniy umumiyligi, aholi demografiyasi bilan asoslangan bo‘lishi lozim. Shuningdek, taklif etilayotgan fikrga ko‘ra, vatandoshlarning pensiyalari hisobidan O‘zbekistonga ehtimoliy kiritiladigan mablag‘lari aslida qanchalik investitsiya talabiga javob bera olishi ham katta savol ostida qolmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda vatandoshlar bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ularni Vatanga qaytish tartiblarini soddalashtirish, jumladan, soddalashtirilgan tartibda O‘zbekiston fuqaroligini berish, yuqori malakali kadrlarni O‘zbekistonda zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha ishga olish, ularning ijtimoiy va maishiy masalalarini hal qilishlarida yordam berish kabi ko‘plab qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.

Shu munosabat bilan, “Yuksalish” umummilliy harakati yaratilgan barcha imkoniyatlarni to‘g‘ri baholash, ulardan unumli foydalanish, shuningdek bunday qarorlar qabul qilishda masalani har tomonlama, siyosiy, ijtimoiy jihatlarini chuqur tahlil qilib, shaxsiy manfaatlardan xoli bo‘lishini inobatga olish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.

O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot bosqichida qo‘shfuqarolik masalasi dolzarb masala emas. Shu sababli O‘zbekistonda xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan ishlash, ularning mamlakat bilan aloqasini saqlab qolish hamda mustahkamlash bo‘yicha sa'y-harakatlarni izchil davom ettirish maqsadga muvofiqdir, deyiladi bayonotda.

Top