8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

10:15 / 28.05.2019 6530

Neymar Braziliya milliy jamoasi sardorlik bog‘ichidan mahrum bo‘ldi

Foto: AFP/Getty Images

Braziliya milliy jamoasida sardor o‘zgardi.

Braziliya futbol konfederatsiyasi rasmiy saytida ma'lum qilinishicha, Neymar keyingi oy Qatar va Hondurasga qarshi kechadigan o‘rtoqlik o‘yinlari va Kopa Amerika musobaqasi doirasidagi uchrashuvlarda jamoani sardor sifatida boshlab tushmaydi.

Bosh murabbiy Tite bu qarori haqida hujumchini 25 mayda xabardor qilgan. Ertasiga himoyachi Dani Alves «pentakampeonlar»ning yangi sardori etib tayinlangan.

Alves Amerika Kubogi zayavkasiga kiritilgan tarkibda eng ko‘p – 138ta o‘yin o‘tkazgan futbolchi sanaladi. U oxirgi marta o‘tgan yili mart oyida Germaniya milliy jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida sardorlik bog‘ichi bilan to‘p surgan edi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur holat – so‘nggi vaqtlarda Neymar atrofida ro‘y berayotgan yagona muammoli vaziyat emas. U YeChLning 1/8 finalida «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin hakam xonasiga bostirib kirmoqchi bo‘lgani va instagramida uni haqoratlagani uchun UYeFA tomonidan yevrokuboklardagi uch o‘yindan chetlatilgandi.

27 yoshli futbolchi jarohati tufayli uch oyni maydondan tashqarida o‘tkazib, jamoaga qaytganida esa Fransiya kubogi finalida yutqazdi va taqdirlash marosimiga yo‘l olayotib stadiondagi muxlislardan biriga musht tushirdi. Oqibatda yana uchta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi.

Neymar mavsum davomida «PSJ»ning barcha musobaqalardagi 28ta o‘yinida maydonga tushib, 23ta gol urdi va 13ta golga assistentlik qildi.

Kopa Amerika 14 iyundan 7 iyulga qadar Braziliyada bo‘lib o‘tadi. Unda mezbonlar Boliviya, Venesuela va Peru bilan bir guruhdan joy olgan.

Top