09:20 / 28.05.2019
14205

O‘zboshimchalik bilan kovlangan yo‘llar uchun endi oddiy fuqarolar ham jarimaga tortilishi mumkin

Foto: Miroslav Rotar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Jizzax viloyatidagi ijrosi nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi, deb yozmoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi a'zosi Akmal Umaraliyev.

Parlament quyi palatasi deputatlarining hududlarda aholi bilan bevosita muloqotlari jarayonida eng ko‘p ko‘tarilgan masalalardan biri bu ichki avtomobil yo‘llari nosozligi, ta'mirtalabligi, joylarda fuqarolar tomonidan ichki avtomobil yo‘llarini o‘zboshimchalik bilan qazish, uni qayta tiklamasdan buzish masalalari ko‘tarilgan.

Yaqinda parlament quyi palatasida o‘tkazilgan “Hukumat soati”da O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbarining “Xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari hamda shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalari mavjud tarmoqlarining bugungi holati, ularni yaxshilash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan axboroti eshitilgani ham muammoning naqadar dolzarbligini ko‘rsatadi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi a'zolari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida “O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyorlandi.

Shundan kelib chiqib, qo‘mita tomonidan qonun loyihasi yuzasidan deputatlar, Vazirlar Mahkamasi vakillari, mutasaddi vazirlik va idoralar mas'ul xodimlari, mutaxassislar hamda ekspertlar ishtirokida muhokama tashkil qilindi.

Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasining maqsadi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasining vakolatlarini belgilash, yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish, muhandislik kommunikatsiyasi tarmoqlarini qurish va ta'mirlashda shahar ko‘chalari, boshqa aholi punktlarining yo‘l qoplamasini demontaj qilish hamda tiklash bo‘yicha ishlarni nazorat qilish funksiyalari, ishlar sifatini buzganlik va ishlarni tegishli ruxsatlarsiz bajarganlik uchun ma'muriy javobgarlik qo‘llash tartiblarini belgilashdan iboratdir.

“Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan norma talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 147- va 245-moddalariga tegishli qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, avtomobil yo‘llarini o‘zboshimchalik bilan qazish, ularda sun'iy notekisliklar va to‘siqlar yaratish, ishlar olib borish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik hamda saqlash qoidalarini buzganlik uchun nafaqat mansabdor shaxslarga, balki fuqarolarga ham jarima solish ko‘zda tutilmoqda.

Qonun loyihasini tayyorlash jarayonida dunyoning bir qator davlatlari yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimi to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlari o‘rganildi.

Shulardan kelib chiqqan holda, kelajakda avtomobil yo‘llarining sifati va samaradorligini yanada oshirish, ularni loyihalashtirishda ilmiy yondashuvlarni amaliyotga izchil joriy etish pirovardida xalqaro standartlar darajasidagi transport infratuzilmasini shakllantirishda, sohaga yondashuvni tubdan o‘zgartirishda muhim ahamiyat kasb etadi, deb yozadi deputat.

Top