13:56 / 28.05.2019
12021
Paketlarni olib kirishga belgilangan taqiq biznes foydasiga qayta ko‘rib chiqildi
Foto: Getty Images

Prezidentning 2018 yil 18 maydagi PQ–3730-son qaroriga tegishli tuzatishlar kiritildi, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 1 yanvardan boshlab TIF TN bo‘yicha 3923 21 000 0, 3923 29 100 0, 3923 29 900 0 kodli mahsulotlarni mamlakatimizga olib kirish taqiqlangan (18.05.2018 yildagi PQ–3730-son qarorning 5-bandiga qarang).
 
Ushbu normaga ancha jiddiy tuzatishlar kiritildi:
 
birinchidan, umuman olib kirish emas, faqat «erkin muomalaga chiqarish (import)» bojxona rejimi ostida joylashtirish taqiqlangan. Ushbu aniqlashtirish bilan boshqa bojxona rejimlariga (Bojxona kodeksining 25-moddasiga qarang) joylashtirgan holda amalda olib kirishga ruxsat berilgan;
 
ikkinchidan, taqiq faqat tutqichi kesilgan yoki tutqichli polimer plyonkali paketlarga nisbatan tatbiq etiladi. Tegishincha, tutqichsiz, yuqorida sanab o‘tilgan TIF TN kodlari bo‘yicha tasniflanadigan paketlarni import qilish mumkin;
 
uchinchidan, ko‘rsatilgan tovar pozitsiyalarining xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun, shuningdek gumanitar yordam, reklama sifatida va sinov o‘tkazish uchun import qilinishi – taqiq ostiga tushmaydigan istisnoli holatlar. Avval bo‘lganidek, jismoniy shaxslar tovarlar va shaxsiy buyumlarini tashish va o‘rash chog‘ida o‘z ehtiyojlari uchun paketlarni olib kirishlari mumkin.
 
Hujjat 24.05.2019 yildan kuchga kirdi.

Top