12:11 / 29.05.2019
35643
Coca-Cola O‘zbekistonda o‘z huquqlarini himoya qildi. Namangandagi ishlab chiqaruvchi yorliq dizaynini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi
Foto: AFP 2019 / Lionel Bonaventure

AQShning The Coca-Cola Company kompaniyasi O‘zbekiston hududida Coca-Cola ichimligi uchun bir qancha tovar belgilarini qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazgan. 

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, kompaniya Namangan viloyatida joylashgan NORIN BOTTLERS MChJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan Frutto Cola ichimligining etiketkasidagi ba'zi belgilar Coca-Cola ichimligining belgilari bilan o‘xshash ekanligini ma'lum qilib, Qo‘mitadan ushbu holatni nohalol raqobat holati sifatida ko‘rib chiqishni so‘ragan. 

“Ishni ko‘rish jarayonida, NORIN BOTTLERS MChJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan Frutto Cola ichimligi etiketkasidagi ba'zi elementlarning haqiqatan ham Coca-Cola tovar belgisidagi elementlar bilan adashtirib yuborish darajasida o‘xshash ekanligi aniqlandi”, - deyiladi xabarda.

O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasida tovarni raqobatchining tovar belgisiga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan belgilardan qonunga xilof ravishda foydalangan holda etiketkalarga, o‘rovlarga joylashtirib sotish taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan. 

“NORIN BOTTLERS MChJga nisbatan qo‘zg‘atilgan ishni ko‘rib chiqish natijasida ko‘rsatilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topdi va jamiyatga Coca-Cola tovar belgisidagi elementlar bilan adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan belgilardan foydalanish holatini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Bugungi kunda NORIN BOTTLERS MChJ tomonidan monopoliyaga qarshi organning ko‘rsatmasi bajarildi, shuningdek Frutto Cola ichimligi uchun yangi etiketka dizayni ishlab chiqildi”, - deya yakunlangan qo‘mita bayonoti.

Top