8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

10:05 / 30.05.2019 2779

Mudofaa vaziri o‘rinbosari sayyor qabullar o‘tkazmoqda

28—29 may kunlari Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, general-mayor Azizbek Ikromov boshchiligidagi mas'ul mansabdor shaxslardan iborat guruh Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugning Termiz garnizonida joylashgan “Oila markazi”da sayyor qabul o‘tkazdi.

Qabul davomida Mudofaa vazirligi markaziy apparatidan iborat ishchi guruh barobarida okrug qo‘mondonligi mas'ul ofitserlari, harbiy xizmatchilar va ularning oila a'zolari hamda harbiy pensionerlarning mavjud muammolari, talab, taklif va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga amaliy ko‘mak berish yuzasidan ish olib borildi.

Turfa murojaatlar bilan sayyor qabul guruhiga yuzlanayotgan yurtdoshlarimizning og‘iri yengil, uzog‘i yaqin bo‘lmoqda. Xususan, salomatligi tufayli yillar davomida aziyat chekib kelayotgan nafaqadagi podpolkovnik G‘aribjon Safarovning sayyor qabul guruhining tashabbusi va beminnat yordamidan ko‘ngli to‘ldi. U iyun oyining birinchi o‘n kunligi ichida Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida davolanadigan bo‘ldi. Agar zarurat tug‘ilsa, hatto xorij shifoxonalariga ham yo‘llanma olishiga imkon bo‘lishiga va'da berildi.

Shuningdek, marhum harbiy xizmatchilarning oilasi ham e'tibordan chetda qolayotgani yo‘q.

“Sayyor qabul bo‘lishini eshitib, Sariosiyodan Termiz shahriga keldim. Turmush o‘rtog‘im harbiy xizmatchi bo‘lib, u vafot etgan. Hozirda oilaviy sharoitimiz og‘ir ahvolda. Mudofaa vaziri o‘rinbosari bilan uchrashib, bizni qiynayotgan muammolarni bayon etdim. U kishi mening murojaatimni tinglab, zudlik bilan muammomni hal etdilar. Buning uchun barcha tashabbuskor, fidoyi insonlarga rahmat aytaman”, – deydi Guljamol Ulasheva. 

Sayyor qabul ishchi guruhi bilan birgalikda Surxondaryo viloyatining davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham hamyurtlarimizga quloq tutarkan, ularning sog‘liqni saqlash, ta'lim, sport, bank va kredit, bandlikka ko‘maklashish kabi ijtimoiy-maishiy muammolariga yechim topdi.

- Viloyat markaziy bank boshqarmasi vakillari menga tadbirkorlik boshlashim va imtiyozli kredit olishim uchun nimalarga e'tibor qaratishim haqida muhim yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatdi, – deydi Dilshoda Shodiyeva. – Turmush o‘rtog‘im – harbiy xizmatchi. Men xususiy tadbirkorlik orqali oilaviy daromadimizga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.

Bundan tashqari, ushbu sayyor qabullar Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on hamda Sherobod tumanlarida joylashgan harbiy qismlarda ham o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, shu kabi sayyor qabullar ertaga, 30 may kuni Qarshi shaharida, 31 may kuni esa Buxoro shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Top