8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

13:43 / 30.05.2019 30637

Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdan olib kelingan o‘zbekistonliklar bo‘yicha bayonot berdi

2019 yilning 30 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan 156 nafar O‘zbekiston fuqarolari, asosan ayollar va bolalar maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelindi.

TIV bayonotida aytilishicha, ular aldov yo‘llari bilan Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududiga borib qolgan edilar.

Ushbu gumanitar amaliyot inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi asosiy xalqaro hujjatlarga to‘liq rioya etgan holda, shuningdek, xalqaro gumanitar huquqning me'yor va tamoyillaridan kelib chiqib amalga oshirilgan.

Xorijiy jangari-terroristlar bilan aloqador hamda terrorizm qurbonlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayollar va bolalarga yordam ko‘rsatish muhimligi BMT Xavfsizlik kengashining 2396-rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan.

Og‘ir hayotiy davrni boshdan o‘tkazib, Vatanga qaytgan hamyurtlarimizga O‘zbekiston hukumati reabilitatsiya va jamiyatga qayta moslashishlari uchun har tomonlama yordam ko‘rsatadi. Ularning tibbiy yordam va psixosotsial ko‘makdan foydalanishlari, ta'lim va boshqa ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari ta'minlanadi. Qutqarilgan vatandoshlarimizning tinch hayotga qaytishlari uchun, xususan ularni tegishli boshpana va ish o‘rni bilan ta'minlash borasida zarur sharoitlar yaratiladi, deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, barcha musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyida fuqarolarni qutqarish bo‘yicha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan gumanitar missiya O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, maxsus xizmatlari va boshqa idoralarining muvofiqlashtirilgan harakatlari samarasidir.

Qator xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasi va YuNISEF tomonidan muhim ko‘mak ko‘rsatilgan. O‘zbekiston tomoni mazkur tadbirda ishtirok etgan barcha hamkorlariga fuqarolarning Vatanga eson-omon qaytarishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik izhor etgan.

Turli sabablarga ko‘ra begona yurtlarda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarga ularning barchasi O‘zbekiston Respublikasi himoyasida ekanliklarini, davlat ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha choralarni qo‘llashini ma'lum qilishni muhim deb hisoblaymiz, deya yakunlanadi bayonot.

Top