12:53 / 30.05.2019
17381

Vazirlar Mahkamasi Uchtepa tumani bo‘yicha qaror qabul qilishi kutilyapti

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “2019-2021 yillarda Toshkent shahrining Uchtepa tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar, xo‘jalik birlashmalari va tijorat banklari tomonidan ishlab chiqilgan “2019-2021 yillarda Toshkent shahrining Uchtepa tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi” ma'qullanishi mumkin.

Dasturning asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

tumanni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, aholining, xususan xotin qizlar, yoshlar va kam ta'minlangan fuqarolarning bandligini ta'minlash orqali ularning daromadlarini va turmush darajasini oshirish;

kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish;

yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha investitsiya loyihalarini amalga oshirish;

sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish orqali soliq bazasini kengaytirish;

muhandislik kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholini toza ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr va issiqlik energiyasi bilan ta'minlanganlik darajasini oshirish;

aholi yashash joylarining me'moriy qiyofasini tubdan o‘zgartirish hamda obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Toshkent shahar hokimligi tijorat banklari va loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda bir oy muddatda loyihalarda qurilish ishlarini bajarish, ularni asbob-uskunalar bilan jihozlash va loyihalarni foydalanishga topshirishning aniq muddatlari ko‘rsatilgan holda tarmoq jadvallarini ishlab chiqilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tijorat banklari bilan birgalikda loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirilishini tashkil etish maqsadida tashabbuskorlarga biznes reja va tijorat banklari tomonidan kredit mablag‘lari ajratilishida talab etiladigan zarur hujjatlarni tayyorlashda amaliy yordam ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahar hokimligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Uchtepa tumani, 20 mavze, Zargarlik ko‘chasi, 10a-uyda joylashgan “Gazavtomatika” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli umumiy maydoni 11 456 kv.m. yer maydoni (bino-inshootlari bilan) negizida kichik sanoat zonasi tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Belgilab qo‘yilishicha, Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi garajlar hamda qarovsiz bo‘sh turgan yer maydonlarida yengil konstruksiyali ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obektlarini qurish uchun istisno tariqasida tuman hokimining qarori asosida ruxsat beriladi.

Respublika tijorat banklariga:

Dasturga kiritilgan investitsiya va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, respublikada ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar va ularga butlovchi buyumlarni xarid qilish uchun belgilangan tartibda kreditlar, shu jumladan chet el valutasidagi kredit mablag‘lari ajratish;

Hukumat qarorlari bilan tasdiqlangan Dasturlar asosida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ajratilayotgan imtiyozli kredit mablag‘larini birinchi navbatda kam ta'minlangan oilalar, xotin qizlar va yosh tadbirkorlarga yo‘naltirish tavsiya etiladi.

Top