8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

16:47 / 31.05.2019 31294

«Fishka». Rostdan yaxshi «yolg‘onlar» haqida

30 may kuni «Sport TV» kanalida efirga uzatilgan «Sport klubi» ko‘rsatuvida O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi xodimlari San'at Sharipov va Diyor Imomxo‘jayev, jurnalistlar Mirzahakim To‘xtamirzayev va Shahboz Beg‘amov o‘rtasida o‘ziga xos debat bo‘lib o‘tdi. Bu yig‘ilishga asosiy sabablardan biri sifatida Mirzahakim To‘xtamirzayevning sal avvalroq, futbolimiz mutasaddilarini tanqid qilib chiqarilgan, internet tarmoqlarida mashhur bo‘lgan videomurojaati sabab bo‘ldi deyish mumkin.

Jurnalistlar O‘FA, PFL boshqaruvi va asosan terma jamoa atrofidagi voqealar va natijalar haqida o‘z e'tirozlarini bildirishgan bo‘lishsa, O‘FA xodimlari tabiiy ravishda, tashkilotni himoya qilishga harakat qilishdi. Ya'ni bu safar o‘sha murojaat jonli tarzda, dialog ko‘rinishida yuzaga keldi.

Mirzahakim akaning Superliga formatidagi o‘zgarishlar, reglamentga amal qilinmasligi haqidagi e'tirozlariga qo‘shilaman. Qizig‘i, bu savollar baribir javobsiz qoldi. Bu mayli. Suhbatning ko‘p va qiziqroq qismi esa, terma jamoa, uning murabbiyi, Osiyo kubogidagi o‘yinlar va uning tahliliga bag‘ishlandi.

Dasturni ko‘ring, boshdan oxirigacha hikoya qilib berish niyatim yo‘q, juda qiziq bo‘lgan. Terma jamoa va uning BAAdagi ishtiroki haqida ham o‘z fikrimni bildirish niyatim yo‘q – bu haqida juda ko‘p marta aytdim, yozdim. Bu ko‘rsatuvda e'tiborimni tortgan boshqa jihat haqida yozmoqchiman.

Jurnalistlarning terma jamoaga bo‘lgan e'tirozlari quyidagicha yangradi:

— Osiyo kubogidan oldin, Kuper kelguncha bir yil terma jamoamiz deyarli murabbiysiz qoldi.

— Avstraliyadagi yig‘in kerak emasdi, noo‘rin tashkil qilindi.

— Osiyo Kubogi oldidan o‘rtoqlik o‘yini tashkil qilinmadi.

— Kuper jamoasi ishonchli o‘yin ko‘rsata olmadi, Avstraliyadan o‘ta olmadik.

— Murabbiylar shtabi Denisov, Bikmayev, Shomurodov masalasida, umuman tarkib tanlashda adashgani isbotlandi.

— Penaltilar seriyasiga shtab munosib tayyorgarlik ko‘rmagani bilinib qoldi, buni 15 yil oldin nuqtadan adashgan Bikmayevning seriyada qatnashganidan bilish mumkin.

Va hokazo..

Ba'zi savollar rostdanam, bevosita O‘FAning terma jamoalar bo‘limiga, bevosita studiyada qatnashgan maslahatchilarga yo‘naltirilgani to‘g‘ri. Javoblar ham berildi. Masalan, bir yillik tanaffusning sababi sifatida murabbiylarning mundialdan bo‘shashlari kutilgani keltirildi. Avstraliyadagi yig‘in Janubiy Koreya bilan o‘ynash uchun imkoniyat edi va murabbiyning o‘zi buni xohladi. O‘rtoqlik o‘yiniga kelsak, buni ham bosh murabbiy rad etdi, aks holda tashkil qilinishi mumkin edi va hokazo.

Qaysidir ma'noda munosib javoblar berilyapti, to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri, rost va yolg‘on, baribir, mantiq bor. Bu yerda xato emas, kimdir noto‘g‘ri deb hisoblaydigan qarorlar bor, xolos. Tushunarli.

Meni ko‘proq ikkinchi qism hayratlantirdi. Qizig‘i, O‘FA xodimlari Kuperning murabbiy sifatidagi qarorlarini ham himoya qilishga kirishib ketishdi. Terma jamoaning yomon natija qayd etganiga javoban, aslida juda yaxshi o‘yin ko‘rsatilgani aytildi. Penaltilar seriyasidagi voqealarda ham, go‘yoki murabbiylar shtabi a'zosi sifatida javob bera boshlashdi. Ya'ni go‘yoki, jurnalistlar Kuperga qarshi, mutasaddilar esa, Kuperning himoyachisi sifatida ko‘rinib qoldilar. Nega axir?

Menimcha, aslida O‘FA xodimlari bunday pozitsiyada bo‘lishlari, umuman Kuperni yoki terma jamoa natijalarini himoya qilishlari shart emas. O‘FA o‘zi chiqargan qarorlarga javobgar – aytaylik, San'at Sharipov «Terma jamoa tajribali kuchli murabbiy kerak edimi? Kuper tayinlandi. Nima e'tiroz? Unga keraklicha o‘rtoqlik o‘yinlari va raqiblar topib berildimi? Berildi. Nima e'tiroz? Tayyorgarlik uchun barcha sharoit qilindimi? Qilindi, nima e'tiroz?», deganida haqli bo‘lardi.

Axir u Kuper tanlovi noto‘g‘ri bo‘lganini oqlashga muhtojmas. Gap tizimda ekan, juda zo‘r ishlaydigan tizimlarda ham murabbiy tanlovi borasida kutilgan natija bermay qolishi mumkin. Marchelo Lippi Italiyani JCh-2010ga olib kelganda, jahon chempioni edi, lekin guruhda sharmanda bo‘ldi, misol uchun.

O‘FA xodimi Kuperning tarkib borasidagi, penaltini kim tepishi borasidagi qarorlarini oqlashga muhtoj emas. Shartnoma qilindi, tarkib yig‘ib berildi, tayyorgarlik qilib berildi, ayni o‘sha paytda, Avstraliya bilan penaltilar seriyasida O‘FA nimayam qila olardi, to‘g‘rimi? Maydondagi voqealar endi u, futbol, o‘yin, har narsa bo‘lishi mumkin.

Go‘yoki, futbolimizda ikki sub'yekt – bir tomonda O‘FA va terma jamoa shtabi, ikkinchi tomonda muxlislar va jurnalistlar turganga o‘xshab qoldi.

Aslida bu yerda uch tomon bo‘lishi kerak. O‘FA va uning mutasaddilari alohida, terma jamoa murabbiyi va uning shtabi alohida sub'yekt sifatida tushunilishi lozim. Ana shunda har qanday musobaqadan keyin, jurnalistlar va mutaxassislar tahlil qiladi, tanqid qiladi. Terma jamoa shtabi o‘z pozitsiyasini bildiradi. O‘FAdagi terma jamoalar bilan ishlash bo‘limi esa xolis uchinchi tomon sifatida, vaziyatni tahlil qiladi, baholaydi, terma jamoa murabbiylaridan natija talab qiladi yoki savollar beradi.

O‘FA xodimi jurnalistlar bilan muloqotda zo‘r berib aslida terma jamoada ishlar joyida ekani, yaxshi o‘yin ko‘rsatilganini isbotlashga urinish o‘rniga, ichkarida ham o‘yinlar chuqur tahlil qilinib, Kuper bilan munozara olib borilgani, e'tirozlar bildirilgani haqida ma'lumotlar bersa yaxshiroq bo‘lardi. Jurnalistlar terma jamoa o‘yinini tanqid qilganlari bilan, ertagayoq Kuperni iste'fosini talab qilishmayapti – shunchaki, mutasaddilarda terma jamoa o‘yiniga tanqidiy yondashuv umuman yo‘qligi ularni xavotirga solyapti, xolos.

Yuqorida aytganimdek, Kuperning tayinlanishi o‘sha vaqt uchun to‘g‘ri edi – tajribali chet ellik murabbiy, tamom. Agar natijalar yomon bo‘lsa, iste'foga chiqariladi – bu ham to‘g‘ri qaror. Bu ikki qarorda ziddiyat yo‘q. Lippining Italiyani boshqarishi 2006 yilda muvaffaqiyatga, 2010 yilda sharmandagarchilikka olib kelganidek, har qanday qarorga o‘sha davr, makon va vaziyatlar taqozo qiladi. Ya'ni, agar O‘FA bugun Kuperning ishidan norozi bo‘lsa, bu degani olti oy oldin xato qilganini tan olgan bo‘lib chiqmaydi.  

Bu yerda ikkita eng muhim kamchiligimiz o‘rtaga chiqadi.

O‘FA, terma jamoa, umuman har qanday tashkilotning ishlariga baho berishda eng muhim o‘ringa natijani olib chiqib qo‘yamiz. Oqibatda, jurnalistlar natija tufayli O‘FA boshqaruvini tanqid qiladi – aslida, O‘FA boshqaruvining natijasi Avstraliya bilan o‘yin emas – terma jamoani shakllantirishda yaratilgan sharoitlar bo‘lishi kerak.

O‘z navbatida, O‘FA ham o‘zining yaxshi ishlaganini ko‘rsatish uchun, natijani pesh qiladi, tinmasdan aslida Osiyo Kubogidagi natija yaxshi bo‘lganini, Avstraliya kuchli bo‘lganini tushuntirishga urinadi, xolos. Aslida, futboldagi natija oqibat emas, mukofot xolos – har qanday natijadan qat'i nazar, boshqaruvdagi kamchiliklar tahlil va tanqid qilinishi normal holatga aylanishi kerak.

Ertaga, kimnidir o‘xshab qolgan zarbasi bilan mundialga chiqib qolsak, hammamiz zo‘r ishladik deb maqtanishni istab qolsak, indinga, o‘sha zarba qiyshiq ketib qolsa, har qancha zo‘r ishlanilmasin, sharoitlar yaratilmasin, yomon ishlagan tashkilotga aylanib qolish xavfi ham bo‘ladi.

Ko‘p sohalarda natijalarga qarab maqtanish oson ko‘rinadi, terma jamoaga mana bunaqa sharoitlar qilib berdik, mana bunday o‘zgarishlar qildik deb uzundan uzoq tushuntirishdan ko‘ra, terma jamoa mening davrimda falon natija ko‘rsatdi, deb qo‘yish ancha ishonarli va aniqqa o‘xshab chiqadi.

Buning yanada xavfli tarafi shundaki, rahbar faqat o‘zi ishlagan davrdagi natijalarga urg‘u qaratishga qiziqib ketadi – masalan kelajak o‘n yildan keyin natija beradigan juda samarali loyihalardan voz kechishi ham mumkin. Axir o‘n yildan keyin boshqa rahbar hosilini teradigan bo‘lsa, buning ustiga «men kelib shu ishlarni qildim» deydigan bo‘lsa, alam qiladi-da. Shu bilan birga, bugun muammo chiqarayotgan ba'zi eski qarorlardan ham qutulgisi keladi – eski davrni yomonlash, eski davr bilan taqqoslash avj oladi.

Albatta, futbol barcha uchun ochiq soha, aslida uning rahbari ham xalq tomonidan saylanadi, e'tibor qozonish uchun ba'zida o‘zini ko‘rsatish, populistik qarorlar qilish, xalqqa yoqadigan islohotlar qilish samarali bo‘lishi turgan gap. Ammo shu bilan birga futbolning ilmiy qismi ham bor – ya'ni tashkilot ilm bilan ham shug‘ullanishi, barcha uchun ko‘rinmasa-da, hozir yoki keyin futbolimizni yuqoriroq pog‘onaga ko‘tarishi mumkin bo‘lgan asosli loyihalarga ham qo‘l urilishi shart.

Ikkinchidan. Kechagi o‘sha bahsda «fishka» degan atama ishlatildi. Masalan, murabbiylar ba'zida shogirdlariga ruhiy ta'sir qilish uchun biroz yolg‘on ishlatishadi, «biz turnirda g‘alaba qozonmoqchimiz» deyishadi. Yoki turnir tugagach, jurnalistlar bosimidan qutulish uchun «bizda g‘olib chiqish vazifasi yo‘q edi, bu bir tayyorgarlik vazifasini o‘tadi», deyishadi. Bu ayb emas, hamma joyda ishlatiladigan so‘z o‘yinlari – jamoa muhitini, futbolchilar ruhiyatini ushlab turish uchun qo‘llaniladi.

Meni o‘ylantirgani, O‘FAdagilar terma jamoa BAAdagi musobaqada juda yaxshi o‘ynadi, biz Kuperga ishonamiz, futbolchilar xursand, jahon chempionatiga chiqish uchun bor imkoniyat ishga solinmoqda, terma jamoada bo‘layotgan ishlardan, ko‘rsatilayotgan o‘yinlardan rozimiz, deyishayotganda, ana shunday «fishka»ni ishlatishyaptimi?

Agar shunday bo‘lsa, qaniydi, bu menga balki O‘FAning ichkarisida aslida terma jamoaga o‘ta qattiq talablar qo‘yilayotgani, murabbiylar shtabidagi ba'zi xatolar tahlil qilinib, boshqa qaytarilmasligi ustida ish olib borilayotgani borasida ba'zi umidlar paydo qiladi. Aks holda...

Ya'ni rostdan ham O‘FAda ishlayotgan barcha terma jamoamizdan to‘liq rozi bo‘lsa, yangrayotgan fikrlar rostdan ham samimiy bo‘lsa, bu gaplar tashkilotni himoya qilish uchun emas, shaxsiy fikr sifatida aytilayotgan bo‘lsa, O‘FAda Kuperga tanqidiy yondashadigan hech kim bo‘lmasa... Bunisi yomon.

Qahramon Aslanov

Top