8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

10:50 / 31.05.2019 14110

Jyeffri Devid Saks: AQSh va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy urush O‘zbekiston uchun ham salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin

Kolumbiya Universitetining Barqaror rivojlanish markazi direktori Jyeffri Devid Saks O‘zbekistonga tashrifi davomida bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov bilan uchrashdi. Mazkur uchrashuvdan so‘ng Kun.uz muxbiri bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda u O‘zbekistonning iqtisodiy jihatdan yuksalishiga to‘siq bo‘layotgan omillar, AQSh hamda Xitoy o‘rtasidagi savdo urushining O‘zbekistonga ta'siri, Samarqanddagi Ipak yo‘li universitetining muvaffaqiyatlari va boshqalar to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

— Sizning Vestminster xalqaro universitetiga tashrif buyurganingiz va ayrim hukumat rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazganingiz haqida eshitdik. Mansabdor shaxslar bilan o‘tkazgan muzokaralaringiz va Vestminster universitetida qilgan ma'ruzangiz haqida qisqacha ma'lumot bersangiz.

Barqaror rivojlanishga erishish masalasi dolzarbligi hech kimga sir emas. Iqtisodiy rivojlanish ayni vaqtda ijtimoiy va ekologik jihatdan barqarorlikni anglatadi. Men bu yerda BMTning mamlakatingizdagi rasmiy vakillari, Vestminster xalqaro universiteti o‘qituvchilari va talabalari, shu bilan bir qatorda yuqori lavozimli amaldorlar bilan ham muzokaralar o‘tkazdim. Shuni aytib o‘tishim kerakki, O‘zbekistonning ulkan salohiyatga egaligiga to‘liq ishonaman. Chunki, bugungi kunda Yevroosiyo bo‘ylab aloqalar o‘rnatilishiga katta qiziqish ortib bormoqda va mintaqa markazida joylashgan O‘zbekiston sharqdagi, g‘arbdagi, shimoldagi va janubdagi davlatlarning barchasi bilan o‘zaro mustahkam aloqalarga ega. Hozirga kelib davlatingiz Yaqin Sharq, Xitoy, Rossiya hamda Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan ham ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirmoqda. Bu esa juda quvonarli holat. Agar ushbu mintaqada tinchlik bardavom bo‘lsa va aholining tub ehtiyojlariga yetarlicha e'tibor qaratilsa, mamlakatingizda katta natijalarga erishish uchun ulkan salohiyat mavjud. Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardagi asosiy masalalar aynan shu mavzularga qaratildi.

—AQSh va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy urush boshqa mamlakatlarga, shu jumladan, O‘zbekistonga ta'sir ko‘rsatadi deb o‘ylaysizmi?

Agar keng qamrovli iqtisodiy urush yuz beradigan bo‘lsa, bu nafaqat AQSh va Xitoy balki boshqa davlatlar, jumladan O‘zbekiston uchun ham salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Chunki ular dunyodagi bozor iqtisodiyoti eng rivojlangan davlatlardir. Agar ular hamkorlik qilsa, jahon iqtisodiyoti o‘sib boradi, yangiliklar va ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Agar ular bir-biri bilan ziddiyatga borsa, boshqa mamlakatlar o‘zlari uchun ushbu ikki davlatdan qaysi biri bilan hamkorlik qilishni tanlashiga to‘g‘ri keladi. Bu juda xatarli. Bu mojaroni Qo‘shma Shtatlar boshlagani meni tashvishlantirmoqda. Bu oxiri o‘ylanmasdan, shoshma-shosharlik bilan amalga oshirilgan ish. Fikrimcha, ko‘plab amerikalik siyosatchilar va boshqa mutasaddi shaxslar Xitoyga hasad qilishmoqda. Xitoy juda qudratli bo‘lib ketsa, Amerika Qo‘shma Shtatlariga quloq solmay qo‘yadi. Bu AQSh siyosatchilari juda kibrli, ular hech qanday raqobatchini xohlashmaydi. Shuning uchun ular Xitoyning rivojlanishini to‘xtatishga urinmoqda. O‘ylashimcha, bu hech qanday natija bermaydi. Ushbu harakat juda qimmatga tushishi mumkin, lekin umid qilamanki, har ikki tomon ham kelishuvga erishadi, AQSh tomonidan ilgari surilayotgan cheklovlarga barham beriladi. Chunki agar vaqtida hal qilinmasa bu ziddiyat juda xavfli tus olishi mumkin.

—Iqtisodchi sifatida O‘zbekistonning hozirgi iqtisodiy rivojlanish sur'ati haqida nima deya olasiz?

O‘ylaymanki, O‘zbekiston bugungi kunda jadal rivojlanish davrida. Chunki hozirgi paytda hukumat ko‘plab islohotlar o‘tkazmoqda, iqtisodiyotda shaffoflikni ta'minlashga urinmoqda. Prezidentingiz qo‘shni davlatlarga tashrif buyurib, do‘stlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishga urinishi, ularni qayta tiklashi yaxshi albatta. Shu bilan birga, Xitoy «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusini ilgari surayotgan bir paytda O‘zbekiston yangi aloqalar o‘rnatishi, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirib, ushbu ulkan hudud ichida markaz bo‘lishdan foyda olishi uchun qulay imkoniyat yuzaga kelgan. Shu sababli, o‘ylashimcha, biz hozirgi vaqtda tuzilmaviy islohotlarning va rivojlanish imkoniyatlarining jadallashayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

—O‘zbekiston qanday qilib Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lgani kabi ilg‘or tadqiqot markazlarini shakllantirishi mumkin?

Hozirda jahon hamjamiyatida O‘zbekistonga, Markaziy Osiyo mintaqasiga va umumiy qilib aytganda Yevroosiyo hududidagi hamkorlikka qiziqish katta. Fikrimcha, agar O‘zbekiston Samarqanddagi Ipak yo‘li universiteti kabi g‘oyalarni ilgari surishda davom etsa, xalqaro maydonda hamkorlar topish, soha mutaxassislarini va ilmiy izlanish olib borayotgan talabalarni yurtingizga jalb qilish va shu orqali olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish qiyin bo‘lmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish dasturiga mas'ul shaxs sifatida aytishim mumkinki, bu kabi xalqaro hamkorlikni targ‘ib qilishda va O‘zbekistonga bu borada ko‘maklashishda qo‘limdan kelgancha yordam berishga harakat qilaman. Bu haqda bugungi uchrashuvda hukumat vakillariga ham aytdim hamda Vestminster xalqaro universitetini ushbu dastur tarmog‘iga qo‘shilishga chaqirdim. Ular buni ijobiy qabul qilishdi va mana hamkorlik aloqalari boshlandi.

Top