08:56 / 31.05.2019
11650

Senat xorijiy investitsiyalar umuman jalb etilmagan tashkilotlar ro‘yxatini ma'lum qildi

Foto: Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati

2019 yil 30 may kuni Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari hamda Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitalarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining joriy yil birinchi choragida amalga oshirgan ishlari to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, 2019 yilda 6,8 mlrd. dollar, ya'ni 2018 yilga nisbatan 1,2 barobar ko‘p miqdorda xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirish, bunda ularning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan hajmini 206 AQSh dollariga yetkazish ko‘zda tutilgan. Joriy yil uchun 345 ta tarmoq investitsiya loyihasi bo‘yicha o‘zlashtirish rejasi 7,8 mlrd. AQSh dollarini,  2019 yilning yanvar-mart oylarida o‘zlashtirish 2 193,3 mln. AQSh dollarni yoki hisobot davri uchun o‘rnatilgan rejaga (1 171,4 mln. AQSh doll.) nisbatan 187,2 foizni hamda yillik reja ko‘rsatkichlariga nisbatan 28,0 foizni tashkil etdi.

Foto: Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati

2019 yilda moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan jami 137,7 trillion so‘m hajmdagi kapital qo‘yilmalarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgani, shundan joriy yilga mo‘jallangan Investitsiya dasturi doirasida 112,2 trln. so‘m manzilli, shu jumladan markazlashtirilgan investitsiyalar – 41,6 trln. so‘m, markazlashtirilmagan investitsiyalar – 70,6 trln. so‘mni tashkil etgani borasida atroflicha ma'lumot berildi. O‘z navbatida, 2019 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, investitsiyalarni o‘zlashtirishning umumiy qiymati 34,3 trln. so‘mni tashkil etdi, o‘sish sur'ati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobarga yetdi.

Buning barobarida, investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va ularni hal qilish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilayotganiga e'tibor qaratildi. Xususan, joriy yil birinchi choragi mobaynida 96 ta loyiha bo‘yicha investitsiyalarni o‘zlashtirish ortda qolgan. Ular yuzasidan tegishli choralar ko‘rish borasida takliflar ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilmoqda.

Ta'kidlanganidek, vazirlik tomonidan 2018 yilda va 2019 yilning o‘tgan davri mobaynida mamlakat investitsiya siyosatini amalga oshirish dasturlari ijrosini ta'minlash, joriy yilda eksport salohiyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuklatilgan vazifalar borasida muayyan ishlar qilingan.

Xususan, so‘nggi yilda ichki moliyaviy resurslar cheklanganligi sharoitida iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va uning raqobatbardoshligini oshirish asosida O‘zbekiston Respublikasining barqaror va muvozanatli iqtisodiy o‘sishini ta'minlashda investitsiyalar, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning o‘sish sur'ati 18 foizdan oshgan. Shunga qaramay, o‘rganish jarayonida “O‘zbekipaksanoati” uyushmasi, “O‘zbekgidroenergo”, “O‘zbekiston havo yo‘llari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJlari hamda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va Transport vazirliklari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan bugungi kunda xorijiy investitsiyalar umuman jalb etilmaganligi ma'lum bo‘ldi. Bundan tashqari, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zagrotexsanoatxolding”, “O‘zavtosanoat” va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJlari, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning hajmi pastligicha qolganligi qayd etildi.

Top