11:53 / 31.05.2019
23623

Toshkentda YPX xodimlariga tahdid qilib, mushtlashuv yuzaga keltirishga uringan uch shaxs bo‘yicha ma'lumot berildi

Foto: KUN.UZ

Kecha, 30 may kuni, taxminan soat 19.00da Olmazor tumani Sag‘bon ko‘chasida YPX inspektori tomonidan davlat raqami Qashqadaryo viloyatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Neksiya-2” rusumli avtomobil to‘xtatildi, deb xabar bermoqda Toshkent IIBB.

Avtomobilni boshqarib borgan, Olmazor tumanida yashovchi 38 yoshli M.T. ichki ishlar organlari xodimining hujjatlarni taqdim etish to‘g‘risidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmagan. Dastavval, u inspektordan barcha hujjatlarni ko‘rsatishni, so‘ng – komandirni chaqirishni talab qilgan. Uning yoniga inspektorning to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbari kelganidan so‘ng ham M. tinchlanmasdan hujjatlarni taqdim etmadi va otasi va akasini “yordamga” chaqirgan. M.ning akasi xodimlarga o‘zga shaxsga tegishli bo‘lgan, ya'ni M.ga tegishli bo‘lmagan haydovchilik guvohnomasini ko‘rsatgan. 

Xodimlar, haydovchining yonida transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari bo‘lishi kerakligini aytganlarida, M. va uning qarindoshlari xodimlarga tahdid qilib, ularni haqoratlab mushtlashuv yuzaga keltirishga harakat qilishgan. 

Voqea joyiga yetib kelgan PPX va Milliy gvardiya xodimlari uchala fuqarolarni ichki ishlar bo‘limiga olib ketishgan va u yerda ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar tuzilgan. 

Xususan, M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-moddasi (“Haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi”), 135-moddasi (“Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi”), 135-1-moddasi (“Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining talablarini buzish”) bo‘yicha, L. va A.T.ga nisbatan esa yuqoridagi kodeksning 194-moddasi (“Ichki ishlar xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”), 195-moddasi (“Ichki ishlar xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish”) bo‘yicha bayonnomalar tuzildi. 

M. va uning qarindoshlarining bezoriliklari aks etgan video bilan birga barcha materiallar qonuniy hukm chiqarilishi uchun sudga topshiriladi, deyiladi xabarda.   

Top