02:23 / 01.06.2019
8075

BMT O‘zbekistonning "Mehr" amaliyotini yuqori baholamoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) hamda UNICEF O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan, notinch  hududlardan o‘zbekistonliklarni qaytarishga doir amalga oshirilgan "Mehr" amaliyotini yuqori baholamoqda. Tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari ayollar va bolalarning jamiyatga integratsiyalashuvida hukumat bilan hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirishdi. 

"UNICEF'dagi hamkasbim bilan Suriyadan keltirilgan 156 nafar o‘zbekistonlik joylashtirilgan sanatoriyni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov bilan ko‘zdan kechirdik. BMT qaytarilgan o‘zbekistonliklarni reabilitatsiya, reintegratsiya qilishda qanday yordam ko‘rsatishi mumkinligini aniqlash uchun joylarda yaratilgan sharoitlarni o‘rgandik. Ta'kidlash joizki, davlat tomonidan yaratilgan sharoitlar yetarli ekaniga guvoh bo‘ldik", - deydi BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bosh vazirning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bilan o‘tgan muloqotda BMT ayollar va bolalarning jamiyatga qaytishi, daromad manbalarini topishi, o‘qishi va xavfsiz yashashiga qanday yordam ko‘rsatishi mumkinligi haqida suhbatlashilgan. 

"Biz oilalar yashaydigan joylarni ko‘zdan kechirdik, ularning har birida ona va bolalar uchun alohida xonalar ajratilgan. Bizga ma'lum bo‘lishicha, 3 nafar ota-onasiz bola bor, ular davlat tomonidan alohida qo‘llab-quvvatlanadi. Bu yerda ularni qo‘llab-quvvatlash uchun ta'lim, sog‘liqni saqlash xizmatlari mobillashtirilgan. UNICEF va BMTning boshqa tashkilotlari bolalarga zarur ijtimoiy-psixologik yordamni ko‘rsatadi. Fikrimizcha, bolalarning ehtiyojlari barchasidan ustun va biz ularning reabilitatsiyasida hukumatga imkon qadar yordam berishdan mamnun bo‘lamiz hamda ularning bu yo‘lda amalga oshirayotgan sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz", - dedi Freyzer xonim. 

UNICEF'ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Grauman ham bu borada o‘z fikrini bayon qildi: 

"UNICEF O‘zbekiston hukumatining Iroq va Suriya kabi notinch hududlarda tug‘ilgan bolalar uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olganini qo‘llab-quvvatlaydi. Hodisa shunisi bilan ahamiyatliki, bu bolalar u yerlarda dahshatli hodisalarni boshdan kechirishgan, ularni chidab bo‘lmas sharoitlarda saqlashgan. Biz bu yerdagi vaziyat bilan tanishib chiqdik va O‘zbekiston hukumati bu bolalar uchun barcha sharoitlarni yaratayotganidan xursandmiz", - deydi u. 

Graumanning ta'kidlashicha, bosh vazir o‘rinbosari bilan suhbat yakuniga ko‘ra, UNICEF bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatga integratsiyalashuvi uchun ijtimoiy-psixologik yordam beruvchi mutaxassislar bilan ta'minlashiga kelishib olingan. 

"Prezidentning ushbu vaziyatni shaxsan o‘z nazorati ostiga olganidan, qaytganlarning bari O‘zbekiston fuqaroligini olishiga doir qaror qabul qilganidan juda xursandmiz. Bu juda muhim, chunki hech bir bola fuqaroliksiz qolmaydi. Bolalarning jamiyatga  integratsiyalashuvida O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Biz bu yerda ayollar va bolalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik va davlat tomonidan bolalar uchun barcha sharoitlar yaratilganiga ishonch hosil qildik", - deya so‘zlarini yakunladi UNICEF vakolatxonasi rahbari. 

Ta'kidlash joizki, 30 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan 156 nafar vatandoshimiz Yaqin Sharqdagi qurolli harakatlar davom etayotgan nuqtalardan O‘zbekistonga qaytarildi, ular Toshkent xalqaro aeroportida kutib olindi. "Mehr" nomli mazkur amaliyot doirasida O‘zbekistonga qaytganlarning 48 nafari ayollar bo‘lsa, 107 nafarini yosh bolalar tashkil qildi.

Prezident topshirig‘iga muvofiq hukumat qarori bilan Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov rahbarligida Maxsus komissiya tashkil etildi va uning tarkibiga kirgan barcha mas'ul vazirlik hamda idoralar mutasaddilariga aniq vazifalar belgilab qo‘yildi. Abduhakimovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, O‘zbekistonga qaytgan ayollar va bolalarga fuqarolik hujjatlarini berish choralari ko‘riladi, ayollarga tegishli tartibda nafaqa belgilanadi, ularni doimiy ish bilan ta'minlash masalasi ko‘riladi, bolalar esa maktabgacha ta'lim muassasasi va maxsus maktablarga jalb etiladi. Ayni damda ular o‘rtasida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etilib, sog‘lomlashtirish ishlari boshlab yuborilgan. 

Top