8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

18:45 / 01.06.2019 5254

Nukuslik Baurjonga qo‘mondon velosiped sovg‘a qildi

Baurjon Nukus shahri, Do‘stlik ko‘chasidagi 23-uyda istiqomat qiladi. U kelajakda harbiy bo‘lishni orzu qiladi. Afsuski, tug‘ma nogiron. Harbiy sohada sportning o‘rni, ahamiyati beqiyos ekanligini yaxshi biladi. Agar jismoniy imkoniyati cheklanmaganida... u albatta harbiy xizmatchi bo‘lib Vatanini himoya qilardi. Yaqinlarining aytishicha, Baurjon tengdoshlariga nisbatan zukko va tirishqoq ekan. U har doim yaqinlari mehri muhabbatini his qilib yashayapti. Yaqinlari uning suyanchiqlari. Lekin shunday bo‘lsa ham hamma istaklarini ularga aytishga biroz istihola qiladi. Baurjonning yana bir orzusi bor u velosipedi bo‘lishni juda-juda xohlaydi. 

6 yoshli Baurjon Yesenov Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoniga yozgan maktubida o‘z orzularini, istaklarini shunday bayon etadi. O‘zgalarga mehr-muruvvvat, xayru saxovat ko‘rsatish millatimizning qon-qoniga singib ketgan. Bu azaliy qadriyatlarimizdan. Albatta, harbiylarimizning milliy qadriyatlarimizga hurmati baland. Ular ham saxovatni e'zozlaydi, o‘zgalarga ezgulik ulashib ko‘ngillarni nurafshon qilishni oliy maqsad, ezgu ish deb bilishadi.

Baurjonning maktubi e'tiborsiz qolmadi. Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida shaxsan harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Dilshod Choriyev ularning uyiga tashrif buyurdi. Qo‘mondonning qo‘lidan bayram sovg‘asi – velosipedni qabul qilib olgan Baurjonning o‘sha damdagi quvonchini ta'riflashga so‘z ojiz. Bu manzarani hayajon  bilan kuzatayotgan ona ko‘z yoshlarini tiyolmadi.  

– Kutilmagan voqea bo‘ldi. Darvozadan kirib kelgan harbiylarni ko‘rib shoshib qoldim. O‘g‘limning quvonganini ko‘rsangiz edi, – deydi Baurjonning onasi Sovle opa. – Baurjon harbiylarni juda yaxshi ko‘radi. Qo‘mondon bilan suhbatda o‘g‘lim bu haqda ularga ham to‘lqinlanib gapirdi. O‘g‘lim velosiped haydashga qiziqadi. Lekin uning bu istagini amalga oshirishga moddiy imkoniyatimiz to‘g‘ri kelmasdi.  Yaxshilarning ko‘magida Baurjonning istagi amalga oshdi. Bu kunni hech qachon unutmaymiz. Ilohim, hayoti, kun-u tuni ezgulikka esh yaxshilarning umri ziyoda bo‘lsin.
 
Shu kuni Sovle opa ham muruvvatdan benasib qolmadi. Unga mikroto‘lqinli pech, oilaning yana bir a'zosi – Dianaga esa badiiy kitoblar, yumshoq o‘yinchoqlar va shirinliklar taqdim etildi.

Shuningdek, okrug qo‘mondonligining tashabbuskor guruhi bayram munosabati bilan Nukus shahar Donolar ko‘chasi 56-uyda istiqomat qiluvchi, xizmat vazifasini bajarish vaqtida nogironlik orttirgan sobiq harbiy xizmatchi, 1-guruh nogironi Qalila Jumanovning ham xonadoniga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Q.Jumanovning farzandlari Dilshodbek, Sardor va Mohinurga sport kiyimlari, shaxmat to‘plami va boshqa sovg‘alar topshirildi.

Tadbir doirasida Nukus shahridagi Melana restoranida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug harbiy qism va muassasalari harbiy xizmatchilarining nogiron farzandlari uchun xayriya tadbiri o‘tkazildi. Tadbir doirasida konsert dasturi namoyish etildi, bayram dasturxoni yozildi va kichkintoy mehmonlarga sovg‘alar ulashildi.

Top