10:54 / 01.06.2019
7747

«O‘zbekiston temir yo‘llari»ning vazifa va vakolatlarini Transport vazirligiga o‘tkazish yuzasidan hukumat qarori nega qabul qilinmayapti?

Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining joriy yil birinchi choragida amalga oshirgan ishlari to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, aholining uzog‘ini yaqin qilish maqsadida joriy yilda 107 ta yangi yo‘lovchi tashish avtomobil yo‘nalishini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, hisobot davrida respublika bo‘yicha jami 10 ta yangi avtobus yo‘nalishi ochilgan. 

Ta'kidlanishicha, 2019 yilda yo‘l qurilish obektlarida loyihalash va yo‘l-qurilishini nazorat qilish usullarini takomillashtirish orqali qoida buzish holatlari 30 foizgacha kamaytiriladi. 

Qayd etilganidek, joriy yilda avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 83 ta loyiha-smeta hujjati ishlab chiqildi va tasdiqlandi.  2019 yilda 120 ta yo‘l-qurilish, ta'mirlash texnikalari, avtotransport vositalari va mashina-mexanizmlarini yetkazib berish uchun “JV MAN Auto-Uzbekistan”, “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi”, “UzXCMG” va “Samavto” qo‘shma korxonalari bilan 100 mlrd. so‘mlik shartnomalar tuzildi. Hozirda ushbu 120 ta texnikadan 11 tasi yetkazildi, qolgan 109 tasi iyun-oktabr oylarida belgilangan jadval asosida berilishi rejalashtirilgan.

Majlisda senatorlar tomonidan Transport vazirligi faoliyati samaradorligi hamda belgilangan ayrim vazifalarning ijrosi to‘liq ta'minlanmagani qayd etildi. Jahon bankining (Logistic performance Index) logistika samaradorligi Indeksi metodologiyasiga muvofiq respublika transport-logistika kompleksi holatini baholash tizimini joriy etish bo‘yicha 2019–2020 yillarga mo‘ljallangan amaliy chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilganiga qaramasdan belgilangan muddatda tasdiqlanmagan hamda har bir baholash mezonlarini o‘rganish vazifasi bajarilmagan. 

Shu bilan birga, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning tartibga solish funksiyalari, vazifalari va vakolatlarini Transport vazirligiga o‘tkazish yuzasidan hukumat qarori qabul qilinmagan, deyiladi xabarda.

Top