8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

17:20 / 02.06.2019 37063

Ekspert bilan intervyu: Germaniya prezidenti O‘zbekistonga nega tashrif buyurgandi?

Germaniya Federativ Respublikasi prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerning 27-29 may kunlaridagi O‘zbekistonga tashrifi jamoatchilikda qiziqish uyg‘otish bilan birga ko‘plab masalalarda mulohaza qilishga yo‘l ochib berdi. Tashrif va davlatlararo munosabatlar haqida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo instituti bo‘lim rahbari Bahrom Sotiboldiyev Kun.uz'ga o‘z fikrlarini bildirdi. 

— Germaniya Federativ Respublikasi prezidenti janob Frank Valter-Shtaynmayyerning O‘zbekistonga tashrifini ikki mamlakat munosabatlari izchil ravishda mustahkamlanib borayotgani bilan bog‘lash mumkin. Ayniqsa, oxirgi ikki yilda bu munosabatlar yanada yaxshilandi. Masalan, 2017 yil noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, 2018 yilda esa Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Germaniyaga tashrif buyurgan edi. 2019 yil yanvarda esa Prezident Shavkat Miromonovich Germaniyaga davlat tashrifi bilan bordi, har tomonlama manfaatli masalalarda muzokaralar o‘tkazildi, amaliy natijalarga ham erishildi. Davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan biznes forumda ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida 8 mlrd yevro miqdoridagi turli shartnomalar imzolandi.

O‘zbekiston Germaniyaning tashqi siyosiy tashabbuslarini doimo qo‘llab-quvvatlagan. Yevropa Ittifoqida ham Germaniyaning nufuzi va salohiyati alohida maqomga ega. Germaniyaning yillik yalpi ishlab chiqarayotgan mahsulotining hajmi 3 trln 300 mlrd dollar atrofida baholanadi. Germaniya tayyor mahsulot eksporti bo‘yicha ham dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi. Aholisi 82 mln kishi. Yaqin yillargacha ikki mamlakat munosabatlarini iqtisodiy masalalarda mustahkamlashga valuta konvertatsiyasi muammoligi to‘g‘anoq bo‘layotgan edi. Bu masala hal etilishi germaniyalik ishbilarmonlarning O‘zbekistonga qiziqishini oshirmoqda.

Ochiq siyosat olib borilishi natijasida O‘zbekiston jahon, xususan, german hamjamiyatiga o‘zining ijobiy qirralarini ko‘rsata olyapti. Germaniya ham Markaziy Osiyo bozoriga kirib kelishidan manfaatdor. Yirik mamlakatlar har doim o‘z mahsulotini sotib olishga qodir bo‘lgan bozorni qidiradi. Markaziy Osiyo ham xuddi shunday qiyofada shakllanmoqda. O‘zbekistondagi islohotlar negizida Markaziy Osiyoda yangi geosiyosiy va geoiqtisodiy holat yuzaga kelmoqda. Xalqaro darajada ish olib boradigan ishbilarmonlar uchun shunday etalon mavjud. Ya'ni, qayerga Germaniya ishbilarmonlari pul tikishni boshlayotgan bo‘lsa, demak, bu mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritish ishonchli sanaladi.

O‘zbekiston ham Germaniya bozoriga kirib borish uchun ularning standartlariga, sifat ko‘rsatkichlariga intilishi kerak. U yerda aholi juda to‘q yashaydi, yuqori sifatli mahsulotga ehtiyoj bor.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

— Xalqaro nufuzga ega siyosatchilarning O‘zbekistonga tashrifi jahon maydonida o‘z so‘zimizni baralla ayta olishimizga, xalqning turmush farovonligi darajasi o‘sishi uchun asos bo‘la oladigan ishlar amalga oshirilishiga ta'sir ko‘rsata oladimi?

— O‘zbekistonning chuqur o‘ylangan pragmatik tashqi siyosati Markaziy Osiyodagi manzaraning har tomonlama o‘zgarishiga ta'sir ko‘rsatdi. Markaziy Osiyo geosiyosiy, iqtisodiy salohiyati juda yuqori bo‘lgan mintaqa hisoblanadi. U dunyo siyosatini tebratayotgan davlatlar bilan chegarada joylashgan. O‘z-o‘zidan, O‘zbekistonga bo‘lgan munosabat ham ijobiy yo‘sinda shakllana boshladi. Xususan, 2019 yilda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi ishlab chiqildi va qabul qilindi. Donald Tuskning tashrifi ham O‘zbekistonning faol tashqi siyosati mamlakatlar, xususan, Yevropa Ittifoqi tomonidan ham ijobiy qabul qilinayotgani ifodasi sifatida baholash mumkin.

— Ilgari xorijiy mamlakatlar O‘zbekiston bilan iqtisodiy munosabatga kirishishdan oldin o‘zining siyosiy talablarini qo‘yardi. Hozir esa mamlakatning iqtisodiy jozibadorligi oshib bormoqda. Qanday sabablar bu ijobiy o‘zgarishning yo‘qolishi, munosabatlar yana sovuqlashishiga olib kelishi mumkin, deb o‘ylaysiz?

— Korrupsiya. Bu har qanday jamiyatda bor holat, faqat belgilangan mexanizmlar orqali jilovlanadi. Shu mexanizmlar yaratilgan va amaliy jihatdan ishlayotgan bo‘lsa, korrupsiya darajasi past bo‘ladi. Lekin bu ko‘rsatkich yuqori bo‘lsa, ham tashqi, ham ichki investitsiyalarni jalb qilish jarayoni sekin kechadi, shubhali qarash paydo bo‘ladi. Lobbizm, ya'ni muayyan guruhlarning o‘z qiziqishlarini xalq manfaatlaridan ustun qo‘yishi ham islohotlarga to‘g‘anoq bo‘ladi. O‘zbekiston ilgarigidek yopiq jamiyat emas. Shunchalik ko‘p islohotlar qilinyaptiki, endi orqaga qaytishning imkoni ham yo‘q. Xalq ham ochiqlik siyosatini qo‘llab-quvvatlayapti. Mamlakat rahbari xalq istaklarini amalga oshiruvchi inson sifatida o‘zini namoyon qildi, buni isbotladi.

Davlat rahbari ta'kidlaganidek, tashqi siyosatdagi asosiy ustuvor prinsip — O‘zbekiston hech qanday harbiy guruhlarga qo‘yilmaydi va mamlakat hududida hech bir davlatning harbiy bazasi joylashmaydi, mamlakat harbiylari xorijdagi harbiy harakatlarda ham ishtirok etmaydi. Yirik davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar taranglashayotgan vaziyatda qaysidir davlatning tarafini olish yoki siyosiy ittifoqlarga a'zo bo‘lish O‘zbekistonning tashqi va ichki manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Oqilona pragmatik tashqi siyosat deganda ham birinchi o‘rinda shu nazarda tutiladi. Doimo ikki tomonlama teng manfaatli munosabatlar olib borilishga harakat qilinyapti.

— Germaniya va O‘zbekiston uzoq yillardan beri ko‘p sohalarda hamkorlik qilib keladi. O‘zaro aloqalarda oliy maqomdagi shaxslar tashrifi ham kuzatilmoqda. Bu borada nega aynan Germaniya Prezidenti Frank Valter-Shtaynmayyer? Bu o‘rinda boshqa shaxsni ham ko‘rish mumkin edimi?

— Birinchidan, Frank Valter-Shtaynmayyer Germaniya tashqi siyosatida ko‘zga ko‘ringan siyosiy arbob hisoblanadi. Ikkinchidan, u ilgari ham Tashqi ishlar vaziri maqomida bo‘lganida O‘zbekistonga kelgan, mamlakat bilan yaxshi tanish. Uchinchidan, Germaniya kansleri Merkel xonimning vakolat muddati tugab bormoqda, demak, mamlakat yangi siyosiy davr boshlanishi arafasida. Shu bois, ayni damlarda Prezidentning siyosiy maqomi ancha salmoqli hisoblanadi. Bu siyosiy shaxsning jahonda kechayotgan jarayonlar borasidagi nuqtai nazarlari ham biz uchun muhim. Afg‘onistonda kechayotgan tinchlik muzokaralarini shakllantirish bo‘yicha Germaniya va O‘zbekiston qarashlari mos tushadi. Yana bir gap. Xitoy dunyodagi eng yirik ishlab chiqarish fabrikasiga aylangan bir vaqtda unda ishchi kuchi qimmatlashmoqda, energiya oshyapti. Demak, endi Xitoy tovari qimmatlashadi, barcha aholi qatlami uchun mos kelmay qoladi. O‘zbekiston uchun esa bu borada katta imkoniyatlar bor. Faqat buning uchun pul tikish kerak, texnologiya olib kirish va kadrlarni tayyorlash kerak.

Top