8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

11:10 / 02.06.2019 22652

Jizzaxdagi 100 million dollarlik investitsiya mojarosi: Loyiha amalga oshishiga nimalar to‘siq bo‘lmoqda?

Jizzax shahridagi 35 gektar maydonni egallagan O‘rda bog‘iga 100 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritib, uni jahonning eng yaxshi bog‘laridan qolishmaydigan majmuaga aylantirish ko‘zda tutilgan edi. Chunki, prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili Jizzax viloyatiga tashrif buyurganida bu bog‘ni zamonaviy maskanga aylantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar bergan. Mazkur bog‘ga investitsiya kiritish masalasidan Chexiyaning O‘zbekistondagi elchisi Yaraslav Siro ham xabardor. Shuncha e'tibor bo‘lgani holda, loyiha salkam bir yildan beri «tuya go‘shti yeyapti». Nega?!

Bir qaraganda hammasi juda oddiy: Prezidentning 2018 yil 30-31 mart kunlari Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida Do‘stlik tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisi, Madaniyat vaziri, Jizzax viloyati hokimi bilan birgalikda bir oy muddatda Jizzax shahridagi «O‘rda» ekologik madaniyat va istirohat bog‘ini milliy an'analar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida rekonstruksiya qilish va jihozlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga qaror loyihasini tayyorlash va kiritish bo‘yicha tegishli vazifa va topshiriqlar berilgan.

Xuddi shu maqsadda Jizzaxdagi «Luxe Shedevr Garden» MChJ rahbari Elyor Zokirov tashabbuskor sifatida chexiyalik investorlar bilan muzokara o‘tkazib, O‘rda bog‘ini Yevropa standarti asosida milliylik bilan uyg‘unlashgan holda eng chiroyli bog‘lardan biriga aylantirishni niyat qiladi.

O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev imzosi bilan viloyat hokimligiga xat yuborilib, yosh tadbirkor «Luxe Shedevr Garden» MChJ rahbari Elyor Zokirovga rasman ishonch bildiriladi va qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishda amaliy yordam so‘raladi.

Prezident topshirig‘i asosida yuqoridagi istirohat bog‘i barpo etish bilan birga 150 kishilik ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Eng muhimi, Chexiya Respublikasining «AO I.K.S group A.S» kompaniyasi bu loyiha uchun 100 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritmoqchi.

Shu taxlit viloyat hokimining 2018 yil 25 mayda «Jizzax shahrida zamonaviy madaniyat va istirohat bog‘ini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 401-sonli qarori bilan bog‘ «Luxe Shedevr Garden» MChJga ijaraga beriladi.

Ana shu qarorning bir nechta bandi tadbirkorni qoniqtirmaydi.

«Odatda bunday yirik loyihalar uchun yer 50 yilgacha bo‘lgan muddatda ijaraga beriladi. Chunki katta mablag‘ sarflangach, uni qaytarish ham kerak. Hokimlik qarori 1-bandida esa bu muddat 30 yil deb ko‘rsatilgan. Bu esa bizga ma'qul emas. Chunki 49 yilga mo‘ljallangan qator loyihalardan ko‘pchiligimiz xabardormiz. 50 yilgacha bo‘lgan muddat qonunchiligimizga ham to‘g‘ri keladi. Oddiygina misol: yer maydoni kichkina bo‘lishiga qaramasdan Jizzax shahar I.Karimov ko‘chasidagi «Buxoro shirin» MChJga tegishli bo‘lgan bolalar parkiga 49 yilga qaror chiqarib berilgan. Keyingi e'tirozimiz esa, qarorda yana shunday band borki, u ham ish boshlashga to‘siq bo‘lib turibdi. Hujjatning 5-bandida «Bir yil davomida investor o‘z majburiyatini, ya'ni loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, qurilish va rekonstruksiya ishlarini 50 foizgacha bajarmasa, yer maydoni, bino va inshootlari qaytarib olinishi va investitsiyalar qaytarilmasligi belgilangan», deydi tadbirkor E.Zokirov.

Ya'ni, naq 100 million dollarlik loyihada ko‘zda tutilgan qurilish va rekonstruksiya ishlarining yarmini bir yilda tugatish nazarda tutilmoqda. Tadbirkor esa shunday ulkan loyihadagi qurilish ishlarini bunday qisqa vaqtda amalga oshirish imkonsiz, deb hisoblaydi.

«Qisqa vaqtda yoki «bayramdan bayramgacha» amalga oshiriladigan bunday qurilishlarni yoki sifatsiz yoki xo‘jako‘rsingagina qilish mumkin», deydi tadbirkor.

Nima qilish kerak? Tadbirkor ana shu shartlarni bajarmasa yuqorida aytilganidek, investitsiyalar qaytarilmaydi.

Loyihani bugungacha ana shu ikki band to‘xtatib turibdi. Shu ikkita bandni o‘zgartirishni so‘rab tadbirkor viloyat hokimligiga bir necha marta iltimos qilgan.

«Bir yildan buyon ushbu qarorning tegishli bandlari o‘zgartirib berilishi to‘g‘risida bir necha bor amaliy yordam so‘rab murojaat qildik. Lekin bugungi kungacha murojaatlarimiz asossiz va qonunga xilof ravishda javobsiz qoldirilmoqda», deydi u.

Xullas, murojaatlarga javob kutib salkam bir yil o‘tgach, 2019 yil 10 aprelda viloyat hokimining yuqoridagi 401-sonli qarori Jizzax viloyati prokuraturasi protesti bilan bekor qilinadi. Nimalar bo‘layotganidan bexabar investor esa haliyam o‘z ishini boshlash uchun tegishli qarorni kutmoqda. O‘z navbatida Jizzax viloyati hokimligi tadbirkorning o‘tgan shuncha vaqt mobaynida biror ishni amalga oshirmaganini pesh qilib kelmoqda (Qarordagi asosiy muammo hal etilmasdan turib!).

Ana shu tarzda shuncha vaqt davomida tadbirkor o‘z ishini boshlay olmay kelmoqda. Buning sababini aniqlash maqsadida ijodiy jamoamiz bilan Jizzax shahrida viloyat hokimining investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Jizzax shahar hokimi, uning investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari va konsultantidan iborat mutasaddilar guruhi ishtirokida suhbat o‘tkazdik.

Hokimning 401-sonli qaroridagi tadbirkorni norozi qilgan ikkita band (ijara muddatini 49 yilga o‘zgartirish va 50 foiz qurilish rekonstruksiya ishlariga 3 yil muddat berish) hamda kerakli qarorni ololmayotgani xususida izoh so‘radik. Rasmiylar esa yana o‘sha bahonani ro‘kach qilishdi: «o‘tgan vaqt davomida biror ish qilinmagan».

«Yuqoridagi qarorning 5.1 va 5.2-bandiga asosan tadbirkor o‘z mablag‘lari hisobidan va tijorat bankining imtiyozli kreditlarini jalb qilgan holda ikki yil davomida kamida 10 million AQSh dollari miqdorida investitsiya mablag‘ini kiritish majburiyati o‘z xohishi va 2018 yil 23 maydagi 13-sonli taklifiga asosan yuklatilgan. Biroq belgilangan ishlar amalga oshirilmagan», deydi viloyat hokimligi konsultanti.

Mutasaddilarga yana bir bor tadbirkor qarorning ikki bandidan norozi ekani, gap ana shu masala bo‘yicha murojaatlarga haligacha javob ololmayotgani haqda ketayotganini yana bir bor eslatishga majbur bo‘ldik va yanada hayratlanarli javob oldik: «Tadbirkor bu masalada yozma murojaat qilgan emas!».

Tadbirkorning qo‘lida hokimlik xodimlari qo‘l qo‘yib qabul qilib olgan murojaatlari turibdi. Shuncha vaqtdan beri ish boshlolmagani sababini ham shu bilan izohlamoqda. Mutasaddilar shu joyda hech ikkilanmasdan, kiprik ham qoqmasdan «YO‘Q, TADBIRKOR BIZGA YoZMA MUROJAAT QILGAN EMAS», deb javob berganiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q. Tadbirkor murojaat qilaverib, javob ololmagach, Jizzax viloyat prokuraturasiga ham xuddi shu masala — viloyat hokimligi uning murojaatlariga javob bermayotgani yuzasidan murojaat qilib, yordam so‘ragan. Tadbirkorning aytishicha, prokuratura ham uning bu xatiga javob bermagan.

Prezident Farmonida bu muammo bo‘yicha nima deyilgan edi?

Jizzax viloyat va shahri hokimliklari vakillari bilan davom etgan yarim soatlik suhbatimiz davomida ham bitta savolga aniq javob ololmadik: Nima sababdan tadbirkorga yirik loyiha uchun yer tadbirkor so‘raganidek, 49 yilga emas, 30 yilga berilyapti. Hokimlik buni tadbirkorning o‘zi loyihasida so‘ragan, degan gapni ham aytmoqda, ammo birorta asos yo‘q. Tadbirkor esa «qanday qilib, o‘zimga qarshi chiqaman», deydi. Nihoyat hokimlik vakillariga Prezident farmonini eslatishimizga to‘g‘ri keldi.

2018 yil 1 avgustda «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni imzolangan. Ana shu hujjatning 4-bandida aniq qilib quyidagicha yozib qo‘yilgan:

«2018 yil 1 oktyabrdan investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini berishning quyidagi yangi mexanizmlari joriy etilsin:

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasini 50 yilgacha muddatga, lekin arizada ko‘rsatilganidan kam bo‘lmagan muddatga investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun uzoq muddatli ijaraga berish».

E'tibor bering, 50 yilgacha muddatda, lekin arizada ko‘rsatilganidan kam bo‘lmagan muddatda! Tadbirkor esa bir yildan beri o‘zi istagan muddat bo‘yicha qaror ololmay halak.

Farmon yuzasidan esa viloyat hokimligi vakili «Siz postanovleniyelarni surib qo‘ysangiz ham bo‘ladi. Yer kodeksi Konstitutsiyadan keyingi hujjat, unda belgilab qo‘yilgan. Yer kodeksining 36-moddasida aytilganki: «Butun yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish quyidagi hollarda bekor qilinadi:  yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda, yer uchastkasi berilgan muddat tugaganda, yuridik shaxs tugatilganda».

Qator qonun hujjatlari misol keltirilyapti-yu ijara muddati yana yechim topmayapti. Konsultantning fikricha, unga yerning 30 yilga berilishi o‘zining loyihasiga asoslanib berilgan. Bu loyiha Yer kodeksiga asoslanib, tegishli komissiya bilan birgalikda ishlab chiqilgan.

Xo‘p, unda qani tadbirkorning 30 deb ko‘rsatilgan loyihasi? Agar shunday bo‘lsa tadbirkor bir yildan beri nimadan norozi? Qani mantiq? Nahotki, bitta qaror bo‘yicha tadbirkorning bir yildan beri qilayotgan murojaatlariga hech kim javob berishni istamaydi? Ta'bir joiz bo‘lsa, shahar markazidagi 35 gektarlik maydonni «yirik investitsiya kiritaman», degan tadbirkorga hokimlik nima sababdan berishni istamayapti? Muammo nimada? Hali tegishlicha hujjatlashtirib bermasdan turib, «tadbirkor hech ish qilmayapti», deyish qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?

Shahar hokimi Akbar Shukurov o‘zining bir savolini maqolaga qo‘shishimizni so‘radi. «Men shaharga investitsiya kiritilishidan manfaatdorman, belimni bog‘lab xizmat qilaman agar shunday investor bo‘lsa. Endi asosiy savolim, qani o‘sha investor?! Qani uning biznes-bitimi, bugun ham ko‘rib chiqishga tayyorman. Kim to‘g‘risida gaplashayotganingizni bilmayapman. Yo‘q u!»

Tadbirkorning qo‘lida esa Chexiya Respublikasining «A.O.I.K.group a.s» kompaniyasi bilan 100 million AQSh dollari miqdoridagi investitsiya shartnomasi bor. Shartnoma va hamkorlar tomonidan berilgan, notarial idora tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonchnoma ham. Uch tomonlama shartnoma ham. Qolaversa, «O‘rda bog‘i» rejasi chexiyalik investor bilan amalga oshirilayotgan ilk loyiha ham emas. Jizzaxda «A.O.I.K.groupA.S» kompaniyasi bilan jami 305 million AQSh dollari miqdoridagi loyihalar bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Xususan, Forish va Zomin tumanlarida toza ichimlik suvi, chiqindilarni qayta ishlash kabi bir necha loyihalarni ham aynan ana shu investorlar amalga oshirishi ko‘zda tutilgan. Bu loyihalar bilan Chexiya Respublikasining O‘zbekistondagi muxtor elchisi janob Yaraslav Siro ham xabardor. Joriy yilda elchining Jizzaxga tashrifi ommaviy axborot vositalarda keng yoritilgandi.

Xo‘p, imzolangan barcha hujjatlarni hokimlik ko‘rmay qolibdi, ham deylik. Agar tegishli hamkorlik yuzasidan tegishli hujjatlar bo‘lmasa, investor yo‘q bo‘lsa, yoxud loyiha jiddiy emas bo‘lsa, Chexiya Respublikasining O‘zbekistondagi eng yuqori martabali rasmiy kishisi biz aytgan tadbirkor «Luxe Shedevr Garden» MChJ rahbari ofisida nimani muhokama qilmoqda?

Buyam mayli, Jizzax viloyati hokimligi tadbirkor bir yildan beri kutayotgan birgina hujjatni imzolab bersa nima ketardi?! Undan keyin, shartlar bajarilmasa qarorni bekor qilish mumkin edi-ku? Qanday qilib tadbirkor so‘ragan hujjatni bermasdan turib, «hech ish qilinmadi», degan gapni qayta-qayta aytish mumkin?

«O‘rda» bog‘i muammosi Kun.uz saytida oldin ham yoritilgan. Muammoni omma e'tiboriga havola etib bugun xarob bo‘lib yotgan bog‘ bo‘yicha ijobiy ishlar boshlanishiga umid qilgandik. Viloyat hokimligi tomonidan esa tadbirkor so‘ragan bittagina qarorni berish «O‘rda» bog‘i o‘gay emas, o‘quvchini chalg‘itmang» sarlavhali raddiya bilan kifoyalandi. Yanayam achinarlisi, raddiyada bu safar ham shu gap: «Tadbirkor nega shu vaqtgacha biror ish qilmadi?»

Kechirasiz-u, tadbirkor hali ham o‘zi istagan, IShLARNI BOShLAShGA IZN BeRUVChI QONUNIY QAROR chiqishini kutib o‘tirganini jizzaxlik rahbarlarga, mutasaddilarga, raddiya yozuvchi jurnalistlarga qaysi tilda, qanday tushuntirish kerak o‘zi?!

Ana shu qarorga ega bo‘lib ishni boshlash uchun bugun tadbirkor to‘plamagan hujjat qolmagan-ku? Raddiyadagi, tadbirkorning uch tomonlama shartnomasi yo‘qligi haqdagi yolg‘on ma'lumot va boshqa jihatlarga to‘xtalib o‘tirmadik.

Raddiyada viloyat hokimligi chexiyalik investor Karel Shmak tomonidan yuborilgan xatni ilova qilgan.

Xatda shunday yozuvlar bor: «Haqiqatan ham «AO I.K.S group A.S» kompaniyasi Jizzaxdagi «Luxe Shedevr Garden» MChJ bilan «O‘rda» ekologik bog‘i bo‘yicha shartnoma imzolagan. Biroq bizning hamkorlarimiz shartnomadagi majburiyatlarini bajarmagani uchun biz kelishuvni bir tomonlama bekor qilganmiz».

O‘zbekistondagi tadbirkorning nima sababdan o‘z majburiyatini bajarolmaganini, bunga kim to‘sqinlik qilgani bo‘yicha ham ortiqcha izohga hojat bo‘lmasa kerak.

Darvoqe, chexiyalik investor Karel Shmakning yuqoridagi xatida «Bizning «AO I.K.S group A.S» kompaniyamiz ayni vaqtda Jizzax viloyat hokimligi ko‘magida viloyat hududida bir qancha loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda», degan jumla ham bor. Demak, bu xatni bizga yuborishdan oldin, «Qani investor, qani investor», deyayotgan hokimlik mutasaddilariga ham yaxshilab o‘qitib olish kerak, bizningcha. Boshqa bir qator loyihalar ham shu investor bilan amalga oshirilyapti-ku?

Eng yomoni esa, bir yil davomida hokimlikdan bitta kerakli qarorni ololmagan tadbirkor investor oldida ham yuzi shuvut bo‘lib qolmoqda. Tadbirkor bo‘layotgan voqealarni investorga qanday tushuntirishga ham hayron. Investor esa loyihaning cho‘zilib ketganidan norozi albatta.

Maqola tayyor bo‘lish arafasida Jizzax shahar hokimligi chexiyalik investor Karel Shmak tomonidan yuborilgan ikkita xatni tahririyatga yubordi. Xatda investor jizzaxlik tadbirkor E.Zokirov nomiga berilgan ishonchnoma bekor qilingani, viloyat hokimligi tomonidan hech qanday qarshilikka duch kelmagani, hokimlikning 401-qarorini ko‘rmaganini ma'lum qilgan. Investor bu kabi noaniqliklar keyingi loyihalarga zarari yetishi mumkinligidan xavotir bildirgan va viloyat hokimligidan vaziyatni yaxshi tarafga o‘zgartirishni iltimos qilgan. Ikkinchi xatda ham yuqoridagi qarorning bandlaridan xabari yo‘qligini aytarkan, investor yana qolgan loyihalar taqdiridan xavotir bildiradi. Viloyat hokimligiga minnatdorchiligini bildirib, e'tirozi yo‘qligini qo‘shimcha qiladi.

Tadbirkor investorning ishonchini yo‘qotmoqda. Endi ana shu ikki xat yuborilishidan oldin aynan Karel Shmak bilan bo‘lib o‘tgan suhbatga e'tibor qarating.

Kun.uz muxbiri «AO I.K.S group A.S» kompaniyasi boshqaruvi raisi Karel Shmak bilan telefon orqali suhbat uyushtirdi.

— Janob Shmak, avvalambor sizni Jizzaxning qadimiy «O‘rda» bog‘ini jahon standartlari darajasidagi bir xiyobonga aylantirmoqchi bo‘lganingiz o‘zi biz uchun katta sharaf. Ruxsat bersangiz, aynan shu bog‘ bilan bog‘liq savollar bilan murojaat qilsak.

— Albatta, marhamat javob beraman.

— Janob Karel, aytingchi siz «Luxe Shedevr Garden» MChJ rahbari Elyor Zokirovni o‘zingizning hamkoringiz, deb bilasizmi? U bilan kelishuv shartnomalarini bekor qilmaganmisiz?

— Biz tuzgan shartnoma o‘z kuchida. Shartnomani bekor qilmaganmiz. Elyor Zokirov bizning hamkorimiz. «O‘rda» bog‘i bilan bog‘liq savolingizga shunday javob beraman: biz loyihani amalga oshira olmayapmiz. Hech bir ishni boshlamadik. Negaligini o‘zimiz ham to‘liq anglab yetganimiz yo‘q. Shuni ayta olamanki, ijara shartnomasiga imzo qo‘yilmagan. Bizga berilgan va'da bajarilmadi. Investitsiya va madaniyat vazirliklari tomonidan berilgan va'da bajarilmadi (Fikrimizcha, bu yerda viloyatdagi boshqarmalar nazarda tutilayapti — tahr.) Hujjatlar to‘liq emas. Muammo nimadaligini hamkorimiz Elyor Zokirovning o‘zi biladi. Biz unga bizning nomimizdan rasman qaror chiqarishi va fikr bildirishi uchun o‘z ishonchnomamizni berganmiz. Yana bir bor ta'kidlab aytaman: bizning shartnomamiz o‘z kuchida va uni bekor qilmaganmiz.

— Sizga va hamkoringizga nima to‘siq bo‘lganini bilasizmi?

— Nega ish boshlanmayotganini to‘g‘risi bilmayman. Biz tomondan ish boshlanmayotganiga sabab esa bizga hech kim to‘liq hujjatlarni taqdim etolmayapti. Yana bir bor aytaman «O‘rda» ekologik bog‘ini ijaraga olish to‘g‘risidagi shartnoma yo‘q. Aynan shu ijara borasidagi muammoni hech kim hal qilib berolmayapti. Elyor Zokirov ham shu muammoni deb ish boshlay olmadi.

— Siz shu loyihani amalga oshirish uchun necha marta Jizzaxga keldingiz? Kimlar bilan uchrashdingiz? Uchrashuv natijalari qanday bo‘ldi?

— Men Jizzax shahrida uch yarim oydan ziyod vaqt davomida mehmon bo‘ldim. Loyihalarimiz amalga oshishi uchun. Oxirgi marta joriy yilning 17 may kuni ham Jizzaxda edim. Ayni damda biz hamkorimiz Elyor Zokirov bilan nafaqat «O‘rda» bog‘i loyihasi ustida balki boshqa bir necha, masalan, toza ichimlik suvi va chiqindini qayta ishlash loyihalari ustida ham ish olib boryapmiz. Shartnomalarni tuzganmiz. Hademay bu loyihalar ishga tushadi. Jizzax viloyatining Zomin va Forish tumanlarida ish boshlaymiz. Ayni damda Zomin tumanida chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha loyihamiz boshlanish arafasida.

— Loyihani amalga oshmasligida Jizzax viloyat va shahar hokimligi tadbirkor Elyor Zokirovni ayblayapti. Siz bu borada qanday fikrdasiz?

— Men shuni dadil ayta olamanki u bizga ham ma'nan ham ruhan ko‘makchi bo‘lgan kishilardan biri. Bizga juda ko‘p yordami tekkan. Afsus, qanday sabablarga ko‘ra bu loyiha amalga oshmagani menga qorong‘i. Lekin men u biz bilan ishlashini xohlardim. Juda ko‘p harakat qildi, buni tan olish kerak. To‘g‘risini aytsam, u yerdagi vaziyatni hali ham tushunmayapmiz. Biz ishlamoqchimiz. Qolgan loyihalarimiz ishga tushishini istardik. Hammasi yaxshi bo‘lishidan umid qilaman. Lekin «O‘rda» bog‘i to‘g‘risida aniq bir fikr aytolmayman.

— Siz Jizzax viloyatida investitsion vaziyat yaxshi deb ayta olasizmi? Investorlarga nimalar to‘siq bo‘lyapti yoki qanday yordam berilyapti? Bir so‘z bilan aytganda, davlat idoralari vakillari investorning barcha savollariga javob bera oladigan salohiyat va bilimga egami?

— (Kuladi) Investorlarga juda ko‘p narsa xalaqit beradi. Men o‘zimdan misol qilib oladigan bo‘lsam, to‘g‘ri, biz hamma narsalar haqida kelishib oldik. Buni rad etmayman. Lekin, vaqt masalasi... a'lo deb aytolmayman. Hujjatlar, rasmiy ishlar juda cho‘zilib ketdi. Bizda bunday emas. Agar Chexiyada biror ishni boshlamoqchi bo‘lsangiz ish juda tez va oson bitadi. Masalan, bugun hujjatlarni rasmiylashtirib shartnomaga kelishsak, ertagayoq ish boshlashimiz mumkin. O‘zbekistonda esa ortiqcha rasmiyatchiliklar bor. Qog‘ozbozlik deymizmi, juda ko‘p hujjatlar rasmiylashtirilishimi, xullas bular charchatadi. Hatto Prezident administratsiyasidan tortib Tashqi ishlar vazirligidan bir necha hujjatlarni tayyorlashimizga qaramay baribir natija bo‘lmadi.

— Siz qanday bo‘lishini istardingiz?

— Rejalarimiz ko‘p. 10 kundan keyin yana shahringizga tashrif buyuramiz. Aynan boshqa loyihalarimiz bo‘yicha yana muzokaralarimizni davom ettiramiz. Bu borada kelishuvlarimiz bor.

Investorning keyingi harakatiga nima sabab bo‘lgani bizga qorong‘i. Har holda uning yana bir nechta loyihalari aynan Jizzaxda amalga oshiriladi. Mana shu muloqotlardan so‘ng esa bir yildan beri hujjatlar taxt bo‘lishini kutayotgan obekt — «O‘rda» bog‘i shu kecha kunduzda boshqa talabgorlarga tarqatib beriladiganga o‘xshaydi. Har holda viloyat mas'ullari shu mazmundagi e'lon chiqarishdi.

Rostdan ham bu loyiha bo‘yicha noaniqliklar ko‘pga o‘xshaydi. Bizningcha, bu yerda nimalar bo‘layotganini tegishli idoralar o‘rganib, so‘nggi so‘zni aytishlari kerak.

Anvar MUSTAFOQULOV,
Gulchehra ShARIPOVA.
Kun.uz muxbirlari.

Top