8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

08:22 / 02.06.2019 48971

Prezident 5 tashabbusga bag‘ishlab she'r yozgan o‘quvchining otasiga avtomobil sovg‘a qildi

Prezident Bo‘ka tumanida 5 ta muhim tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. 

Bo‘ka tumani davlatimiz rahbarining ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusni hayotga joriy etish bo‘yicha namuna qilib olingan. Bugun ushbu tashabbuslar ijrosi bo‘yicha boshlangan ishlar bo‘kaliklar hayotiga tom ma'noda yangi davr ruhini olib kirdi.

Birinchi tashabbus doirasida yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san'atning boshqa turlariga qiziqishini oshirish, iste'dodini yuzaga chiqarish maqsadida 280 ga yaqin to‘garak tashkil etildi. Bir paytlar to‘xtab qolgan madaniyat markazlari, kutubxonalar faoliyati tiklanmoqda. Maktablardagi to‘garaklarni musiqa asboblari bilan ta'minlash choralari ko‘rilmoqda. Bu kabi tadbirlar orqali tumandagi 10 mingga yaqin o‘g‘il-qizni san'at yo‘nalishiga qamrab olish maqsad qilingan.

Ikkinchi tashabbus asosida farzandlarimizni jismoniy chiniqtirish, sportdagi qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoit yaratish maqsadida maktablardagi sport to‘garaklari 35 tadan 64 taga yetkazildi. Mahallalardagi sport maydonchalari ta'mirlanib, obodonlashtirilmoqda. Rovot, Katta Rovot, Navobod mahallalarida tadbirkorlar tomonidan zamonaviy futbol va voleybol maydonchalari barpo etilmoqda. 

Uchinchi tashabbus bo‘yicha tumandagi barcha maktablarni kompyuter texnikasi va yuqori tezlikdagi internet bilan ta'minlash choralari ko‘rilmoqda. Tuman markazida yaqinda tashkil etilgan Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi yoshlarning, umuman aholining kompyuter savodxonligini oshirishga xizmat qiladi. 

To‘rtinchi tashabbus doirasida tumanda “Kitob karvoni” tadbirlari tashkil etilib, 20 mingdan ziyod badiiy kitob aholi, jumladan, yoshlarga sovg‘a qilindi. 5 ta mahalla kutubxonasi tashkil etildi. “Yosh kitobxon”, “Kitobxon oila” tanlovlari o‘tkazilmoqda. Buning samarasida kitobxonlar soni ortib bormoqda.

Beshinchi tashabbus – xotin-qizlarni ish bilan ta'minlashga ham alohida e'tibor qaratilgan. Shu maqsadda Bo‘ston, Chavlisoy, Ramadon, Katta Rovot mahallalarining har birida 300 ish o‘rniga ega 4 ta tikuvchilik korxonasi barpo etildi. Tuman tadbirkorlari tashkil etgan tikuvchilik korxonalarida 1 ming 200 dan ziyod xotin-qiz ishli bo‘ldi. Yana ikkita tikuvchilik sexi ishga tushish arafasida. 

Hunarmand ayollarga 585 nafar turmush sharoiti og‘ir bo‘lgan ishsiz xotin-qiz “ustoz-shogird” an'anasi asosida biriktirildi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 452 xotin-qizga 9,7 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilib, 1,3 mingdan ziyod ish o‘rni yaratildi. “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi” binosi ta'mirlanib, foydalanishga topshirildi. 

Davlat rahbari Bo‘ston mahallasida bo‘lib, 5 ta muhim tashabbusga hamohang amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. 

Bo‘stonda ham Jizzax viloyatining Manas qishlog‘i, Gagarin shaharchasida bo‘lgani kabi ulkan bunyodkorlik ishlari bajarildi. Uylarning tashqi qismi ta'mirlanib, tomlari yangilandi, yangi darvozalar o‘rnatildi. Yo‘llarga asfalt yotqizildi, ko‘cha chiroqlari o‘rnatildi. 4,3 kilometr gaz quvuri demontaj qilindi, 2,3 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Xonadonlarga gaz ballonlar tarqatildi. 

Mahalla markazidagi Yoshlar istirohat bog‘ida yoshlar voleybol, basketbol, shaxmat-shashka, stol tennisi bilan shug‘ullanadi, attraksionlar, raqs maydoni, internet kafeda bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazadi. Bog‘da tashkil etilgan Vatanparvarlik burchagi yoshlar qalbida fidoyilik, jasurlik hissini ulg‘aytirishga xizmat qiladi. Mahallada kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida 4 mingga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatadigan Xalq kutubxonasi tashkil etildi. Yangi mahalla binosi qad rostladi. 450 tomoshabinga mo‘ljallangan “Bo‘ston arena” stadioni rekonstruksiya qilindi. Bolalar va o‘smirlar sport maktabi balansiga o‘tkazilgan stadionda barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Bu yerda 100 dan ziyod o‘quvchi-yosh futbol bilan shug‘ullanadi. 

Ilgari hudud aholisi oddiy tashxis uchun ham 15 kilometr yo‘l bosib, tuman markaziga borishga majbur edi. 1960 yilda qurilgan 7-qishloq oilaviy poliklinikasi mukammal ta'mirlanib, zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangani bu muammoga chek qo‘ydi. 100 qatnovga mo‘ljallangan shifo maskani beshta mahalladagi 14 mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatadi. Bu yerda kunduzgi statsionar, ijtimoiy dorixona, elektron poliklinika tizimi yo‘lga qo‘yildi. 

Shavkat Mirziyoyev poliklinikadagi sharoitni ko‘zdan kechirib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalardan aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida unumli foydalanish zarurligini alohida ta'kidladi.

Mahalla markazida tashkil etilgan “Bo‘ston baraka chevarlari” MChJga qarashli tikuvchilik sexida 150 xotin-qiz ish bilan ta'minlangan. Bu yerda tikilgan tayyor trikotaj mahsulotlari qo‘shni davlatlarga eksport qilinadi.

Mening niyatim sizlarni rozi qilish, ayollarning charaqlagan baxtli ko‘zlarini ko‘rish. Sizlar xursand bo‘lsangiz, oilalaringiz xursand bo‘ladi, bolalarning dunyoqarashi, ma'naviyati o‘zgaradi, dedi davlatimiz rahbari chevarlar bilan suhbatda.

Mahalla guzarida xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash dasturi doirasida go‘zallik saloni ochildi. Bir zamonlar mahallada bog‘cha bo‘lgan. O‘n yillar ishlamagan ushbu bog‘chaga ham yangi hayot keldi. Ta'lim-tarbiya maskani qayta ta'mirlanib, yaqin kunlarda 150 bolani o‘z bag‘riga oladigan bo‘ldi. 

Guzardagi 1978 yilda qurilgan kinoteatr binosi shu kunga qadar qarovsiz holda edi. Birinchi tashabbus doirasida tubdan ta'mirlanib, zamonaviy madaniyat markaziga aylantirildi. Bugun bu yerda 150 o‘rinli kinoteatr, raqs, doira, rubob, tasviriy san'at, fortepyano kabi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada mahalladagi 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalar qamrab olindi. To‘garaklarda xalq artistlari, taniqli san'atkorlar mahorat darslarini o‘tadi.

Prezident bu yerda san'atning turli yo‘nalishidagi to‘garaklarga qatnayotgan o‘g‘il-qizlar bilan suhbatlashdi. Tumandagi 27-umumta'lim maktabi 3-sinf o‘quvchisi Fazilat Yoqubova beshta muhim tashabbusga bag‘ishlangan she'rini o‘qib berdi.

Davlatimiz rahbari qiziga yaxshi ta'lim-tarbiya, ijodiy muhit va sharoit yaratib bergani uchun Fazilatning otasiga avtomobil sovg‘a qildi. O‘ziga esa uyida “Fazilat” nomli kutubxona ochib berishini aytdi. “Yangi kelajak nihollari” ansambli tashkil etib, uni zarur musiqa asboblari, texnika bilan ta'minlash haqida topshiriq berdi. San'at sirlarini o‘rganayotgan yoshlarga sovg‘alar ulashdi.

Shavkat Mirziyoyev Bo‘ston mahallasida beshta muhim tashabbus ijrosi doirasida amalga oshirilgan shu kabi ishlar bilan tanishar ekan, shu paytgacha Bo‘kaga e'tibor berilmay kelinganini ta'kidlab, bugun tumanda, Bo‘ston mahallasida qilingan obodlik ishlari ko‘p xayrli ishlarning boshlanishi bo‘lsin. Xalqimiz turmushi farovonligi yo‘lida hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Har bir mahalla markazi Bo‘stondagi kabi obod bo‘lishi kerak, dedi.

- Uzoq yillar Bo‘ka tumaniga yetarli e'tibor berilmagani uchun xalqimizdan qarzimiz bor edi. Bugungi o‘zgarishlar - rahbarlar xohlasa nimalar qilishi mumkinligiga misol, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Top