13:25 / 03.06.2019
16945

Ohangarondagi maishiy chiqindilar poligoni to‘lib qolgan - Prezident ekologiya muammolari haqida gapirdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi ijtimoiy va kommunal sohalarga oid masalalarga alohida e'tibor qaratdi.

«Viloyatda aholining 64 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta'minlangani jiddiy muammo. Amalda bu ko‘rsatkich 40-50 foiz darajasida. Bo‘ka, Quyi Chirchiq, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlari va Nurafshon shahrida 30 foizga ham bormaydi. Sizlar kabinetda qanday o‘tirasizlar?», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda prezident matbuot xizmati.

Bu muammoni hal etish maqsadida joriy yilda 440 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari va 301ta suv inshootida qurilish-ta'mirlash ishlari bajarilishi rejalashtirilgan. Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi qiymati 144 million dollarlik loyihaning birinchi bosqichi doirasida qurilish ishlari boshlangan.

«Viloyatda dolzarb bo‘lgan yana bir muammo ekologiya bilan bog‘liq. Toshkent shahridagi maishiy chiqindilar tashlanadigan Ohangaron tumanidagi poligon 98 foizga to‘lgan. Shuning uchun bu poligonni yopib, yangisini qurish kerak. Bu ekologiya tozaligi, aholi salomatligi uchun muhim masala», - degan davlat rahbari.

Umumiy o‘rta ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimlari, ichki yo‘llar bilan bog‘liq muammolarni ham tezkor hal qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Top