19:18 / 03.06.2019
7646
Qo‘mita vakili: «Ayrim xalqaro tashkilotlar «missionerlik» va «prozelitizm» tushunchalarini qonun matnidan olib tashlashni taklif qilishmoqda»
Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda qonun bo‘yicha din vakillari uchun diniy bag‘rikenglik qay darajada ta'minlangan, sohadagi islohotlar, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun hamda «missionerlik» va «prozelitizm» haqida soha mutaxassisi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Behzod Muhsinovich Qodirov bilan suhbatlashdik.

-        O‘zbekistonda din vakillari uchun diniy bag‘rikenglik qay darajada ta'minlangan?

-        O‘zbekiston ko‘p millatli va ko‘p dinli bo‘lgan dunyoviy davlat hisoblanib, asosiy qonunimiz - O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasida hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi, har bir inson istalgan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga egaligi hamda diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmasligi alohida ta'kidlab o‘tilgan.

Mazkur asosiy tamoyilga asoslangan holda olib borilayotgan davlat siyosati orqali yurtimizda tinchlik va osoyishtalik hukm surishiga, biror din boshqasidan ustun qo‘yilmasligiga erishilmoqda. Bugungi kunda Respublika bo‘yicha 16 xil diniy konfessiya teng huquqlilik tamoyili asosida faoliyat olib borayotgan bo‘lib, ularga, katta-kichikligi yoki keng tarqalganligidan qat'i nazar, bir xil munosabatda bo‘linadi.

Dinlararo totuvlikka erishilishining asosiy sababi yurtimizda asrlar davomida hukm surib kelayotgan diniy bag‘rikenglik tamoyilining mavjudligi bo‘lib, bugungi kunda bizning sa'y-harakatlarimiz ham aynan mazkur diniy bag‘rikenglik munosabatlarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish hisoblanadi.

16 noyabr kuni YuNeSKO tomonidan «Xalqaro bag‘rikenglik kuni»

deb e'lon qilingan. O‘zbekiston ham xalqaro hamjamiyatning ajralmas

qismi sifatida mazkur harakatning yo‘lboshchilaridan hisoblanadi.

Mana bir necha yildirki, respublikamizda mazkur kunga bag‘ishlanib

turli xalqaro anjumanlar, davra suhbatlari va uchrashuvlar o‘tkazib

kelinmoqda.

Xuddi shu voqelikning davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining

2017 yilda bo‘lib o‘tgan 72-sessiyasida «Ma'rifat va diniy

bag‘rikenglik» rezolyutsiyasini qabul qilish zarurligi xususida fikr

bildirilgan bo‘lib, mazkur taklif dunyoning 50dan ziyod

mamlakatlarining taklifiga binoan 2018 yilning dekabr oyida bir

ovozdan qabul qilindi.

-        Hukumat tomonidan din sohasida yangi islohotlar amalga oshirilishi rejalashtirilganmi?

-        Hukumatimiz mamlakatda diniy erkinliklarni kengaytirish yo‘lidagi islohotni davom ettirib borib, mamlakatdagi din erkinligiga oid xavotirlar, davom etayotgan islohot yo‘lida xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilish to‘g‘risidagi masalalarni ochiqcha muhokama qilishni yo‘lga qo‘ydi. 2018 yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan BMTning din va e'tiqod erkinligi masalalari bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Ahmad Shahidning 2017 yilning oktabr oyidagi O‘zbekistonga safari va 2018 yilning fevral oyidagi tavsiyalariga bevosita javob sifatida din va e'tiqod erkinligini ta'minlash yo‘lidagi maxsus «Yo‘l xaritasi»ga oid qo‘shma qaror qabul qilindi.

«Yo‘l xaritasi» bandlarining bajarilishi doimiy nazorat ostida bo‘lib, Oliy Majlis tomonidan tuzilgan maxsus komissiya muttasil ravishda davriy hisobot tinglovlarini amalga oshirib kelmoqda. Mazkur yig‘ilishlarga nafaqat respublikada faoliyat olib borayotgan davlat va jamoat tashkilotlari, diniy tashkilotlar vakillari, balki, Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan xorijiy diplomatik vakolatxonalar xodimlari ham taklif qilinib, kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan muhokamalar o‘tkazilmoqda.

Bu yo‘nalishdagi faoliyatning uzviy davomi sifatida bugungi kunda din masalalarini yoritishga bag‘ishlangan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish ustida ish olib borilayotganini ko‘rsatib o‘tish lozim bo‘ladi.

-        Ba'zi xalqaro tashkilotlar tomonidan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunda ko‘rsatib o‘tilgan ba'zi salbiy holatlar - «missionerlik» va «prozelitizm» tushunchalarining qonun matnidan olib tashlanishi taklif qilinmoqda. Bu masalaga qanday fikr bildirasiz?

-        Yurtimizda diniy sohada amalga oshirilayotgan tizimli o‘zgarishlar ba'zi bir xorijiy mamlakatlar hamda inson huquqini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar tomonidan bir xil qabul qilinayotgani yo‘q.

Haqiqatan ham ayrim xalqaro tashkilotlar tomonidan hozirda

amalda bo‘lib turgan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar

to‘g‘risida»gi qonunda ko‘rsatib o‘tilgan ba'zi salbiy holatlar –

«missionerlik» va «prozelitizm» tushunchalarining qonun matnidan

umuman olib tashlanishi zarurligi ta'kidlab kelinmoqda.

Ammo, afsuski, mazkur taklif beruvchilar BMT Bosh Assambleyasi

tomonidan 1948 yil 10 dekabr kuni qabul qilingan «Inson

huquqlari umumjahon deklaratsiyasi»ning 29-moddasida qayd etilgan

«Har bir inson o‘z huquqi va erkinliklaridan foydalanishda

o‘zgalarning huquq va erkinliklari demokratik jamiyatda

yetarli darajada bo‘lishini hamda hurmat qilinishini

ta'minlash, axloq, jamoat tartibi, umum farovonligining

odilona talablarini qondirish maqsadidagina qonunda

belgilangan cheklanishlarga rioya etishi kerak», degan tamoyilni

umuman unutib qo‘ymoqdalar.

Yuqoridagi huquqiy me'yorning keltirishidan asosiy maqsad shuki,

«missionerlik» va «prozelitizm» bilan shug‘ullanib kelayotgan ba'zi

bir rasmiy faoliyat olib borayotgan noislomiy diniy tashkilotlar,

shuningdek, noqonuniy faoliyat olib borishga intilayotgan noislomiy

diniy guruhlar a'zolari o‘z faoliyatlari bilan yurtimizda hukm

surayotgan tinchlik-totuvlik va osoyishtalikka rahna solib, er-xotin,

aka-uka, ota-ona va bolalar, qarindosh-urug‘, yoru-birodarlar orasiga

nafaqat sovuqchilik tushishi, balki dushmanlik va adovat urug‘i

ham sochilishiga sababchi bo‘lmoqdalar, bu holat, esa oxir-oqibatda,

jamiyatning ham parokanda bo‘lishiga olib keladi.

-        Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, bir necha xalqaro tashkilotlar diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazishda mahalla tomonidan berilishi lozim bo‘lgan kafolat xati to‘g‘risidagi talabni qonun matnidan olib tashlashni istashmoqda. Bu gapda jon bormi?

-        Rostdan ham yurtimizda xalqimiz bilan asrlar davomida chambarchas

bog‘liq bo‘lib kelayotgan «mahalla» instituti ba'zi bir

«do‘stlarimiz» uchun ortiqcha bo‘lib ko‘rinmoqda. Aslida esa, bugungi

kun voqeligi shundan dalolat beradiki, ba'zi bir yurtimiz uchun

noan'anaviy bo‘lgan noislomiy diniy guruhlar qonunchilik qonun

qoidalarini aylanib o‘tgan holda bir amallab davlat ro‘yxatidan o‘tib

olish niyatida yuribdi. Aynan shu guruhlar uchun ham mahalla

faollari tomonidan ularning faoliyat yuritishiga rad javobi

berilishi ular tomonidan guyoki «inson huquqlarining buzilishi»

sifatida talqin etilmoqda.

Vaholanki, ular mahalla qo‘mitalari tomonidan bildiriladigan har

qanday munosabat bu biror fuqaro yoki guruhning emas, balki shu

mahallada doimiy istiqomat qiladigan barcha fuqarolarning,

ularning qaysi din yoki e'tiqodga amal qilishidan qat'i nazar,

xohish-irodalari ekanligini butkul unutib qo‘ymoqdalar, yoki bo‘lmasa,

o‘zlarini bilmaslikka olmoqdalar.

Mazkur guruhlar tomonidan «mahalla qo‘mitasi davlat ro‘yxatidan

o‘tishga to‘sqinlik qilmoqda» degan uydirmasi haqida gapirib o‘tish

ham shart bo‘lmasa-da, bugungi kundagi holat bilan tanishtirib

o‘tishni lozim deb hisoblaymiz.

Jumladan, so‘nggi ikki yilni misol qilib oladigan bo‘lsak,

Respublika bo‘yicha jami 20ta yangi diniy tashkilot davlat

ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 17tasi islomiy, 3tasi esa

xristianlikning turli yo‘nalishlariga taalluqli bo‘lgan diniy

tashkilotlardir. Bu holat yuqorida aytib o‘tilganidek, hech bir

dinning boshqasidan ustun qo‘yilmasligi, har biriga bo‘lgan

munosabat bir xilligidan dalolat beradi.

Shu o‘rinda alohida ta'kidlab o‘tish joizki, Vazirlar Mahkamasining

2018 yil 31 maydagi 409-sonli qarori bilan yurtimizda diniy

tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda qator yengilliklar

belgilab berilgan.

To‘g‘ri, olib borilayotgan turli xil so‘rovlar natijalariga ko‘ra,

bugungi kunda yurtimizning deyarli balog‘at yoshiga yetgan barcha aholisi

tegishli diniy tashkilotlar tomonidan qamrab olingan. Lekin, shunga

qaramay, dindorlardan kelib tushayotgan murojaatlar ko‘rib chiqilishi,

hududlarda yana yangi diniy tashkilotlarga bo‘lgan ehtiyoj doimiy

ravishda o‘rganib kelinmoqda.

Yuqorida bayon etilgan fikrlarning barchasi yurtimizda dinlararo

bag‘rikenglik va millatlaro totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab

avaylash, shuning bilan birga, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi

mavqeyini mustahkamlash hamda xalqaro munosabatlarni kuchaytirish

yo‘lida olib borilayotgan keng qamrovli ishlarning debochasi deb atasa

ham bo‘ladi.

Zafarbek Solijonov suhbatlashdi

Top