8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

17:20 / 04.06.2019 25274

Abdulla Aripov: g‘ishtning o‘rniga gazobeton, penobeton ishlab chiqarishni kengaytirish kerak

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov farg‘onalik tadbirkorlar bilan uchrashuv chog‘ida yaqin orada mamlakatda g‘isht ishlab chiqarish to‘xtatilishini ma'lum qilgan. 

Kun.uz manbasining xabar berishicha, Bosh vazirning Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tadbirkorlar bilan uchrashuvi vaqtida tadbirkorlardan biri pishiq g‘ishtni eksport qilish, ishlab chiqarish quvvatini oshirish uchun qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etilishida amaliy yordam so‘ragan.

Hukumat rahbari bunga javoban tadbirkorlarga yuzlanib yaqin orada mamlakatda g‘isht ishlab chiqarish to‘xtatilishini ma'lum qilgan va bunga izoh bergan.

«Fursatdan foydalanib tadbirkorlarga shuni aytmoqchimanki, g‘isht ishlab chiqarishga zo‘r beravermanglar. Yaqin orada mamlakatda g‘isht ishlab chiqarish to‘xtatiladi. Buning tabiiy va iqtisodiy zarari ko‘p. Tuproqni qayta tiklab bo‘lmaydi. Yerning unumdorligi pasayib ketadi. Gaz sarfi katta. Ekologiya va atrof-muhitga salbiy ta'siri yuqori. Sobiq ittifoq mamlakatlaridan tashqari, ko‘plab davlatlar, xususan, Yevropa davlatlarida g‘isht ishlab chiqarishdan allaqachon voz kechishgan. Buning o‘rniga gazobeton, penobeton ishlab chiqarishni kengaytirish kerak. Imoratimiz sifatli bo‘ladi. Uyning haroratini me'yorda saqlaydi. Qulay tomonlari ko‘p. Agar siz gazobeton, penobeton ishlab chiqaraman desangiz, yordam berishga tayyorman», degan hukumat rahbari.

Ma'lumot uchun, Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan uchrashuvda jami 17 murojaat qabul qilingan. Shundan 9 tasi joyida o‘z yechimi topgan bo‘lsa, 5 tasiga yo‘nalish va tavsiyalar ko‘rsatilgan, 3 tasini hal etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

 

Top