12:55 / 04.06.2019
16378

Grizmann ahmoqona vaziyatda. Uning may oyidagi bayonoti xato edimi?

Foto: David S. Bustamante/Soccrates/Getty Images

Bugungi kunda Grizmann - jahonning eng yaxshi hujumchilaridan biridir. U ko‘p gol uradi, to‘psiz holatda ham jamoa uchun o‘ynaydi, deyarli jarohat olmaydi, jahon chempioni - uning chiroyli tabassumi nufuzli jurnallarni bezaydi. Nihoyati u hali 28 yoshda va hali yuqori formada o‘ynashda davom etadi.

Bu hujumchini ko‘p vaqtdan buyon «Barselona» jiddiy kuzatmoqda. Bir necha yildan buyon ispan nashrlari transfer amalga oshishi haqida yozib kelishadi. 2017 yil yozidayoq fransiyalik futbolchi «Atletiko»dan «Barsa»ga o‘tayotgani haqida shov-shuvli xabarlar berilgandi. Bu xabarlar «Grizmann ishi»ga aylanib ketgan, Madrid klubi kataloniyaliklarni klubni aylanib o‘tib, futbolchining o‘zi bilan muzokara o‘tkazishda ayblagan va «Barselona»ga sanksiyalar qo‘llashni talab etgandi.

2018 yil yozida esa Jyerar Pikega tegishli Kosmos Studios firmasi Grizmann uchun hujjatli film ishladi. «Qaror» nomli kartinaning birinchi qismida Antuan «Barselona»ning taklifini ko‘rib chiqayotgani haqida aytiladi.

Ammo film yakunida hujumchi kataloniyaliklar taklifini rad qilishi bilan yakunlanadi. O‘shanda futbolchi transferlar taqiqiga uchragan Madrid klubiga yordam berishga qaror qilgandi. «Barselona» esa uning qaroridan qattiq xafa bo‘ldi. Ispan nashrlari ma'lumotiga ko‘ra, «Atletiko» uni tarkibda saqlab qolish uchun yiliga 20 million yevrolik shartnoma taklif qilgandi - bu «Atletiko»dagi eng katta maosh edi. «Barselona»ning taklifi esa 17 million yevrolik bo‘lgandi.

O‘shanda Grizmann shunday holatda qolgandiki, undan «Atletiko»dagilar ham, «Barselona»dagilar ham norozi bo‘lib qolishgandi. Kataloniyaliklar uning filmdagi beqarorligi va rad javobi uchun ayblashdi, «Atletiko» muxlislari esa futbolchini maoshini ko‘tarib olish uchun rol o‘ynashda va mavsumning birinchi qismini barbod qilishda ayblashdi. O‘shanda Grizmann mavsum startidagi 14 turda atigi 3 gol urdi - u barcha o‘yinlarda boshlang‘ich tarkibda harakat qilgandi (shu bilan birga u barcha turnirlar doirasidagi barcha 21 o‘yinda 15 gol urgandi).

2019 yilning 14 mayida «Atletiko» rasmiy saytida muhim yangilik paydo bo‘ldi. Unda Grizmann klub rahbariyatini «Atletiko»dagi 5 yillik faoliyatdan keyin klubni tark etishi va yangi mavsumda boshqa klubda to‘p surishi haqida xabardor qilgani aytilgandi. Ko‘rinishidan Grizmanning kelajagi masalasi aniqdek edi. Ammo barchasi bir tekisda rivojlanmadi. Mavsum yakunlandi, ammo «Barselona» uning transferi haqida ma'lumot bermadi. Lekin turli mish-mishlar tarqalmoqda. Masalan, Xavidan. U o‘z izohida fransiyalik futbolchi transferi borasidagi «muammo» haqida gapirdi.

«U o‘tgan yilda qilgan ish odamni xafa qiladi. «Barsa» futbolchilari uni o‘tgan yilgi ishi tufayli ko‘rishni istamayapti, men esa buning o‘rniga u bilan gaplashib, undan jamoa uchun nima bera olishini so‘ragan bo‘lardim. Uning transferini kim istamoqda? Prezidentmi? Murabbiymi? Agar men «Barselona»ni shug‘ullantirganimda men transfer bo‘yicha oxirgi so‘zni o‘zimda qoldirgan bo‘lardim. Agar Valverde ham uni klubda ko‘rishni istamayotgan bo‘lsa boshqa gap»

Ispaniyadagi eng nufuzli nashrlardan biri bo‘lmish Marca ma'lumotiga ko‘ra, «Barselona» futbolchilari o‘tgan yili transferni barbod qilgani uchun Grizmanning kelishini istashmayapti. Uning 2018 yil noyabrida bergan intervyusi ham kataloniyaliklarda unga ishonchsizlik paydo qilgan bo‘lishi mumkin. U Canal+ telekanali uchun bergan intervyusida «Barselona» taklifini nega rad etganini shunday izohlagandi: «Balki Messining leytenanti rolini bajargim kelmagandir».

Kuchli ibora, to‘g‘rimi? Qaysidir futbolchi jahonning eng yaxshi futbolchisi bilan yonma-yon to‘p surishni orzu qiladi, qaysidir futbolchi esa uning soyasida qolishni istamaydi.

Shu tariqa, Grizmann yana ahmoqona vaziyatga tushib qolgan. «Atletiko» muxlislari unga hushtakbozlik qilishni boshlab yuborishgan. Madrid klubi bilan 2023 yil yoziga qadar shartnomaga ega bo‘lsada, u ketishini e'lon qilib bo‘lgan. Ammo «Barselona»da uni kutishmayapti. Kamida futbolchilar va klub rahbariyatining bir qismi. «Barselona»ning sobiq bosh murabbiyi va prezident maslahatchisi Karles Reshak bu haqda ochiq gapirdi: «Barselona» Grizmann haqida so‘radi. Menga qolsa Grizmanni sotib olmagan bo‘lardim. U Messi bilan bir pozitsiyada o‘ynaydi. Menga qolsa «Barselona»ga munosib boshqa variantlarni qidirardim».

Primeraning eng kutilgan transferi boshqa sabablar bilan ham barbod bo‘lishi mumkin. Jamoada Messi va Suaresdan tashqari hujumda Malkom, Dembele va Koutino ham bor. 4-4-2 sxemasida noqulay vaziyat yuzaga keladi. Agar Grizmanning transferi amalga oshsa, kimdandir xalos bo‘lishga to‘g‘ri keladi.

«Barselona» esa «Ayaks» yetakchisi Frenki de Yong transferi uchun 75 million yevro sarflab bo‘ldi. Hozir kataloniyaliklar amsterdamliklarning boshqa bir yetakchisi Matteys de Ligt uchun da'vogar bo‘lib turibdi. Narxi 60-70 million yevro atrofida bo‘lgan bu 19 yoshli markaziy himoyachi uchun «MYu» ham jiddiy da'vogarlik qilmoqda va bu uning narxini yanada oshiradi. Bundan ko‘rish mumkinki, «Barselona» Grizmanni transfer qilishi ehtimoli yanada kamayadi. Fransiyalik futbolchining «Atletiko» bilan shartnomasiga ko‘ra badal puli 200 million yevro etib belgilangan, ammo 1 iyuldan bu miqdor 120 million yevroga tushadi. Ammo bu ham kam summa emas. Ayniqsa, Koutinoning transferi o‘zini oqlamaganidan keyin kataloniyaliklar pul sarflashda ehtiyotkor bo‘lib qolishgani nazarda tutilsa.

«Atletiko» esa prinsip qilib, Grizmanni asosiy raqobatchisiga osonlik bilan berib yubormaslikka va uni badal pulidan arzonga bermaslikka harakat qilishi tayin.

Top