00:52 / 04.06.2019
13261

Iroqda Fransiyaning 11 fuqarosiga o‘lim jazosi tayinlandi

Foto: AFP

Iroq sudi Fransiyaning IShID bilan aloqadorlikda gumon qilingan 11 fuqarosiga o‘lim jazosi berdi. Bu haqda France 24 telekanali xabar qildi. 

Ta'kidlanishicha, Bag‘dod sudi 3 iyunda Suriyadan Iroqqa o‘tkazilgan 11 fransuzdan oxirgi 2 nafariga o‘lim jazosi hukmini chiqargan. Sudlanuvchilar ushbu hukm yuzasidan 30 kun ichida shikoyat qilishlari mumkin bo‘ladi.

Ta'kidlanishicha, 2018 yil boshidan Iroqda 500 dan ko‘proq xorijlik IShID bilan aloqa uchun turli muddatlarga qamoq va o‘lim jazosiga mahkum qilingan. Biroq ulardan hali biror nafari qatl etilmagan.

Iroq qonunchiligiga ko‘ra, terrorchilik guruhiga qo‘shilganlarga o‘lim jazosi tayinlanishi mumkin. Bunday qaror chiqarilishiga jangovar harakatlarda ishtirok etish shart ham emas.

Bundan avvalroq, 26 mayda Bag‘dod sudi IShIDga a'zo 3 nafar fransuzga o‘lim jazosi chiqargan. Bungacha IShID safiga qo‘shilgan bir necha fransuzga umrbod qamoq jazosi tayinlangan. 

Human Righs Watch huquqni himoyalash xalqaro tashkiloti Iroq sudlarini tez-tez o‘lim jazosi hukmlarini chiqarishi uchun tanqid qilib keladi. 2017-2018 yillarda bunday jazo hukmlari soni 65 tadan 271 tagacha oshgan.

Top