08:49 / 04.06.2019
26843

Kim Chen Inning singlisi 2 oy ko‘rinmagandan keyin ilk bor omma oldida paydo bo‘ldi

Foto: TASS/EPA

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chen omma oldida ko‘rinish berib, Xanoyda o‘tgan AQSh-Shimoliy Koreya sammitidagi muvaffaqiyatsizlik uchun boshqa mansabdor shaxslar bilan birga jazolangani haqidagi gaplarni yo‘qqa chiqardi. 

Foto: KCNA

Kim Yo Chen akasi va boshqa mansabdor shaxslar bilan birga 3 iyunda Pxenyandagi “Birinchi may” stadionida gimnastlar va artistlarning chiqishlarini tomosha qilgan.

O‘z navbatida Janubiy Koreyaning “Ryonxap” axborot agentligining xabar berishicha, Shimoliy Koreya yetakchisi singlisining ismi Shimoliy Koreya OAVda oxirgi marta 1 aprel kuni tilga olingandi. O‘shanda Kim Yo Chen oliy xalq yig‘ini yig‘ilishida ishtirok etgan.

Kim Yo Chen, shuningdek, Rossiya va Shimoliy Koreya yetakchilarining Vladivostokdagi sammitida ko‘rinmagan, vaholanki u akasining xorijiy safarlarda unga muntazam ravishda hamrohlik qilgan.

3 iyunda Koreya markaziy telegraf agentligi 3 iyundagi tadbirda Shimoliy Koreya yetakchisining birinchi o‘rinbosari Kim Yen Chxol ham paydo bo‘lganini ma'lum qilgan. Vaholanki, o‘tgan hafta Janubiy Koreyaning Chosun Ilbo nashri nomini ma'lum qilmagan manbaga tayanib Kim Yen Chxol Xanoydagi muvaffaqiyatsiz sammitdan keyin surgun qilinganini ma'lum qilgan. Shuningdek, Shimoliy Koreya tashqi ishlar vazirligining sammitda ishtirok etgan 5 amaldori, jumladan AQSh ishlari bo‘yicha maxsus vakil Kim Xek Chxol qatl etilgani xabar qilingan

Fevral oxirida Vetnam poytaxti Xanoyda Shimoliy Koreya va AQSh o‘rtasidagi ikkinchi sammit bo‘lib o‘tgan. Biroq u muddatdan avval hech qanday kelishuvlarsiz yakunlangan. Bunga esa Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalar sabab bo‘lgan. Tramp sammitdan keyin Shimoliy Koreya sanksiyalarning to‘liq bekor qilinishini talab qilganini ma'lum qilgan. Bu orada Shimoliy Koreya tashqi ishlar vazirligi Pxenyan sanksiyalarning qisman bekor qilinishini so‘raganini ta'kidlab o‘tgan. 

Mavzuga oid
Top