8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

01:04 / 04.06.2019 27205

Shayx Abdulaziz Mansur: «Ixlosmand xalqimiz hayit masalasida xavotirlanmasligi kerak»

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda Ramazon hayiti 5 iyun kuni deb e'lon qilingan. Musulmonlar idorasining hayit namozi o‘qiladigan vaqtlari bildirib o‘tildi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 may kuni Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Saudiya Arabistoni, Turkiya, Rossiya kabi davlatlarda Ramazon hayiti ertaga — 4 iyun kuni nishonlanishi haqidagi xabarlar tarqaldi. O‘z-o‘zidan, bu kabi davlatlarda Ramazon oyi ro‘zasi 29 kun tutilib, Shavvol oyiga o‘tilmoqda.

Hamyurtlarimiz orasida «hayit kuni biz ham ro‘za tutmasak bo‘ladimi yoki ro‘zani 30 kun tutishimiz kerakmi?» kabi ixtilofli savollar paydo bo‘lmoqda. Shu sababli O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur Kun.uz muxbirining bu boradagi savollariga javob qaytardi.

«Bismillahir rohmanir rohiym.

Saudiya Arabistonida ertaga hayit deb e'lon qilinganidan ko‘pchilik xabar topdi. Biz O‘zbekistonda ertadan keyin — 5 iyunda hayit bo‘lishini e'lon qilganmiz.

«Saudiya Arabistoni bilan bir kun farq qilayapti. Buni qanday tushunish kerak?» degan savollar paydo bo‘lishi tabiiy.

Bu holni to‘g‘ri tushunish kerak, chunki bu birinchi bor ro‘y bermayapti. Saudiya Arabistoni va bizning mintaqamiz — jumladan, O‘zbekistonga qo‘shni respublikalar hayit kunlarini yoki Ramazon oyining birinchi kunini belgilash masalalarida kamdan-kam holatda bir xillik kuzatiladi. Chunki har bir joyda hilolning ko‘rinishi, ob-havosi har xil.

Payg‘ambarimiz (sallolohu alayhi va sallam) hadisi shariflarida ertaga boshlanadigan oyning hiloli bugun shomdan keyin ko‘rinishiga nisbat berib, «o‘sha hilolni ko‘rib ro‘zani boshlanglar, ro‘zaning oxirida ham Shavvol oyining hilolini ko‘rib hayit qilinglar», deganlar. Butun Islom olamida mana shu hadisga amal qilib kelinadi. Shularning qatorida bizning yurtimizda ham, qo‘shni respublikalarda ham.

Lekin bitta farqi borki, bizga nisbatan g‘arbroqda va issiq mintaqada joylashgan Saudiya Arabistonida quyosh botganidan so‘ng hilolning ko‘rinishi yaqqol namoyon bo‘ladi, ya'ni ufq kamdan-kam bulutli bo‘ladi va hilolni ko‘rish mumkin bo‘ladi. Shuning uchun hilol ko‘ringach, ramazonning bir kuni Sha'bon oyiga o‘tkazilib, ro‘za 29 kun tutilaveradi.

Bizda hech tarixda Ramazon oyining birinchi kunining hiloli ko‘rinishi uchramagan. Doim Quyosh botadigan g‘arb tomon bulut bo‘lib, hilol ko‘zga tashlanmagan, ikkinchi kuni yaqqol ko‘ringan. Lekin bu yil hisobimizda Saudiya Arabistoni bilan bir xil boshlandi.

Yana shuni bilib qo‘yish kerakki, Ramazon oyi ro‘zasi doimiy ravishda 30 kun tutilmaydi. Bir yil 30 kuni, boshqi yili 29 kun, ayrim yillarda hatto 28 kun tutilgan paytlar ham bo‘lgan.

Janob payg‘ambarimiz (sallolohu alayhi vasallam) gohida 29 kun, gohida 30 kun tutganlari to‘g‘risida sahih hadislarda kelgan.

Shuning uchun Saudiya Arabistonining bizdan bir kun ilgari hayitni e'lon qilganidan hech qanday shubha qilmaslik kerak. Chunki Ramazon oyining boshlanishi va hayit kunlarini belgilashda biz o‘zimizning an'analarimizga ko‘ra qadimdan taqvimga amal qilib kelganmiz. Shuning uchun har yili Saudiya bilan bir kunga to‘g‘ri kelib qoladi yo bir kun farq qiladi. Bu tabiiy narsa. Bundan hech qanday hayajonga tushib, shubhalanish kerakmas.

Biz ko‘pchilikni hayajonga tushmasligi uchun yana bir kunni Alloh uchun ro‘zani 29 kunda to‘xtatmay, 30 kun tutib qo‘yishimiz kerak. Bu taqvimimizga ham to‘g‘ri keladi. Axir biz ro‘zani kam tutib qo‘yayotganimiz yo‘q-ku?

Xalqimiz ixlos-e'tiqodli xalq, qadimdan ota-bobolarimiz, katta ulamolarimiz mana shunday hisob bilan Ramazon oyini kutib olib kuzatishgan. Shuning uchun men ixlosmand xalqimizga yana bir bor murojaat qilaman: bu borada ikkilanib, xavotirlanib, shubha-gumonlarga borish shart emas, hammasi to‘g‘ri, inshaalloh Allohu taolo bizning tutgan ro‘zalarimizni ham hisobga oladi.

Vallohu a'lam».

Top