08:48 / 06.06.2019
6060
AQShda shifokor 25 bemorning o‘limida ayblandi
Foto: pixabay.com

AQShda intensiv davolanish bo‘limi shifokori 25 bemorni o‘ldirish ayblovi bilan hibsga olindi. U bemorlar organizmiga og‘riqsizlantiruvchi vositaning haddan ziyod katta dozalarini kiritgan. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar berdi. 

43 yoshli Uilyam Xyuzel o‘zini aybdor deb tan olmagan va sudya uning sudgacha ozodlikka chiqarilishi uchun million dollar garov puli belgilagan.

Tergovning ko‘rsatishicha, o‘lganlardan ko‘pchiligi mustaqil nafas ololmagan va palliativ yordam olgan. Biroq ba'zi bemorlarning ahvolini yaxshilash mumkin bo‘lgan. O‘limlar 2015 yildan 2018 yilgacha oraliqda qayd qilingan.

Xyuzel 2018 yil dekabrida 5 yil davomida ishlagan Maunt-Karmel shifoxonasidan bo‘shatilgan va tibbiy litsenziyadan mahrum etilgan.

Shifokor advokatining aytishicha, uning mijozida hech kimni o‘ldirish istagi bo‘lmagan va u “rahmdillik” nuqtai nazaridan harakat qilgan.

Shifokor va shifoxonaga qarshi 20 dan ko‘proq sud arizalari topshirilgan. Shifoxona ushbu holatlar uchun uzr so‘ragan va ularning ba'zilarini yuz minglab dollar to‘lab hal qilgan.

Ma'lum qilinishicha, ba'zi qotilliklar Xyuzelning topshirig‘iga ko‘ra boshqa shifokorlar tomonidan amalga oshirilgan. Biroq prokuratura Xyuzelning topshiriqlarini bajargan va uning shubhali harakatlariga e'tibor qaratishi kerak bo‘lgan ushbu xodimlarga qarshi ayblovlar bildirmoqchi emas. Ta'kidlanishicha, ushbu ish bo‘yicha tergov davom etmoqda.

Top