11:40 / 06.06.2019
9532

Davlat organlarida mehnat huquqingiz buzilayotgan bo‘lsa, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga murojaat qilish mumkin

Siz davlat idorasida ishlasangiz va qonuniy huquqlaringiz buzilayapti, deb hisoblasangiz, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga murojaat qilishingiz mumkin. Vazirlik, shikoyatni o‘rganib chiqib, kerakli choralarni qo‘llashini bildirdi. Biroq, vazirlik rahbari Sherzod Qudbiyevga ko‘ra, shu kungacha vazirlikka davlat idorasi yoki xodimidan o‘zlarining mehnat huquqi buzilayotganiga doir birorta shikoyat kelib tushmagan. 

Sherzod Qudbiyev Kun.uz muxbirining «davlat organlarida ish beruvchi va xizmatchi o‘rtasidagi mehnat munosabatlari qachon tartibga solinadi? Ya'ni, ko‘p hollarda, biz bilan suhbatlashgan davlat xizmatchilari ishdan charchaganlikdan, belgilangan me'yordan haddan ortiqcha ishlayotganlaridan nolishmoqda. Misol uchun deylik, hokimlarning ham dam olishga, shaxsiy hayoti bo‘lishiga haqi bor», - degan savoliga quyidagicha javob berdi.   

«Ish tartibi borasida mutlaqo haqsiz. Bilasizmi biz boshqa hamkasblar bilan ham bu masalani tartibga solish bo‘yicha...(fikr almashamiz, muhokama qilamiz – tahr.). Butun dunyoda davlat organlari va davlat xizmatini muvofiqlashtiruvchi organ bor. Bizda ham davlat dasturi doirasida uning loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Adliya vazirligi bilan birgalikda qonun loyihasini ishlab chiqib, Prezident administratsiyasiga topshirganmiz. 

Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilishi kerak. Bu agentlik davlat xizmatlarini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi davlat xizmatini muvofiqlashtiruvchi organ emas. Biz bandlik va mehnat munosabatlarini muvofiqlashtiramiz. Mehnat munosabatlari deganda ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabat tushuniladi. Bizga qachonki shu masalada ish beruvchi yoxud xodim tomonidan murojaat kelib tushsagina e'tibor qaratamiz. Hozircha, vazirlikka birorta davlat organi yoki xodimlaridan “bizning huquqimiz poymol bo‘lmoqda” degan murojaat kelib tushmagan. Agar shikoyat kelib tushsa va tasdiqlansa, o‘sha davlat organi rahbari qonunchilikda belgilangan tartibda jazoga tortiladi». 

Shu o‘rinda, vazirning «birorta murojaat tushmadi», degan fikriga bir taklifni ilgari surishni maqsadga muvofiq va foydali deb o‘ylayman. Aslida bu rivojlangan mamlakatlardagi mavjud amaliyot. Ya'ni ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi munosabatni aniqlash, xodimlarning o‘z ishlari va tashkilotdagi muhit va munosabatdan qoniqish hosil qilayotgani yoki yo‘qligini bilish juda ham oson. Buning uchun shikoyat kelib tushishini kutish shart emas, nazarimda. 

Davlat mehnat inspeksiyasi tanlangan davlat idorasida anonim tarzda so‘rov o‘tkazishi lozim va uning natijasi bo‘yicha ish yuritishi, kerakli choralarni ko‘rishi, davlat idorasi rahbariyatiga mehnat munosabatlarini qonunda belgilangan tartibga keltirish xususida tushuntirishlar berishi yoki lozim bo‘lganda choralar ko‘rishi yaxshi samara bergan bo‘lar edi. Bundan tashqari, bu kabi so‘rovlarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalar va innovatsion yechimlardan foydalangan holda onlayn tarzda muntazam o‘tkazib turish yaxshi natija beradi. 

Kun.uz muxbirining vazir diqqatini qaratgan ikkinchi masala dam olish yoki ish vaqti rasman tugaganidan keyin majlislar, turli yig‘ilishlar o‘tkazish mavzusi bo‘ldi. Sir emas, ko‘p hollarda, biror idora yoki tashkilot rahbari ish vaqti tugaganidan so‘ng, soat kechki 9da yoki 10da majlis chaqirib, bir necha davom etadi. Majlislarni qisqartirish borasida hukumat qarori borligiga qaramay, muammo barham topmayapti. 

«Majlislar o‘tkazilishini biz, albatta, monitoring qilib boramiz. Ish beruvchining majlis o‘tkazishga huquqi bor, ammo xodimga ishda qolgan qo‘shimcha soatlari uchun qo‘shimcha haq to‘lashi yoki boshqa kunda kelishilgan holda dam berishi lozim. Umuman olganda, majlisni ish vaqtidan keyin belgilash juda ham noto‘g‘ri. Buni davlat rahbari ham, hukumat rahbari ham juda ko‘p bor takrorlaganlar. Shunga qaramay, bunaqa holatlar kuzatilyapti. Bizning kamchiligimiz e'tibor bermaganimizdir. Buni tuzatamiz», - deya ta'kidladi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri.

Ta'kidlash o‘rinliki, vazir shu joyning o‘zida o‘rinbosariga barcha mahalliy hokimiyat organlariga ish vaqtidan keyin majlis o‘tkazish taqiqlanishi to‘g‘risida ogohlantirish yuborish vazifasini topshirdi. Ishonamizki, ushbu masala ham tez orada o‘zining ijobiy yechimini topadi. Chunki, davlat xizmatchisi o‘z vaqtida dam olmas, shaxsiy hayotidan bahra olmay ishlar ekan, uning mehnatida samara bo‘lmaydi. Aksincha, yo‘qotayotgan asab va dam olish vaqtlarining o‘rnini boshqa narsa bilan to‘ldirishga urinishi mumkin. Davlat idorasi xodimlari o‘z vaqtida dam olmas ekan, o‘sha tashkilotda korrupsiya, davlat mulkini talon-toroj qilish, mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish urchimasligiga, vazifani sidqidildan, mas'uliyat bilan bajarishiga hech kim kafolat bermaydi. 

Top