17:10 / 06.06.2019
21379
Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentdagi ovqatdan zaharlanish holati bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentdagi ommaviy ovqatdan zaharlanish hodisasi bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlar berib, bemorlarning ahvoli yaxshilanib borayotganini ma'lum qildi.

«4 iyun kuni soat 17:00dan 6 iyun soat 17:00ga qadar O‘zR SSV Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti (O‘zRSSV EMYuKITI) shifoxonasiga 12 nafar, Toshkent shahar 5-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 2 nafar va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 1 nafar, jami 15 nafar bemor ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh og‘rishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasida og‘riq, tana haroratining ko‘tarilishi kabi shikoyatlar bilan murojaat qilgan.

Bemorlarning 11 nafari ayol (shundan 3 nafari 2009, 2012 va 2014 yillarda tug‘ilgan qiz bolalar) va 4 nafari erkak. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, «Ovqat toksikoinfeksiyasi» birlamchi tashxisi bilan shifoxonalarga yotqizilgan.

Shifokorlarning samarali davolash muolajalaridan so‘ng bemorlarning ahvoli yaxshilanmoqda», Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining Kun.uz’ga bergan xabarida.

Bundan avvalroq, vazirlik Toshkentda 15 kishi ovqatdan zaharlangani va ularning 3 nafarining ahvoli og‘irligi, ular Toshkentning Sergeli tumanidagi «Oqtepa lavash» umumiy ovqatlanish shoxobchasida tovuqli sendvichini iste'mol qilish oqibatida o‘zini noxush sezib, shifokorlarga murojaat qilgani haqida xabar bergandi.

Top