18:00 / 06.06.2019
9686

Vazir: Xorijga ishlashga ketmoqchi bo‘lganlarning o‘zlari ham hushyor bo‘lishlari kerak

Foto: KUN.UZ

Xorijiy mamlakatlarda mehnat qilish maqsadida xususiy bandlik agentliklariga (XBA) murojaat qilayotgan fuqarolarning o‘zlari ham firibgarlar yoki boshqa g‘arazli kishilar tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun hushyor va ehtiyot bo‘lishlari lozim. Qolaversa, ular Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi litsenziyasiga ega bo‘lgan firmalar bilan hamkorlik qilishi maqsadga muvofiq. Vazirlik rahbari Sherzod Qudbiyev Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda Kun.uz muxbiriga shularni ma'lum qildi. Savol esa quyidagicha bo‘lgan edi:

Xususiy bandlik agentliklari haqida. Aksar firmalar shartnoma shartlarini bajarishni 4-8 oy sifatida belgilagan. Aytaylik, g‘araz niyatli kishi XBA ochib, ming kishidan katta miqdorda pul oldi. Xususan, Germaniyaga yuborish ayrim agentliklarda 36 mln so‘m atrofida, shartnoma shartini bajarish muddati 4-8 oy orasida belgilangan. Agentlik rahbari yetti oy o‘tgach, mablag‘larni (1000*36000000=36 mlrd so‘m) olib xorijga chiqib ketdi. Bunda firibgarlik jinoyati sodir etilgan bo‘ladi va ijtimoiy muammo kelib chiqadi. Shu kabi holatlar ro‘y bermasligi qanchalik kafolatlangan?

«Xususiy bandlik agentliklari, firibgarlik jinoyatlari xususida. Bilasizmi, bu masalada juda ko‘p deputatlarimiz bilan bahs-munozaralar bo‘lgan. Birinchidan, fuqarolarning o‘zlari ehtiyot bo‘lishlari kerak. Ikkinchidan, faqatgina Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan berilgan litsenziyaga ega tashkilot bilan hamkorlik qilishi lozim. Saytimizda qaysi agentliklar litsenziyaga egaligini bilib olish mumkin. 

Bundan tashqari, litsenziya berishdan avval 50 ming AQSh dollari (50000 dollar*8485,91=424 mln 295 ming 500 so‘m) ekvivalentida mablag‘ni markazlashtiramiz va uni saqlab turamiz. Mabodo, XBA yuborgan fuqaro bilan biror muammo chiqsa, ushbu mablag‘ orqali masala hal etiladi. Shu sababli fuqarolar faolroq bo‘lishsa, mingta odamning pulini yig‘ib xorijga ketib qolmasdanoq muammoning oldini olish mumkin bo‘ladi. 

Hozircha, 2-3ta shunga o‘xshash tushunmovchilik kuzatildi. Biz o‘z vaqtida o‘sha agentliklar rahbariyatini ogohlantirdik. Ular chora ko‘rishdi va muammo barham topdi», - dedi Sherzod Qudbiyev.

Top