8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

20:27 / 07.06.2019 5027

Gretsiya poytaxtida ilk masjid qurildi

Gretsiya poytaxti Afinada mamlakat mustaqilligi e'lon qilingandan keyin ilk masjid bunyod etildi. 7 iyun, juma kuni Gretsiyaning ta'lim va din ishlari bo‘yicha vaziri Kostas Gavro‘g‘lu masjidda borayotgan ishlar haqida ma'lumot olish uchun u yerga tashrif buyurgan.

“Bu davlatimiz uchun muhim kundir, chunki ko‘plab qarshiliklar va to‘sqinliklardan keyin musulmon fuqarolarimiz, mamlakatga muhojir yoki qochqin bo‘lib kelganlar, unga tashrif buyuruvchilar uchun masjid qurishga muvaffaq bo‘ldik”, deb aytgan Gavro‘g‘lu.

Vazir masjidda ilk ibodat qachon o‘tkazilishi haqidagi savolga bu sentyabrda yuz berishi, biroq 16 avgustda ham bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Gavro‘g‘luning baholashicha, mamlakatda musulmonlar Gretsiya fuqarolari, migrantlar, qochqinlar va mamlakatga keluvchi odamlarni qo‘shib hisoblaganda 150 mingdan 200 minggacha kishini tashkil qiladi.  

“Bugun orzu ushaldi. Grek musulmon jamoasi masjidni ancha yillardan beri kutmoqda. Biz musulmonlarda ibodat uchun munosib joy paydo bo‘lishidan xursandmiz va uning qachon ishga tushishi vaqt masalasidir”, deb qo‘shimcha qilgan vazir.

Amaldorning ta'kidlashicha, xavfsizlik borasida “zarracha ham muammo bo‘lmaydi”. “Grek jamiyati turli dinlarga sabr-toqatlidir. Biror munosabat yoki qo‘rquv haqida o‘ylash noto‘g‘ridir”, deb ta'kidlab o‘tgan Gavro‘g‘lu.

Ta'kidlanishicha, Afina masjidi an'anaviy masjidlarga o‘xshash emas. Jumladan, uning minoralari yo‘q. Unga kiraverishda esa grek va ingliz tillarida “Gretsiya davlati. Ta'lim, fan va din ishlari vazirligi. Afina islom masjidi” degan yozuv joylashtirilgan.

Afina Yevropa davlatlari poytaxtlari orasida masjidga ega bo‘lmagan oxirgi poytaxt bo‘lib qolayotgandi. Gretsiya 1832 yilda Usmon imperiyasidan mustaqillikni e'lon qilgandan keyin Afinada masjid qurilishiga ruxsat berilmagan. Biroq 2013 yilda hukumat Votanikos tumanida masjid qurilishiga bir million yevroga yaqin mablag‘ ajratilishini ma'qullagan. Qurilish mahalliy aholining noroziligiga qaramay borgan.

Top