8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

13:10 / 08.06.2019 11299

«Asl haqiqatni anglaylik...» – «Vaqf» fondi atrofidagi gap-so‘zlarga munosabat

Ӯzbekiston musulmonlar idorasining Andijon viloyati vakilligi xodimi Nurillo Qodirov oxirgi vaqtlarda «Vaqf» fondi atrofida urchiyotgan turli gap-so‘zlarga o‘z munosabatini bildirdi. Quyida uning fikrlari aks etgan maqola to‘la holda keltirib o‘tiladi.

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Vaqf” fondi tomonidan ro‘yobga chiqarilayotgan xayrli ishlar qolib, asossiz xabarlar, turgan-bitgani bo‘htondan iborat iddaolar keng tarqalmoqda. “Malibu-2” voqeasi, o‘qituvchilardan go‘yoki 50 ming so‘mdan majburiy pul undirilayotganligi bilan bog‘liq maqolalarni bir eslang. Nima emish, endi masjidlar tomonidan hayit namozida aholi bergan xayr-ehson pullari “Vaqf” fondiga to‘laligicha o‘tkazilib, masjid xarajatlariga, bu yerdagi hovli supuruvchi-yu qorovullarga xizmat haqi berilmayotgan ekan. Yo-piray, lof ham evi bilan-da?!

Dunyoning ishlari qiziq! “Vaqf” fondi tashkil topmay turib, masjidga hayit namozida tushgan mablag‘ning 60 foizi O‘zbekiston musulmonlari idorasiga o‘tkazilayotgan va masjid hay'ati tomonidan tasarruf etilayotgan vaqtlarda qayerda edi o‘sha arzgo‘ylar? Axir o‘sha paytlar barcha pullar hay'at tomonidan tasarruf etilib, masjid xarajatlari va boshqa chiqimlarga noqonuniy ravishda pul olinib, qolgan qismining hisobidan 60 foizi idoraga o‘tkazilgan kezlarda bunday norozichiliklar bo‘lmagan-ku. Qaytanga, ayni pallada masjidlarning daromadi avvalgi yillarga nisbatan ikki hissa ko‘p – endilikda xodimlarga avvalgidek noqonuniy yo‘l bilan emas, qonunan ish haqlari to‘lanmoqda. Masjidning boshqa xarajatlari uchun ajratilayotgan mablag‘lar ham xuddi shu yo‘sinda – ochiq-oshkora yo‘naltirilayotir.

Bilganlar aytsin - masjidlardan tushayotgan tushumlardan xodimlarga maosh, mukofot yoki moddiy yordam hamda boshqa xarajatlar (deylik, kommunal to‘lovlar) uchun har oy imom-xatib tomonidan talabnoma asosida chiqilsa, “Vaqf” fondi tomonidan hech bir e'tirozsiz mavjud ehtiyoj qondirilyapti. Ya'ni har bir harakat tegishli hujjatlar asosida, qonun doirasida olib borilyapti. “Ozodlik”ka arz qilib, dunyoga jar solayotgan ayrim mullalar esa bu haqiqat xususida negadir og‘iz ochmaydilar. 

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, masjidga aholidan kelayotgan mablag‘lar kimlarningdir cho‘ntagini qappaytirish uchun emas, xayr-ehson sifatida berilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, masjidlarning ehtiyoji uchun, yordamga muhtoj, ehtiyojmand hamyurtlarimiz uchun yo‘naltirilmoqda. Bir qismi esa o‘zini o‘zi qoplay olmayotgan masjidlar xodimlariga oylik maosh sifatida ajratilmoqda. Bunday toifadagi masjidlar esa mamlakat  bo‘ylab 800 dan ortiq bo‘lsa, birgina Andijon viloyatining o‘zida 50 ga yaqin masjid o‘zini o‘zi qoplay olmaydi. Yurtimizning chekka tuman va qishloqlarida faoliyat ko‘rsatayotgan, daromadi yo‘q masjidlarda ishlayotgan axli ilm-u imomlarning holini ham o‘ylashi kerakmi axir?

“Masjidga pul qolmayapti, qorovullar, hovli supuruvchilarga pul bera olmayapmiz”, deya dunyoni boshiga kiyayotganlar masalaning mana shu tomonini taroziga solib ko‘rishsa, adolatdan bo‘lar edi. Axir ularga birov “Oylik-maosh berma!” deb taqiq qo‘yayotgani yo‘q. Aytmoqchimizki, ayni paytda xodimlarga oylik maosh ajratish bilan bog‘liq jihatlar mehnat qonunchiligiga ham, masjid nizomiga ham to‘la mos tushadi. 

Masjiddan tushayotgan tushumlar “Vaqf”ga o‘tkazilayotgan bo‘lsa, yuqorida aytganimizdek, buning ortidan qanchadan-qancha nochor imomlar, nochor oilalarning qozoni qaynamoqda. Ayni chog‘da mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan otinoyilarni oylik maosh bilan ta'minlash masalasi ham ko‘rib chiqilmoqdaki, faqat o‘z nafsinigina o‘ylaydigan ayrim “domullo”lar bu xayrli harakatdan boxabar bo‘lsalar, zarar qilmasdi.
Ta'kidlash lozimki, avvalgi yillarda masjidlardan tushgan tushumlarning 75 foizi O‘zbekiston musulmonlar idorasi tomonidan masjidlarga oylik maosh va boshqa xarajatlar uchun yo‘naltirilgan bo‘lsa, bu yil ushbu ishlar “Vaqf” fondi orqali amalga oshirilmoqda.

Shu yil 26-27 yanvar kunlari “Vaqf” fondi tomonidan Andijon viloyatidagi 600 nafar kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ko‘rish va eshitishda hamda xarakatida nuqsoni bor yurtdoshlarimizga qariyb 100 million so‘mdan ziyod moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Fondning viloyat filiali Zakot, fitr va fidya uchun ochilgan hisob raqamiga tushgan mablag‘lar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarga berib borildiki, moddiy yordam olganlarning barchasini nomma-nom sanash “O‘ng qo‘ling berganini chap qo‘ling bilmasin” degan aqidaga to‘g‘ri kelmasa kerak?!  

Umuman, fond faoliyati shariat belgilab bergan talablar asosida olib borilayotganligini ahli mo‘minlar ko‘rib bilib turibdi. Biroq bu holat birovlarning nog‘orasiga o‘ynayotgan, o‘zini musulmon deb bilgan ayrim kimsalarga yoqmayotganligi ajablanarli hol. 

Mavlono Jaloliddin Rumiy hazratlari o‘zining purma'no hikmatlarida shunday deydilar: “Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo, illat izlaganga illatdir dunyo”. Bu yorug‘ dunyoda hikmat izlaganga ne yetsin! Xulosa esa sizdan.

Ӯzbekiston musulmonlar idorasining
Andijon viloyati vakilligi xodimi
Nurillo Qodirov

Teglar

Top