8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

08:47 / 08.06.2019 23862

Jizzaxda bozor ko‘chasidan o‘tgan mashina egalaridan pul talab qilgan zo‘ravonlarga sud hukmi o‘qildi

Illyustrativ foto

Jizzax shahrida yashovchi aka-uka Ch.Davidov va E.Davidovlar (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Ulug‘bek mahallasidagi «Ko‘k bozor» hududida joylashgan E.Bekmurodov ko‘chasidan o‘tgan avtomashinalardan noqonuniy ravishda pul olib keladi.

«Ko‘k bozor» hududida tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi Ya.Q.ni o‘ziga tegishli bo‘lgan «Damas» rusumli avtomashinasida E.Bekmurodov ko‘chasidan chiqib ketayotgan vaqtida Ch.Davidov undan avtomashinasi uchun pul berishni so‘raydi, Ya.Q. unga nima sababdan pul berishi kerakligini so‘rab, pul bermasligini aytganida ular o‘zaro janjallashib qolishadi. Ch.Davidov Ya.Q.ni avtomashinadan tushirib, shu yerga yetib kelgan ukasi E.Davidov bilan haydovchining duch kelgan joyiga urib, tepib, Ch.Davidov qo‘lidagi pichoqni unga tirab, agar pul bermasa pichoqni qorniga tiqib olishni aytib qo‘rqitadi. 

Shunda Ya.Q. Ch.Davidovni itarib yuborishi natijasi Ch.Davidovning qo‘lidagi pichoq Ya.Q.ning qo‘llarini tilib ketadi, bu orada Ya.Q.ning otasi Y.Q. ularni ajratmoqchi bo‘lgan vaqtida Ch.Davidov qo‘lidagi pichoq bilan uning o‘ng qo‘li bilak sohasini tilib yuborib, Y.Q.ga tan jarohati yetkazadi.

Voqea joyiga yetib kelgan aholi ularni ajratib, Ya.Q. olgan tan jarohati natijasida voqea joyiga yetib kelgan tez tibbiy yordam avtomashinasida birinchi yordam olish uchun kasalxona yuboriladi.

Aka-uka Ch. va E. Davidovlarning xatti-harakati yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining raisi R.Orziqulovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, JIB Jizzax shahar sudi tomonidan Ch.Davidov va E.Davidovlarga oid jinoyat ishi qo‘rib chiqildi.

Sudda so‘ralgan sudlanuvchilar, jabrlanuvi va guvohlarning tushuntirishlari va ishda to‘plangan daliliy ashyolar bilan aka-uka Ch. va E. Davidovlar «Ko‘k bozor» yonida joylashgan E.Bekmurodov ko‘chasida ko‘chani ta'mirlaganligini vaj qilib, o‘zboshimchalik bilan avtomashina egalaridan pul talab qilib kelganligi, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, bezorilik qilganligi o‘z tasdig‘ini topdi.

Sudning hukmi bilan aka-uka Ch.Davidov va E.Davidov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 277-moddasi 3-qismining «g» bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, Ch.Davidovga 3 yil 6 oy, E.Davidovga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Ch.Davidovning Jizzax shahar E.Bekmurodov ko‘chasiga kirgan avtomashina egalaridan o‘zboshimchalik bilan pul olganlik holati ma'muriy huquqbuzarlik tariqasida ko‘rish uchun alohida ajratilib, ma'muriy huquqbuzarlikka doir ish qo‘zg‘atish uchun Jizzax shahar prokuroriga yuborildi.

Teglar

Top