8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

01:31 / 08.06.2019 25437

Mesut O‘zilning nikoh to‘yi: Turkiya prezidenti mehmon sifatida va to‘yonalar o‘rniga xayr-ehson

Foto: Anadolu

7 iyunda Istanbulda taniqli futbolchi Mesut O‘zil va uning qallig‘i Omina Gulshening nikoh to‘yi bo‘lib o‘tdi. “Arsenal” futbolchisi to‘yiga faxriy mehmon sifatida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an rafiqasi bilan birga tashrif buyurgan. 

Futbolchining rafiqasi model bo‘lib, shved va turk fuqaroliklariga ega. 

Avvalroq futbolchi va uning qallig‘i nochor oilalarning minglab farzandlarining jarrohlik operatsiyalari pulini to‘lab berishga qaror qilishgani ma'lum bo‘lgandi. O‘zil an'anaviy to‘y sovg‘alarini olmaslikka qaror qilgan va mehmonlardan sovg‘alar o‘rniga turli davlatlardagi bolalarning operatsiyalarini moliyalashtiruvchi BigShoe xayriya tashkilotiga xayr-ehson qilishni iltimos qilgan.

“Muxlislar mendan, yaqinlarim va do‘stlarimdan ertangi to‘yimiz uchun qanday sovg‘alar va tilaklar qilish haqida so‘rashdi. Men professional futbolchiman va o‘zimga to‘qman. Shunga qaramay, men yordam berishni istovchi barchadan qalbimizga yaqin loyihani qo‘llab-quvvatlashni iltimos qilaman. Biz Omina bilan minglab muhtoj bolalarning operatsiyalari uchun sarf-xarajatlarni o‘z zimmamizga olamiz”, deb yozgan O‘zil Instagram’dagi sahifasida.

Avvalroq O‘zil 2014 yilgi jahon chempionatidagi ishtiroki uchun olgan 240 ming funt sterlingni braziliyalik 23 bolaning operatsiyasi uchun sarflagani ma'lum qilingandi.  

Top