8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

12:22 / 08.06.2019 8826

Zudlik bilan onlayndan chiqish uchun 13 sabab

Bugungi kunda smartfonimizdagi turli ilovalar va ijtimoiy tarmoqlar bir qarashda hayotimizni yengillashtiradigandek ko‘rinadi. Biroq insonning aqliy qobiliyati axborotni qabul qilish bilangina cheklanmaydi. Olingan barcha ma'lumotlarni tahlil qilish, xotirada saqlash, ularni ijodkorona g‘oyalarga aylantirish uchun miyaga “foydali bekorchilik” onlari ham zarur. Quyidagi maqolada doimiy onlaynlik, boshqacha qilib aytganda vaqtning ko‘p qismini smartfon bilan o‘tkazish, undagi ilova va ijtimoiy tarmoqlardan ko‘z uzolmaslikning salbiy jihatlari ko‘rsatib o‘tilgan.

Foto: Unsplash

Miyani bo‘shat. Ish juda ko‘p bo‘lsa nima qilish kerak?” kitobida neyropsixiatr Teo Kompernolle rahbarlarni onlayndan voz kechishga chaqiradi. Hech bo‘lmaganda ayrim vaqtlarda onlayn bo‘lmaslik uchun 13 sabab esa quyidagilardan iborat.

1. Doimiy ravishda onlayn bo‘lish – ommaviy aqliy mag‘lubiyat quroli. Intellektual jihatdan samarali bo‘lish uchun diqqat va aql kuchini muayyan vazifaga jamlash lozim. Ana o‘shanda o‘zingizni bir vazifadan boshqasiga o‘tishdan himoya qilgan bo‘lasiz.

2. Doimiy ravishda onlayn bo‘lish sizni doimiy impuls-reaktiv rejimiga olib kiradi. Miyangiz tashabbusni o‘zlashtiradi va siz vaziyatdan kelib chiqadigan, yuzaki – kam o‘ylangan, aniq va optimal bo‘lmagan qarorlar qabul qilishni boshlaysiz.

3. Doimiy onlaynlik axborotni anglash, uni bilim ko‘rinishida qayta ishlash, predmet to‘g‘risidagi to‘liq taassurot, shuningdek shaxsiy g‘oyalarni rivojlantirish kabi ancha murakkab, biroq muhimroq aqliy faoliyatni siqib chiqaradi.

4. Doimiy onlaynlik xodimlarni adxokratlar, tashkilotni esa adxokratiya (lotinchadan ad hoc — «aynan shuning uchun», «maxsus holat bo‘yicha») ga aylantiradi. Vaziyatdan kelib chiqqan, yaxshilab o‘ylanmagan yoki umuman o‘ylanmagan reaksiyalar tanqidiy fikrlash, chuqur tahlil, strategik rejalashtirishni siqib chiqaradi.

5. Doimiy onlaynlik rejimida siz osongina aqliy xatolar va chalkashliklarning qurboniga aylanasiz.

6. Doimiy onlaynlik surunkali ko‘p vazifalilikka olib boradi. Bu esa aqliy unumdorlik, xotira, ijodkorlikni yomonlashtiradi va zo‘riqishni oshiradi.

7. Doimiy onlaynlik – uy, ko‘cha va ishdagi baxsiz hodisalarning tez-tez kuzatiladigan sabablaridan. Smartfonga qaragan vaqtda aqliy fikrni jamlash faqat bitta narsaga e'tibor qarata olgani uchun siz atrofga nisbatan kar va ko‘r bo‘lasiz.

8. Doimiy onlayn bo‘lish axborot ortib ketishiga olib keladi. Miyangizda kiruvchi axborotni qayta ishlash va xotirada saqlash uchun kuch qolmaydi. Natijada yaxshilab o‘ylangan, optimal qarorlarni qabul qila olmaysiz va shaxsiy g‘oyalarni rivojlantirish qobiliyatiga ega bo‘lmaysiz. Bularning bari axborot ortib ketgani borasidagi sub'yektiv hisni ham oshiradi.

9. Doimiy ulanganlik quvvatingizni yeb bitiradi. Cheksiz mikroqarorlar ketma-ketligi (masalan, xabarni o‘chirish kerakmi yoki yo‘q, hozir javob berish kerakmi yoki keyinroq va h.k) quvvatingizni sarflaydi. Mazkur quvvat sarfi muhim qaror qabul qilish kerak bo‘lgan vaqtda sizni eng oddiy, chuqur o‘ylanmagan, impulsiv va nooptimal tanlovni amalga oshirishga majbur qiladi.

10. Doimiy ulanganlik sizni «foydali bekorchilik» davridan mahrum etadi. Bunday davrlar miya uchun zarur. U yetishmaganida miyaga axborotni tartibga solish, xotirada saqlash, arxivga joylashtirish, axborotni nostandart tarzda kombinatsiyalash va shoshilmasdan ijodiy g‘oyalar ustida ishlash uchun hisoblash resurslari yetishmaydi.

Har bir bo‘sh daqiqani smartfonga bag‘ishlab, har qanday tanaffusni axborotni singdirishga sarflab, siz aqlliroq bo‘lib qolmaysiz.

11. Doimiy ulanganlik haqiqiy suhbatlar, munosabatlar, muhokama va uchrashuvlarga zarar keltiradi. Bir tomondan, aql bovar qilmas axborot-kommunikatsion texnologiyalar istalgan vaqtda va joyda xohlagan kishimiz bilan uchrashish imkonini beradi. Boshqa tomondan esa, doimiy onlaynlik real munosabat va muloqot sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

12. Doimiy onlaynlik uchrashuvlar samaradorligiga putur yetkazadi. «Ish kabineti» menejyerlar cho‘ntagida bo‘lganida joriy ishlardan uzoqlashib, kompaniyaga qush balandligidan strategik jihatdan nazar solish mushkul. Natijada ular kompaniya oldidagi istiqbol yoki xatarlarni ko‘ra olmaydigan, nostandart, innovatsion yondashuvlarni topa olmaydigan va jipslashgan boshqaruv jamoasini tashkil etolmaydigan chigirtkalarga aylanib qolishadi.

Va nihoyat, navbat bo‘yicha oxirgi, biroq ahamiyatli bo‘lgan sabab:

13. Doimiy onlayn kishilar o‘z hayotini nazorat qilishdan mahrum bo‘ladi. Smartfon yoki kompyuterdagi xabarnoma haqidagi signalni eshitgach, barcha ishlarini tashlab, virtual olamga singib ketadilar. Virtual olamga qachon kirishni o‘zlari emas, virtual olam hal qiladi. Ular diqqat-eʼtibori bo‘lingan, fikrlash tarzi sodda chigirtkalarga aylanib qolishadi. Ular real olamda hech qachon 100 foiz mavjud bo‘lishmaydi. Ular doimiy charchoq, surunkali zo‘riqish, unumdorlikning pastligi va yuzaki munosabatlardan aziyat chekishadi.

O‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, doimiy onlaynlik samaradorlik belgisi emas. Smartfon, kompyuterdan foydalanganingizda ushbu sabablarni hisobga olasiz degan umiddamiz.

Top