21:46 / 09.06.2019
36291

Samarqandda tramvay yo‘lidan chiqib ketib, avtobusga urildi

8 iyun kuni soat 17:00 larda Samarqand shahrida harakatlanayotgan tramvay yo‘lidan chiqib ketdi. Shaharning Sartepa-Temiryo‘l vokzali yo‘nalishi bo‘ylab qatnovchi 1-tramvay Sartepa massivida o‘z yo‘lidan chiqib ketgan va o‘zi bilan bir yo‘nalishda ketayotgan 4-avtobusga borib urilgan.

Voqea joyidan olingan suratni Kun.uz o‘quvchisi tahririyatga yubordi. Voqea oqibatida jabrlanganlar bo‘lmagani aytilmoqda. Samarqand shahrida ikkita tramvay liniyasi mavjud bo‘lib, ulardan biri aynan Sartepa-Temiryo‘l vokzali yo‘nalishida qatnovchi 1-yo‘nalishdagi tramvay yo‘lidir.

Asosan ko‘p qavatli uylardan iborat va aholi zich joylashgan Sartepa massivida tramvayning boshqa turdagi ulovlar bilan to‘qnashishi birinchi marta sodir bo‘lmayapti. Bungacha ham 1-tramvay avtobus mashina va hatto boshqa bir tramvay bilan urilib ketgandi.

Top