09:30 / 09.06.2019
16755

Samarqanddagi «Yoshlar uyi» narxi nega qimmat bo‘lib ketdi - Uy egalari boshqalar uchun ham to‘laydimi?

Bir guruh yoshlar tomonidan Kun.uz tahririyatiga yuborilgan murojaatda Samarqand shahridagi Navoiy shohko‘chasida qurib bitkazilgan «Yoshlar uyi» masalasida qator muammolarni tilga olishgan.

«Biz 2016 yilda, sobiq «Kamolot» YoIH viloyat kengashi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentyabrdagi «Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta'minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, shakllantirilgan ro‘yxat asosida, yosh oilalar uchun quriladigan arzon uy-joylardan sotib olish huquqiga ega bo‘lgandik. Ushbu uyni qurish bo‘yicha tender 2017 yil 2 martda o‘tkazildi. Unda mazkur uy-joyni 4 qavatli 32ta xonadonga mo‘ljallab 10 oy muddatda qurish belgilangan bo‘lib, qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan 3.770.714.387 so‘m, qo‘shimcha qiymat solig‘isiz esa 3.142.261.989 so‘m ajratilishi aytilgan.

Uyni qurish ishlari 2017 yilda boshlangan bo‘lsa-da, o‘n oyda emas salkam uch yarim yildan keyin 2019 yil mart oyida bitdi. Shu davrgacha bizga, «2017 yil Mustaqillik bayramiga, 2017 yil 8 dekabrga, 2017 yil oxiriga, 2018 yil Navro‘zgacha, Yoshlar kuniga yana 2018 yil 1 sentyabrgacha, 8 dekabrgacha qurilish tugaydi», degan va'dalarni berib kelishdi. Ayni paytda ko‘p qavatli uy to‘rt emas, tushunarsiz sabab bilan besh qavatli qilib qurildi (balki shu sababli kechikkan).

Afsuski, uyning sifati shuncha kutganimizga yarasha bo‘lmadi. Qurilishi uzoq muddat talab qilgan ushbu uyni biz ehtiyojmand oilalar vakillari 3,5 yil kuzatib borganmiz. Qurilishda ishlatilgan armatura kamligi, umuman quruvchi bo‘lmagan kishini xavotirga qo‘yardi. Xavotirimiz bejiz emas ekan.

Biz nazoratchi emasligimizni anglagan holda indamasdan «narxlar ham shunga mos bo‘lsa kerak-da, arzon uy-joy-da», degan andisha bilan yurgandik. Ammo 2019 yil yanvar oyida biz yoshlarni qurilish korxonasi — «Jayxun» MChJning direktori o‘rinbosari bizlarga «Uyning narxi har kvadrat metrga 3.5 mln so‘mdan (!) bo‘ladi» deb shartnoma tutqazganida hafsalamiz pir bo‘ldi. Chunki bu bugungi kunda Samarqand shahrida tijoriy maqsadda qurilayotgan uylarning narxi bilan teng. Hatto ayrim uylar bizning «imtiyozli uy»dan arzon ham.

Holbuki, «Yoshlar uyi» imtiyozli narxlarda berilishi kerak. Qolaversa, biz uchun qurilgan uy sifatini tijoriy uylar sifati bilan solishtirib ham bo‘lmaydi. Muzokaralar, shikoyatlar jarayonida uylar narxi tushish o‘rniga oshib boraverdi — kvadrat metri 3,65 mln so‘mgacha. Hatto mana shu narx bitilgan shartnomani imzolashimiz uchun «Qishloqqurilish bank» hamda qurilish korxonasi vakillari ish joyimizgacha borib bosim o‘tkazib ko‘rishdi», deyiladi yoshlarning murojaatida.

Holatni o‘rganish uchun «Yoshlar uyi»da bo‘ldik. Darhaqiqat endigina foydalanishga topshirilayotgan uyning kirish yo‘laklari sifatsiz, kafellarning bir qismi singan. Bolalar maydonchasidagi arg‘imchoqlar sifatsiz o‘rnatilganidan ishdan chiqqan. Xonadonlarning eshiklari ham sifatsiz. Ayrim xonadonlarda quvurlardan suv tomib turishiga guvoh bo‘ldik. Birorta uyda lampochka o‘rnatilmagan ekan. Uy egalarining o‘zi o‘rnatgan. Ammo yoshlarni qiynayotgan eng asosiy masala — narxlarning qimmat belgilangani bo‘lib turibdi.

Qurilish korxonasi bu uy qurilishi uchun imtiyozli qurilish mahsulotlari ololmagani bilan izohlamoqda. Qolaversa, «Qishloqqurilishbank» tomonidan o‘z vaqtida mablag‘ ololmagani sababli boshqa — viloyat «Ipotekabank»dan mablag‘ olishga to‘g‘ri kelgani alohida ta'kidladi. Uy egalari esa loyihada aslida to‘rt qavatli deb ko‘rsatilgan uyning besh qavatli qilib qurilishi, unga sarflangan mablag‘lar kimning hisobidan qoplanishiga javob so‘ramoqda. Chunki yoshlar uy narxi oshib ketishi sabablaridan birini ana shu omilga bog‘lashmoqda.

«Loyihadagidan farqli ravishda binoga yana bir qavatning qo‘shilishi tegishli tashkilotlar ruxsati bilan amalga oshirilgan, deyishmoqda. Bunga qarshiligimiz yo‘q. Ammo ma'lum bo‘lishicha 40ta xonadondagi 8 uy turli tashkilotlarga xizmat uyi sifatida berilgan. Ular hech qanday to‘lov qilishmagan. Natijada, sun'iy qimmatlikdan tashqari qo‘shimcha sifatida yana 8 uyning og‘irligi ham qolgan 32ta xonadon egalari zimmasiga tushyapti. Biz o‘z uyimizdan tashqari xizmat uylariga ham to‘lov qilamizmi endi?», — deydi xonadon sohiblari.

Viloyat hokimligi vakillari tashabbusi bilan bu masalani chuqur o‘rganish uchun ishchi guruh tuzilishi, ana shu ishchi guruhga narxlardan norozi uy egalari ham a'zo bo‘lishi kelishib olindi. Ammo xonadon egalarining fikricha, yoshlar ishchi guruhga nomigagina a'zo bo‘lib, o‘rganish uchun o‘zlari istagan ma'lumotlarga ega bo‘la olishmagan. Misol uchun, qurilish smetasi, bank bilan quruvchi o‘rtasidagi shartnoma, 5-qavatning qurilishi bo‘yicha ekspertiza xulosasi kabi ma'lumotlarni mutasaddilar «ishchi guruh a'zolari»ga taqdim etmagan.

Joriy yil 4 iyun kuni viloyat hokimligida mas'ullar bilan xonadon egalarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Hamda uylar narxi 1 kvadrat metr uchun 3,25 mln so‘mdan bo‘lishi ma'lum qilindi.

Ayni vaqtda yoshlar narxning atigi 10 foiz pasayganidan norozi bo‘lishmoqda. Chunki, ular, aytaylik, 58 kvadrat metrli uy uchun imtiyozli davrda 1,25 mln so‘mdan, imtiyozli davr tugagach esa salkam ikki baravar oyiga to‘lov qilishlari kerak. Fikrimizcha, yoshlar o‘z uylarining nima sababdan qimmat bo‘lgani sababini bilishlari lozim. Qolaversa, quruvchiga nima sababdan imtiyozli qurilish mahsulotlari berilmaganiga ham aniqlik kiritish lozim. Quruvchining mana shu sabab bilan ko‘rgan zararini aybdorlar qoplab berishsa, ehtimol narxlar ham pasayar?

Xullas, Samarqanddagi yosh xonadon sohiblari qator savollarga javob istamoqda.

Anvar MUSTAFOQULOV,

Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top