9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

22:44 / 10.06.2019 10865

O‘zbekistonning qator hududlarida YeTTBning filiallarini ochish rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 iyun kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati xabar berdi. 

“Uchrashuvda amaliy hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, mamlakatimizda investitsiya loyihalarini va kreditlarni o‘zlashtirishni tezlashtirish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini shakllantirishga ko‘rsatilayotgan ko‘makni kengaytirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi”, deyiladi xabarda.

Suma Chakrabarti Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali sheriklikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va davom ettirish borasida intilishi qat'iy ekanini ta'kidladi.

Xabarda qayd etilishicha, YeTTBning Toshkent shahridagi vakolatxonasi faol ishlamoqda, uning Andijon shahrida va mamlakatimizning boshqa hududlarida filiallarini ochish rejalashtirilgan.

O‘tgan yil oktabr oyida bankning O‘zbekiston bo‘yicha mamlakat strategiyasi qabul qilingandi. YeTTB ekspertlari ko‘magida O‘zbekistonning energetika, bank va moliya sohalari, kapital bozorini rivojlantirish va respublikada raqobat muhitini yaxshilash bo‘yicha islohotlar ishlab chiqilmoqda va amalga oshirilmoqda.

Qiymati jami 600 million dollardan ziyod kredit mablag‘larini jalb etgan holda respublika hududlarida energetik va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha ustuvor investitsiya loyihalari tayyorlanmoqda. Xususiy sektor loyihalariga 100 million dollardan ziyod investitsiya kiritildi.

Bundan tashqari, umumiy qiymati 800 million dollarga yaqin bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga ega istiqbolli dastur va loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Top