15:39 / 10.06.2019
37294

Qozog‘iston saylovdan keyin: Namoyishlar va qo‘lga olishlar davom etmoqda

AP / Scanpix / LETA

Qozog‘iston prezidentligi saylovi natijalaridan norozi bo‘lgan kishilar Olmaotadagi «Astana» maydoniga to‘plandi. Politsiya aksiya ishtirokchilarining 100ga yaqin vakilini qo‘lga oldi.

Hozirda maydon va uning yaqinidagi xiyobon politsiyachilar, maxsus otryadlar jangchilari va Milliy gvardiya harbiylari tomonidan o‘rab olingan. Barcha yo‘nalishlarda patrul mashinalari navbatchilik qilmoqda.

Qo‘lga olinganlardan biri avtobusda o‘z tomirini kesgan.

Politsiyachilarning so‘zlariga ko‘ra, avtobusda olib ketilayotgan ayollardan biri sumkasidan piska olib, vena tomirini kesib yuborgan. Avtobus to‘xtatilgan, tez tibbiy yordam mashinasi chaqirilgan. Ayol hushidan ketgan, u shifoxonaga olib ketilgan.

Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonda ham ommaviy ravishda qo‘lga olish ishlari davom etmoqda. Ayni vaqtda «Jastar» maydoni o‘rab olingan.

9 iyun kuni Qozog‘istonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Bu saylov 2019 yil martida 30 yilga yaqin vaqt davomida mamlakatni boshqargan Nursulton Nazarboyev lavozimini tark etganidan keyin belgilangandi. Uning o‘rniga Qozog‘iston Senati raisi Qosim-Jo‘mart To‘qayev vaqtinchalik prezident sifatida mamlakatni boshqarishga kirishgandi. Hukumatdagi partiya - «Nur Otan» To‘qayevning nomzodini prezidentlik uchun ilgari surdi.

Saylov kuni Olmaota va Nur-Sultonda yuzlab kishilar norozilik namoyishlariga chiqishdi: ular saylov natijalari oldindan ma'lum ekanini iddao qilib, demokratiyaga zid saylovni boykot qilishga chaqirishdi. Qozog‘iston IIV ma'lumotiga ko‘ra, politsiya birinchi kuni mitinglarda qatnashgan 500dan ortiq kishini qo‘lga oldi.

Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, saylovlarda 70 foizdan ortiq ovoz olgan Qosim-Jo‘mart To‘qayev g‘olib chiqdi.

Foto: GETTY IMAGES

YeXHT kuzatuv missiyasi rahbari Georgiy Tsereteli ma'lum qildiki, Qozog‘istondagi prezidentlik saylovlarida erkinlik asoslari buzilishi holatlari qayd etilgan.

«Qayd etish kerakki, kecha yirik shaharlarda o‘tkazilgan tinch namoyishlar huquq-tartibot organlari tomonidan bostirildi va ko‘plab kishilar qo‘lga olindi. Bunday voqealar hukumat mavqeyiga putur yetkazadi, haddan ortiq qattiqqo‘llik mamlakat obro‘siga ta'sir qilishi mumkin», dedi Tsereteli Nur-Sultondagi matbuot anjumani vaqtida.

Vesti.kg ma'lumotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar orasida mahalliy jurnalistlar ham bor. Vlast.kz portalining yozishicha, ushbu nashr operatori Yekaterina Suvorova, «Ozodlik» jurnalisti Petr Trotsenko va politolog Dimash Aljanov qo‘lga olingan.

Vlast.kz nashri 9 iyun kuni poytaxtda va Olmaotada qo‘lga olinganlarning taqdiri noma'lumligicha qolayotganiga e'tibor qaratgan. Huquq tartibot organlari va sud izoh berishdan bosh tortmoqda, huquq faollari va advokatlarga kartina to‘liq ma'lum emas.

Mavzuga oid
Top