20:00 / 11.06.2019
33858
Golunov ishi. IIV rahbari Putindan politsiyaning ikki generalini ishdan bo‘shatishni so‘ramoqchi

«Meduza» jurnalisti Ivan Golunov ishi bilan shug‘ullangan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari xizmat vazifasidan chetlashtirildi. Bu haqda Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev ma'lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, IIV ichki xavfsizlik bo‘linmasi o‘tkazgan tergov natijalari uni qo‘lga olgan politsiya xodimlarining xatti-harakatlariga baho berish uchun Rossiya tergov qo‘mitasiga yuborilgan. Tekshiruv yakunlanguniga qadar politsiya xodimlari xizmat vazifasidan chetlashtirilgan.

Rossiya ichki ishlar vaziri Golunov ishi sababli Putindan politsiyaning ikki generalini ishdan bo‘shatishni so‘ramoqchi.

«Rossiya prezidentidan Ichki ishlar vazirligi Bosh boshqarmasining G‘arbiy ma'muriy okrug bo‘yicha Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i politsiya general mayori Andrey Puchkov va IIVning Moskva bo‘yicha Bosh boshqarmasi Narkotiklar aylanmasi ustidan nazorat bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i politsiya general mayori Yuriy Devyatkinni lavozimidan ozod qilishni so‘rashga qaror qildim», - dedi Kolokolsev.

Avvalroq Vladimir Kolokolsev Ivan Golunov javobgarlikdan ozod qilinishini ma'lum qilgandi.

Kolokolsevning so‘zlariga ko‘ra, jurnalistning aybdorligi isbotlanmagan va unga qarshi jinoiy ish yopilgan. 

Eslatib o‘tamiz, «Meduza»ning maxsus muxbiri, o‘zining o‘tkir jurnalistik tekshiruvlari bilan tanilgan jurnalist Ivan Golunov 6 iyun kuni Moskvada qo‘lga olingan, u katta miqdordagi narkotik moddalar saqlashda ayblangandi. Shundan keyin Moskvada va Rossiyaning boshqa shaharlarida, shuningdek xorijda ham «Meduza» jurnalistini ozod etishni talab qilgan holda ommaviy aksiyalar o‘tkazila boshlandi.

Top